Ikki milliard dollar soliqni yashirgan milliarder «aqli past»ligini pesh qildi
«Reynolds & Reynolds» kompaniyasining bosh direktori, milliarder, rekord darajadagi (2 milliard dollar) soliqni yashirishda ayblanayotgan Robert Brokman aqliy zaiflikka yo‘liqqan, bu haqda «Bloomberg» advokatlarning bayonotlariga asoslanib yozmoqda.
«Janob Brokman aqliy zaiflikka yo‘liqqan — kasallik doimiy va tinmay rivojlanishda, davosi yo‘q. U ayblovni tushunadigan va o‘zini tegishlicha himoyalaydigan ahvolda emas, hech qachon bunga qobil bo‘lmaydi», — degan mazmunda bayonot berishdi himoyachilar.
Brokmandagi aqliy zaiflik yo Parkinson yoki bo‘lmasa Alsgeymer kasalligi oqibatida yuzaga kelgan, uqtirishmoqda advokatlar,
Biroq prokuror Kristofer Manyani o‘zgacha fikrda: bu ishda ayblanuvchi simulyasiya (nayrang) ishlatayotganini tasdiqlovchi«tog‘-tog‘ isbotlar» bor.
Prokurorga ko‘ra, Brokman aqli oqsayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ishga 2018 yilda, federal agentlar milliarderning Bermud orollaridagi ishonchli boshqaruvchisining uyini tintishganidan so‘ng kirishgan — o‘sha voqeadan so‘ng milliarderga qarshi soliqlardan bo‘yin tovlash bo‘yicha ish ochilgandi.
«Bloomberg» yozishicha, milliarder aqli zaiflashgani haqida to‘rt nafar har xil shifokordan ma’lumotnoma olgan, qizig‘i, ularning barchasi milliarder ilgari 25 million dollar xayriya o‘tkazib bergan Xyustondagi Beylor tibbiyot kollejiga aloqador odamlar.
AQSh adliya vazirligi 2020-yilning 15-oktyabrida Brokmanni 2 milliard dollar soliqni yashirganlikda aybladi. Amerika hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha jismoniy shaxslarga nisbatan bu yo‘sindagi yirik ish ochilmagan. Qolaversa, Brokmanga nisbatan qimmatbaho qog‘ozlar bilan bog‘liq firibgarlik haqida ham ish ochilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter