Investitsiya nafasi yetmagan akvarium yoxud hayvonot bog‘i baliqlari qanday yashaydi?
Igna bilan shunchaki yerda surat chiza turib, tuproq ostidan xazina topib olish hech gap emas. Toshkent hayvonot bog‘ida baliqlarning qanday hayot kechirayotgani haqida boshlangan hikoya sirli xazinaga olib borganday go‘yo.
Biz anomal sovuqdan so‘ng hayvonot bog‘iga ushbu omon qolgan baliqlarni ko‘rish, anomal holatdan mutlaqo talafotsiz chiqqan akvarium o‘zi qanday ishlashi haqida tushunchaga ega bo‘lish uchun tashrif buyurdik.
Havo hali salqin bo‘lganligi sabablimi, hayvonot bog‘i u qadar odamlar bilan to‘la emas. Ichkariga kiraverishda ikkinchi pavilion akvariumga olib boradi.
Hayvonot bog‘ining yangi egasi kim?
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, O‘zVMning 2019-yil dekabr oyidagi qaroriga ko‘ra, «Toshkent hayvonot bog‘i» davlat muassasasi tashkiliy-huquqiy jihatdan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi aylantirilib, «Wildlifye Carye» MChJga ishonchli boshqarishga berilgan.
Ishonchli boshqaruvchi tomonidan dastlabki 5 yilda jami 5 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish taklifi berilgan. Bu bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unga ko‘ra kompaniya belgilangan tarzda 2021 yilda 2 mln, 2022 yilda 1 mln, 2023 yilda 2 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya olib kirishi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorida «Toshkent hayvonot bog‘i» davlat muassasasining amaldagi soliq rejimi saqlanib qolinishi va davlat muassasasi uchun 2019 yilda ajratilgan mablag‘lardan kam bo‘lmagan miqdorda budjet hisobidan mablag‘lar ajratilib borilishi belgilangan. (2017–2019 yillarda hayvonot bog‘i uchun budjetdan 22,7 mlrd so‘m ajratilgan).
Akvariumning odatiy hayoti qanday?
Toshkent hayvonot bog‘i akvariumida 100 dan ortiq turga mansub 8 mingdan ortiq baliq yashaydi. Ularning har biri o‘ziga xos tarzda ovqatlantiriladi. Akvarium xodimining aytishicha, haftada bir kun «ochlik kuni» bo‘ladi, ya’ni baliqlar ovqatlantirilmaydi. Baliqlar ikki guruhga bo‘linadi: chuchuk suvda yashaydigan va dengiz suvida yashaydigan. Dengiz suvi tayyorlash uchun maxsus dengiz tuzlaridan foydalaniladi. Xuddi shunday, ular oziqlanishi bo‘yicha ham ikki turga bo‘linadi: et bilan oziqlanadiganlar va boshqa turdagi ozuqalarni iste’mol qiladiganlar.
Bo‘limida jami 10 nafar xodim ishlaydi. Baliqlar tepa qavat, 1-qavat va pastki qo‘shimcha 2 bo‘linmadan iborat akvariumlarda saqlanadi. Bo‘limda baliqlardan tashqari jami 4 nafar suv toshbaqasi ham yashaydi. Har bir akvarium ortida maxsus xonalar bor. Ulardan turib suvdagi holat nazorat qilinadi, suv tozalanadi, ortiqcha narsalar chiqarib olinadi, yemish beriladi. Bu xonalar quyidagicha ko‘rinishga ega:
Anomal sovuq qanday jilovlandi?
Hayvonot bog‘i mas’ul xodimlaridan biri hisoblangan Hakim aka Samigovning so‘zlariga ko‘ra, anomal sovuq davrida baliqlarni asrab qolish oson bo‘lmadi, ammo ular buning uddasidan chiqdilar. Akvariumda mavjud turdagi baliqlar uchun eng kritik suv harorati +18 daraja bo‘lib, bunda baliqlar suv tagiga tushib oladi, harakatlanmay, ovqatlanmay qo‘yadi. Shu sababdan ham anomal sovuq paytida hayvonot bog‘i bir haftaga yopilgan bo‘lsa, akvariumni 2 haftaga yopishgan. Baliqlar uchun har bir akvariumga qo‘shimcha isitish moslamalari o‘rnatilgan.
Akvarium xodimlaridan biri sovuq sharoitida o‘zi mas’ul bo‘lgan akvariumlar ustini maxsus qoplamalar bilan ham o‘rab isitishga uringanini ta’kidladi.
Akvarium osti dunyosi
Akvariumlarga dekorativ maqsadda maxsus toshlar va dengiz o‘tlari joylashtirilgan. Mas’ul xodimning so‘zlariga ko‘ra, bu toshlarning haqiqiysini olib kelish juda qimmatga tushadi, shu sababdan sun’iylaridan foydalaniladi. Kuzatuv davomida tashrif buyuruvchilar baliqlarning tosh tupurayotganiga guvoh bo‘lishi ham mumkin. Gap shundaki, yegulik hajmi kichkina bo‘lganligi bois ayrim baliqlar uni tosh bilan birga ilib oladi va o‘ziga kerakli ozuqani og‘iz bo‘shlig‘ida saqlab qolib, qolganini chiqarib tashlaydi.
Akvariumlarga turli oilaga mansub baliqlar ham joylashtirilganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Xodimlarning biri qiziq ma’lumot bilan bo‘lishdi: bir baliq ikkinchisining og‘ziga sig‘maydigan kattalikda bo‘lsa, ularni birga joylashtirish mumkin. Aks holda, kichkina baliqlar kattalariga yem bo‘lishi mumkin.
Akvariumga bevosita tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar hayvonot bog‘i veb saytidagi 3D tur orqali onlayn sayohat uyushtirishlari mumkin.
Akvariumning yer osti qismida markaziy filtr tizimi, ozuqa ombori va baliqlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan maxsus laboratoriya mavjud.
Afsuski, maxsus laboratoriyadan lavhalar olish ta’qiqlanganligini aytishdi. Bu yerda tuxum shaklidan boshlab tirnoq uchidek hajmda keluvchi, undan kattaroq hajmdagi baliqlarni uchratish mumkin. Ular katta hayotga tayyor holatga kelguncha parvarish qilinadi va so‘ng yuqoriga chiqariladi. Ha, akvariumning sahna orti ishlari, haqiqatan ham, qiziqarli.
Baliqlar — do‘stlar
Qachonki nimagadir juda kuchli mehr qo‘ysangiz, unga zarar yetkaza olmaysiz deydi akvarium xodimlaridan biri. U pavilionga rahbar Odil aka baliq iste’mol qilmasligini aytadi.
«Siz farzandingizni Savannaga olib borib, u yerning hayvonot dunyosi bilan tanishtira olmaysiz, okean ostiga olib tushib baliqlar dunyosini tanishtira olmaysiz. Hammada ham bu imkoniyat yo‘q. Hayvonot bog‘lari, akvarim-u okeanariumlar aynan shuning uchun kerak. Siz farzandlaringizni bu yerga olib kelasiz, ularni jonivorlar bilan tanishtirasiz, do‘stlashtirasiz. Shu tariqa bolalikdan hayvonot olamiga muhabbat paydo bo‘ladi» deydi Doniyor ismli akvarium jamoasi a’zosi. Aytishicha, uning o‘zi ham suvosti dunyosi, xususan, akulalarga mehr qo‘ygan. Hayvonot bog‘idagi yagona akulani Doniyorning o‘zi parvarishlaydi.
Xushkayfiyat tashrifchilar
Akvarium tashrif buyuruvchilarning eng sevimli pavilionlaridan biri sanalishini bu yerda bo‘lib turganlarning kayfiyatidan ham sezish qiyin emas. Baliqlarga mas’ul xodimning ta’kidlashicha, ularni telefonning «vspishka» bilan rasmga olish mumkin emas, boisi bu baliqlarning ko‘r bo‘lib qolishi bilan yakunlanishi yoki yorug‘lik ta’sirida qo‘rqib ketgan baliq o‘zini akvarium oynasiga urib shikastlab olishi hech gap emas.
Ayrim turdagi baliqlar uchun tashqi havza ham tashkil qilingan bo‘lib, hozirda havo harorati talabga javob bermaganligi sababli unda baliqlar yo‘q.
Qanday kamchiliklar ma’lum?
Akvariumda yorug‘lik xira shaklda ushlab turiladi. Bu ham baliqlarning ko‘rish tizimini zararlamaslik uchun o‘ylangan. Shu bilan birga, bu yerda bir qator kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. Xususan, VM qarorida ko‘zda tutilgan punktlar ijrosi ta’minlanmagan. Akvariumlarining aksariyatida QR kodli ma’lumotnomalar yo‘q. Qog‘oz shaklidagi ma’lumot taxtalari ham haddan tashqari eskirib ketgan. Ularda faqat bir xil — rus tilida ma’lumot beriladi. Ayrim ma’lumot taxtalarida aks etgan baliq turlari ular o‘rnatilgan akvariumdagi baliq turi bilan mos kelmaydi. Vaqt o‘tishi bilan baliqlar o‘rni almashgan, taxtalar esa shundayligicha qolib ketgan.
Kollektivlar hayvonot bog‘idagi ekskursiyasi uchun zoogid yollashi mumkin, ammo odatiy kunlarda tashrif buyuruvchilar baliqlar haqida faqatgina mana shu taxtalar orqali ma’lumot ola oladilar. Mas’ul xodimning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda rekonstruksiya ishlari rejalashtirilyapti.
Xulosa
O‘tgan ikki yil davomida hayvonot bog‘iga kiritilishi kerak bo‘lgan 3 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya akvariumni aylanib o‘tgandek taassurot uyg‘otadi. Huquqiy-normativ hujjatlardan xabari bor tashrif buyuruvchi, tabiiyki, akvariumning bugungi holatidan hayratga tushadi. Anomal sovuqda baliqlarning saqlab qolinishi — juda yaxshi natija. Biroq akvariumda faqat mana shu vaziyatda keltirilgan isitgichlargina yangi, zamonaviy ekanligi ko‘zga tashlanadi.
Poytaxtdagi boshqa bir baliqlar olami — «Magic City»dagi okeanariumga kirish hamma uchun ham qulay narxlarda emas. Narxi hamyonbop bo‘lgan, davlat mulki bo‘lgan va ko‘p son aholi uchun mos keladigan hayvonot bog‘ining allaqachon eskirgan yangi egalari o‘z va’dalarining ustidan chiqib, hayvonot bog‘i, xususan, akvarium sharoitlarini zamonaviylashtirishi, umid qilamizki, o‘zini uzoq kuttirmaydi.
Dilbar Elamanova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter