Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ichishga suvi ham yo‘q davlat qanday boyidi?»: Singapurning raqamli iqtisodiyoti haqida (birinchi maqola)

«Ichishga suvi ham yo‘q davlat qanday boyidi?»: Singapurning raqamli iqtisodiyoti haqida (birinchi maqola)

Foto: «South China Morning Post»

Singapur Janubi-Sharqiy Osiyodagi mitti orol-davlat — O‘zbekistonning eng kichik Andijon viloyati hududiga qariyb 6 ta Singapur sig‘adi. Ulkan Osiyo xaritasidagi ana shu jimitdekkina nuqtada 5,78 mln. kishi Osiyoda eng farovon turmush kechirmoqda. Solishtirish uchun: ikkita Toshkent (poytaxt va viloyat) aholisi qariyb shuncha chiqadi.

Singapurning nimasi bor?

Singapur Malayziyadan ajralib chiqqan — ular mustaqillik berishni so‘rashganida (1965-yil) tashlandiq va botqoqda yashovchi asosan xitoylik va hindistonlik qashshoqlar (asl malayyaliklar juda oz)dan iborat «boshog‘riq»dan tezroq qutulish uchun Malayziya hukumati ko‘p o‘ylab o‘tirmagan ekan.

O‘tgan asr 60-yillaridagi Singapur. Foto: «WordPress»

Shu bir parcha yerda neft, gaz, oltin nima qilsin, hatto ichadigan suvigacha Singapur to‘liq Malayziyadan keltiradi — salkam olti million aholiga!.. 

Nazarimizda, savol yopildi.

Endi esa...

Oqilona iqtisodiy va investitsiyaviy siyosat ortidan Singapur rosmana zamonaviy davlatga, taraqqiyot etaloniga aylandi, shunchalikki, hatto bironta nufuzli xalqaro reyting boshida uning nomini uchratmasak hayron qolamiz.

Sharq va G‘arbni bog‘lovchi dengiz savdo yo‘llari chorrahasida qulay joylashgan Singapur bugungi kunda Osiyo-Tinch okeani mintaqasining yirik logistika va savdo xabi, erkin iqtisodiyotga ega jahondagi yetakchi ishbilarmonlik markazlaridan biri.

Singapur — uch nufuzli agentlik AAA kredit reytingi berilgan Osiyodagi yagona mamlakat. Yuqoridagilar mamlakatning xalqaro korporatsiyalar va sarmoyadorlar uchun jozibadorligini faqat va faqat oshiradi.

Singapur fakt va raqamlarda:

  • Tadbirkorlik qilish osonligi bo‘yicha dunyodagi 2-mamlakat (Ease of Doing Business Index 2020);
  • Aholi daromadlari bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda (Forbes);
  • Jahonning eng globallashgan iqtisodiyotlari orasida 1-o‘rinda (McKinsey 2016);
  • Osiyoning siyosiy eng barqaror mamlakati;
  • Ishchi kuchi sifati bo‘yicha jahonda, hayot sifati bo‘yicha Osiyoda yetakchi;
  • Dunyoning eng aqlli shahri (IMD 2020)
  • Innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish borasida dunyoda 3-o‘rinda (Bloomberg Innovation Index 2020)
  • Intellektual huquqni himoyalash borasidagi eng kuchli huquqiy tizimga ega davlatlardan biri...

Hammasini sanashga ulgurmaymiz... Yaxshisi, Singapur mo‘’jizasining siri, bularga qanday erishdi, yana nimalarni rejalashtirgan, bir so‘z bilan aytganda, raqamli iqtisodiyotni qanday qurayotganiga to‘xtalib o‘tamiz.

Singapurning Janubi-Sharqiy Osiyoda iqtisodiy o‘sish uchun uch yo‘li:

  1. Global savdo oqimlarida katta ulushni qo‘lga kiritish;
  2. Shaharlashish (urbanizatsiya) to‘lqinidan foydalanib qolish;
  3. Ilg‘or texnologiyalar: mobil internet, avtomatlashtirish va bulutli texnologiyalarni rivojlantirishga urg‘u berish.

Janubi-Sharqiy Osiyo sayyoramizdagi «eng qaynoq» hudud — taxminan 630 million kishi yashaydigan ulkan bozor, mintaqa mamlakatlarining nominal yalpi ichki mahsuloti 2,5 trillion dollardan oshadi. Jimitdekkina Singapur Xitoy va Indoneziya kabi gigantlar, Filippin, Tailand, Malayziya singari o‘zidan anchagina katta davlatlar orasida allaqachon «ezilib ketgan bo‘lardi», ammo aql kuchni boshqaradi — Singapur nafaqat «tirik», balki shu ulkan bozorda ulkan ulushga ega chiqmoqchi: texnologiyalari, xizmatlari, mahsulotlari va tajribalarini eksport qilish orqali.

Singapur hukumati mamlakatga sarmoya kiritishga shay tadbirkorlarni ko‘proq jalb etish maqsadida:

  • «Singapur kelajagi» tashabbusi (shaharsozlik, davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, tibbiyot hamda istemol tovarlari va xizmatlari sohalarida yangi g‘oyalar va yechimlarni ishlab chiqish va sinab ko‘rish);
  • «Aqlli Millat» besh yillik dasturi;
  • RIE ilmiy-tadqiqot dasturi;
  • Moliyaviy sektorni rivojlantirish dasturi;
  • Tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi;
  • Ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘ydi.

Kelajak iqtisodiyotini qurish rejasi

Nima bo‘lsa bo‘lsin — Singapurning xalqaro nufuziga putur yetmasin (aks holda sarmoyadorlar yuz burib ketadiku?..). Bu aqida Singapurning yozilmagan shiori. Shundan kelib chiqib, oxirgi yillarda eng ko‘p e’tibor Singapur iqtisodiyotining 7 baquvvat ustuniga qaratildi:

  • moliya;
  • transport xizmatlari;
  • logistika;
  • shaharsozlik yechimlari;
  • sog‘liqni saqlash;
  • yuksak texnologiyalar;
  • raqamli iqtisodiyot.

Mamlakatda kelajak qo‘mitasi bor. Tashkilot doim chetdan sarmoyalarni ko‘proq jalb etish va bu jarayonni tobora soddalashtirishni nazorat qilib keladi. Mamlakat milliy xavfsizligi va iqtisodiyoti uchun suv bilan havodek zarur kiberxavfsizlik bo‘yicha aholini yoppasiga o‘qitishni tavsiya qilgan ham shu qo‘mita.

Mamlakat raqamli servislarni rivojlantirishga juda jiddiy yondashmoqda (xususan, ta’lim sohasidagi), Singapurning HetNet rejasi esa internetga hech qanday to‘siqsiz, uzluksiz ulanishni ta’minlaydi. Raydshering (onlayn servis orqali sherik topib xususiy transportdan birgalikda foydalanish), sun’iy intellekt va robototexnika ham Singapur iqtisodiyotini rivojlantiruvchi muhim texnologiyalar sifatida qaralmoqda. Sanoatda yangi-yangi yo‘nalishlar (o‘z-o‘zidan qo‘shimcha ish o‘rinlari) yaratilishiga olib keluvchi bu jarayonlar bevosita hukumat nazorati ostida ro‘y bermoqda.

Singapurda odamlar kelajakda ishsiz qolib ketmasligi uchun ularni qayta o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, SkillsFuture loyihasi istalgan odamga istiqbolli yangi kasbni egallashida ko‘maklashadi.

Singapur dunyodagi eng aqlli shahar ekanini yuqorida tilga oldik. Umuman olganda, bu mamlakatda raqamli savodxonlikka bolalar bog‘chasidanoq kirishiladi, Osiyodagi eng yaxshi o‘rta ta’lim ham Singapurniki.

Singapurdagi oddiy maktablardan biri. Foto: «AsiaOne»

Xomcho‘tlarga qaraganda, 2050-yilda Singapurning 50 foiz transporti elektrlashadi (bu ketishda ertaroq uddalashsa ham hayron qolmaymiz).

Kosa tagidagi nimkosa

Singapurning asl maqsadi raqamli texnologiyalarni shunchaki rivojlantirish emas, balki undan-da yuksak rejalar bilan yashamoqda. Bularga esa ikkinchi maqolada batafsil to‘xtalamiz.

(Davomi bor)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring