Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimida ishlashlari taqiqlanishi mumkin

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimida ishlashlari taqiqlanishi mumkin

Endi hokimlar bir vaqtning o‘zida tegishli xalq deputatlari Kengashining raisi bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi aytilmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot kotibi Odiljon Tojiyev xabar berdi.

Tojiyevga ko‘ra, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga hukumatning tabiatni, ekologiyani asrash borasidagi vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi normalarni kiritish bo‘yicha konseptual takliflar ham kelib tushgan.

Mazkur takliflardan kelib chiqib, Konstitutsiyamizning ayrim moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, 98-moddaning 2-qismi yangi norma bilan to‘ldirilishi rejalashtirilayapti.

Unga ko‘ra,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlab qolish, iqlim o‘zgarishlariga, epidemiyalar, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalaridagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ham ta’minlaydi.

Shuningdek, jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan masalaga oid muhim qoida ham Konstitutsiyada o‘z aksini topishi kutilayapti.

Ya’ni, 99-moddaga yangi qism kiritilishi taklif etilmoqda. Unda viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida tegishli xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Amaldagi Konstitutsiyaning 112-moddasiga ham yangi qism qo‘shilishi ko‘rib chiqilmoqda. Unda davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlashi belgilanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring