Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindiston Xitoy chegarasiga o‘n ming askar jo‘natdi

Hindiston Xitoy chegarasiga o‘n ming askar jo‘natdi

Hindiston Xitoy bilan chegarani qo‘riqlash uchun o‘n ming askardan iborat qo‘shimcha kuch ajratdi va shu bilan bu hududda xizmat qilayotgan qo‘shinlar sonini ikki baravar ko‘paytirdi. Bu haqda Bloomberg agentligi hindistonlik yuqori martabali amaldorlar manbalariga asoslanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, avvallari mamlakatning g‘arbiy chegarasida xizmat qilgan 10 ming askardan iborat kuch endi Xitoy bilan bahsli chegaraning bir qismini mustahkamlash uchun safarbar etilgan.

Bundan tashqari, Hindistonning Xitoy bilan chegarasida joylashgan to‘qqiz ming askardan iborat kontingent yangi tashkil etilgan jangovar qo‘mondonlikka o‘tkaziladi. Qurolli kuchlarning ikkala bo‘linmasi chegaraning 532 kilometrlik qismini qo‘riqlaydi.

Hindiston qurolli kuchlari va mamlakat Mudofaa vazirligi vakillari vaziyatga izoh bermadi.

Hindiston va Xitoyning Himolayda bahsli chegara hududi mavjud. 2022-yil dekabr oyida Hindiston harbiylari va Xitoy armiyasi o‘rtasida chegara mojarosi yuz bergani xabar qilingandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring