Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik — XXI asr epidemiyasi

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik — XXI asr epidemiyasi

Foto: «Security-corp.org»

Bugun insoniyat ijtimoiy tarmoqlarsiz salkam yasholmaydigan darajaga yetdi. Jamiyatda faol odam bu virtual olamda kamida uchta tarmoqni kuzatadi: Telegram, Feysbuk, Instagram. Yana tibbiyotchilar, dasturchilar, vebmasterlar, huquqshunoslar, maorif xodimlari uchun alohida tor doiradagi ijtimoiy tarmoqlar ham mavjud.

 

Ularga zarurat bormi?

Ijtimoiy tarmoqlar quyidagi hollardagina turmushimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi:

  • bizning axborot, tajriba almashishimizga, yuzlab kilometr masofadagi do‘stlar, maslakdoshlar bilan aloqada bo‘lishimizga hamda ular hayotida kuzatilayotgan voqea-hodisalardan xabardor yurishimizga yordam beradi;
  • ular yangi bo‘sh ish o‘rinlari haqida tezroq ma’lumot olishimizni ta’minlaydi;
  • ijtimoiy tarmoqlar sharofati bilan ko‘p odamlar yangi do‘stlar orttirishadi, ayrimlari esa — juftini topishadi;
  • ular sayohat qilish, transport va joy topish xarajatlarini tejashga ko‘maklashadi;
  • Ko‘plab iste’dodlarning tanilishiga, kuch olishiga, mutlaqo begona kishilar e’tirofiga sazovor bo‘lishiga yordam beradi;
  • kimlar uchundir telegram, feysbuk, instagram daromad manbaiga aylangan, ular ehtiyojmandlarga davolanish uchun pul to‘plash uchun ham qulay;
  • hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarning huquq tartibot organlari xodimlariga ham yordami tegyapti.

Bunday xizmatlar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Biroq uning juda katta salbiy tomoni ham bor bu — ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik muammosi.

Nimasi bilan bunchalik o‘ziga jalb qiladi?

Ijtimoiy tarmoqlar vazifalari ustida ishlayotgan kishilar ularni kundan-kunga yaxshiroq, qiziqarliroq, rang-barang qilishga urinmoqda: kirgan odam iloji boricha ko‘proq vaqtini o‘tkazsin, pul sarflasin, nimadir xarid qilsin va hokazo.

Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish ancha oson, odam o‘z qiyofasiga ega bo‘lmaydi. Negaki nafaqat o‘z ismi, balki o‘ylab topilgan taxallusi bilan ham ro‘yxatdan o‘tishi, fotosurat o‘rniga avatar (rasm) yoki begonaning suratini joylashi mumkin. Xohlagan narsasini yozadi, haqorat qilishdan ham toymaydi, chunki ko‘p hollarda aytgan gapi uchun javob berishiga to‘g‘ri kelmaydi!

Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarga faqat zarur axborot olish, muloqot qilish, o‘zini ko‘rsatish manbai sifatida qarashmaydi. Ular kirishi va profillar bo‘ylab tentirab yurishi, tanish-notanishlarni do‘stlar safiga kiritishi, muzokaralarda qatnashib, statuslar, yangiliklarni o‘qishi, fotosuratlarni tomosha qilishi, o‘yinlar o‘ynashi mumkin. To‘g‘ri, odamlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadigan, muhim savollariga javob olishiga ko‘maklashadigan muzokaralar ko‘p. Lekin tuturuqsiz muloqotlar ham yo‘q emas: qisqa sharhlar, smayliklar, gohida odobsizliklar shular jumlasidan.

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik internetga qaramlik alomatlaridan biridir. Internetga qaramlik fenomenini tadqiqotchilar bir necha marta tavsiflab berishdi. Bunda olimlar ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni alohida guruhga kiritishadi — «kiber-munosabatlar»ga qaramlik: chatda, telekonferensiyalarda aloqada bo‘lish, oxir-oqibat, haqiqiylari o‘rniga virtual do‘st va oilalarni almashtirishigacha olib kelishi mumkin.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, qidiruv, muloqot, virtual flirt, shuningdek, eski tanishlar, sobiq kursdosh va sinfdoshlari hayotidagi fotosuratlarni tomosha qilishga sarflangan vaqt ko‘p hollarda xodimlarning ish vazifalarini bajarishga ketadigan muddatdan oshib ketadi. Oqibatda ayrim tashkilotlar xodimlariga ish paytida ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlab qo‘yishadi. Lekin uyda bunday muloqotga kim ham xalaqit qilardi deysiz?! Shu bois muammo butunlay bartaraf etilmaydi.

Qaramlik sezdirmasdan yuz beradi

Bunday qaramlik darrov rivojlanmaydi. Giyohvand moddani bir, ikki, uch marta sinab ko‘rdingizmi — tamom, u sizni o‘z domiga tortaveradi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik esa oylab, gohida yillab shakllanishi mumkin. Dastlab odam kuniga bir marta o‘z akkauntiga kiradi, bir haftadan so‘ng — kuniga bir marta kira boshlaydi, qarabsizki, bir necha oydan so‘ng asosiy ishini yig‘ishtirib qo‘yib, soatiga bir necha martalab o‘z sahifasini yangilashga o‘tadi.

Ishi bevosita kompyuter bilan bog‘liq kishilar hatto ish joyida ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z profilidan chiqmaydi (albatta, rahbariyat bunga ruxsat bersa bo‘lgani).

5 yil ko‘rmagan tanishimizning telefon raqami bo‘la turib, unga qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga 100 ta fotosuratini tomosha qilishning bizga nima keragi bor? Ehtimol, bu vaqtni chet tilini o‘rganish, ota-ona, turmush o‘rtoq yoki farzandlar bilan suhbatlashishga sarflaganimiz yaxshiroqdir? Yoki to‘yguncha uxlasak-chi (negaki ijtimoiy tarmoqlarni deb uyqusidan ham voz kechadiganlar yo‘q emas oramizda). Ijtimoiy tarmoqlar foydali ishga sarflashimiz mumkin bo‘lgan nihoyatda ko‘p vaqtimizni havoga sovuradi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kim «o‘tiradi» o‘zi?

Nazariy jihatdan, ularni uchta asosiy guruhga ajratish mumkin:

  1. Mustaqil odamlar. Mazkur guruh vakillari ijtimoiy tarmoqlarda juda kam — kuniga, haftasiga yoki hatto oyiga bir marta paydo bo‘lishadi. Bunda ular sahifalarda o‘zi haqida unchalik ko‘p ma’lumot qoldirishmaydi, ba’zida umuman yashirishadi. Ular tarmoqqa faqat zarurat tug‘ilgandagina — kimningdir manzili yoki telefonini izlash, muhim xabarga javob berish uchun kirishadi. Agar o‘z sahifasiga kirishga hojat bo‘lmasa, unga kirib o‘tirmasdi;
  2. O‘tish davridagi kimsalar. «Yuzerlar»ning mazkur guruhi o‘z akkauntlariga tez-tez — kuniga bir martadan ortiq kirib turishadi. Bunda ularga aniq sababning keragi yo‘q — shunchaki guruhlar yoki do‘stlari sahifalarini «varaqlash» xohishi: shu tariqa zerikishni yo‘qotadi. O‘tish bosqichida odamlar odatda taxminan ikki-uch oylab «turishadi», keyin uchinchi tipga «sakrab o‘tishadi». Kamdan-kam hollarda ushbu bosqichdan «mustaqil» bosqichga qaytiladi;
  3. Tobe kishilar. Afsuski, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining mazkur tipi eng keng tarqalgan. Bunday kishilar har 10 — 20 daqiqada o‘z sahifalarini yangilab turishni unutmaydi — axir kimdir yozib qolishi mumkin-da! Yuzaga kelgan «hech narsa haqidagi» yozishma bir soatgacha cho‘zilishi va «xo‘jayin»ni reallikdan butkul ayirishi mumkin. Mabodo xabar bo‘lmasa, o‘zini keraksizdek his qila boshlaydi — bu nimasi, hech kim menga yozmayapti! Bu tip vakillari ijtimoiy tarshmoqlarda kuniga kamida 6 — 8 soat o‘tiradi va umrini «onlayn» holatda o‘tkazadi. Uning yoqtirgan tarmoqlarisiz bir yoki ikki kun yashashi nihoyatda mushkul.

Ko‘pincha yolg‘iz kishilar ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib qolishadi — ular shu tariqa o‘zlariga «surrogat» muloqotni hosil qilishadi. Lekin aksar hollarda bu yolg‘izlik soxta va o‘ylab topilgan bo‘ladi — ya’ni odam jisman jamiyatda yashaydi, ammo aslida atrofdagilari bilan muloqot qilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarga quyidagi toifadagilar tez-tez mehmon bo‘lib turishadi: voqea-hodisalarga boy kishilar; tengdoshlari bilan muomala qilolmaydigan o‘smirlar; yosh onalar — «go‘dak uyquda mahal»; shuningdek, o‘ta kirishimli odamlar. Vaqt o‘tishi bilan miyada real va virtual olam o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi va odam do‘stining tug‘ilgan kunida gul va tort bilan smayliklar jo‘natish o‘rniga shunchaki mehmonga borish mumkinligi to‘g‘risida unutadi. Virtual muloqot qaramlar uchun yagona aloqa vositasiga aylanadi va ularni yoqtirgan mashg‘ulotidan internet yo‘qligi kabi favqulodda holatgina ayirishi mumkin. Negaki ular atrofida qiziqarli, jonli, haqiqiy hayot borligini unutishadi! Qolaversa, qaram kishilar uni payqamay qo‘yishadi.

Agar siz yaqin odam ijtimoiy tarmoqlarda yashay boshlaganini, virtual va chinakam do‘stlarini adashtirib qo‘yganini sezsangiz, sergak torting! Chunki haqiqiy hayotdan yiroqlashish keyinchalik yanada chuqurlashadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar tufayli har beshinchi-oltinchi oila barbod bo‘lmoqda. Axir bu dahshatli raqamlar emasmi? Ba’zida ajrashuvlarga er-xotindan biri internetga oilasidan ko‘ra ko‘proq vaqtini ajratishi sabab bo‘ladi. Yoki turmush o‘rtoqlardan biri ijtimoiy tarmoqlarda noz-karashma qila boshlaydi. Juftining boshqa bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi bilan ishqiy yozishmalarini ko‘rish hech kimga yoqmasa kerak. Shu tariqa yolg‘izlik ham uydirmadan haqiqatga aylanadi.

Ijtimoiy tarmoqlardan yolg‘iz «qutulish» juda mushkul. Nomidan ham bilinib turibdi — tarmoq! Ularda erishsa bo‘ladigandek ko‘ringan imkoniyatlar va qiziqarli narsalar haddan tashqari ko‘p. Shu bois, «jabrlanuvchi»ning yaqinlari qancha erta harakatni boshlashsa, uni haqqoniy hayotga tez va samarali qaytarish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Ko‘pincha tajribali psixologlar ko‘magisiz buni uddalash qiyin.

Qaramlikdan qanday qutulish mumkin?

Kamdan-kam odamlargina ushbu halokatli qiziqishdan oson va beziyon qutulishi mumkin. Faqat kuchli irodasi bilan maqtana oladigan, yaqinlariga, orzusiga erishish, mustaqil bilim olishga sarflaydigan vaqtini behuda ketkazayotganini tushunadiganlargina bunga muvaffaq bo‘ladilar.

Biroq o‘z hayotingizni o‘zgartirishga qat’iy ahd qilgan bo‘lsangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi vaqtingizni oldindan tartibga solishga harakat qiling, o‘z sahifangizga shunchaki kirmang. Bajarishingiz zarur bo‘lgan ish ro‘yxatini tuzib chiqing. Hamma ishlarni bajarib bo‘lgandan keyingina «bonus» sifatida yoqtirgan ijtimoiy tarmog‘ingizga kirishingiz mumkin.

Yana bir amaliy usul — virtual emas, real olamda do‘stlar bilan muloqot qilish. Birgalikda sayohatlarga otlanish, tabiat qo‘yniga chiqish yoki qahvaxonalarda (faqat u yerda bepul vay-fay tarmog‘i bo‘lmasin) o‘tirishni kelishib olish mumkin. Bu vaqtni aynan hordiq, do‘stlar bilan muloqot, telefonda gaplashish uchun sarflashga harakat qiling!

Shohida Isroilova tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring