Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Haydovchi YPX xodimlari harakatlarini tasvirga olishga haqlimi?

 Haydovchi YPX xodimlari harakatlarini tasvirga olishga haqlimi?

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumki, yaqinda Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida nizom (VMning 1.12.2018-yil, 975-son qarori) tasdiqlandi. Ta’kidlash shart, qabul qilingan hujjatda yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlarining transport vositalari haydovchilari bilan o‘zaro muloqotlarida yuzaga kelgan ko‘plab nizoli masalalar ilk bor yechimini topgan.

Ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

YPX xodimlari qachon transportni to‘xtatishga haqli bo‘lmaydilar?

YPX xodimlari transport vositasini to‘xtatishi mumkin bo‘lgan 7 ta holat tasdiqlandi. Ular orasida — hujjatlar, olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish (maxsus va harbiy yuklar, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, bojxona xizmati tomonidan plombalangan yuklar bundan mustasno) ham bor. E’tiborlisi, hujjatlarni tekshirishga nafaqat maxsus tadbirlar (sodda qilib aytganda — «reydlar») jarayonida ruxsat beriladi. Ya’niki, YPX xodimi faqat hujjatlarni tekshirish uchun dislokatsiyasi tasdiqlangan hududda istalgan transport vositasini to‘xtatishga haqli. Buning uchun YHQning buzishilishini kutib turishi shart emas.

Yo‘l-transport hodisalari, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan YHQ buzilishi aniqlanganda YPX xodimi o‘ziga biriktirilgan hudud dislokatsiyasidan tashqarida ham transport vositasini to‘xtatishga haqli bo‘ladi. Qabul qilingan Nizom ma’nosidan shu kelib chiqadi. To‘g‘ri, mazkur holatda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi, agar bayonnoma ko‘rsatilgan alohida holatlarda rasmiylashtilgan bo‘lmasa, u yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Bu muhim! Haydovchi dislokatsiyaning ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishishga haqli.

Haydovchi mashinadan chiqishi kerakmi yoki yo‘qmi?

Avtomobildan chiqish kerakmi-yo‘qmi — bu savol ham xavfsizlikka, ham odob-axloqqa daxldor holat. Qabul qilingan hujjatda transport vositasi haydovchisi va yo‘lovchilari YPX xodimi to‘xtatganda kabinadan chiqishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlanmagan. Masalan, dunyoning qator mamlakatlarida politsiyachilarning xavfsizligini ko‘zlagan holda bu man etilgan. Axloqiy nuqtai nazardan ayrim qoidabuzarlar avtomobildan chiqishdan bosh tortish bilan go‘yoki YPX xodimlarini pisand qilmasligini namoyon etishadi.

Endi YPX xodimining talabiga ko‘ra haydovchilar  mashinadan tushishga majbur bo‘lgan 6 ta holat belgilandi:

  • transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;
  • haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda;
  • transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarining ro‘yxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan farqi aniqlangan taqdirda bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;
  • transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;
  • haydovchi yoki yo‘lovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda;
  • haydovchining transport vositasi kabinasida bo‘lishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan hollarda (haydovchining ruhiy holatiga, yoshiga, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori vositalari ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida, transport vositasini boshqara olishiga shubha bo‘lganda).

Kim kimni tasvirga olishga haqli?

Ko‘p muhokama qilingan masalalardan biri — YPX xodimlarining xatti-harakatlarini qayd qilish uchun haydovchining fotosurat, audio va videotasvirdan foydalanish huquqi. 2018-yil 4-dekabrdan fuqarolarning ushbu huquqi qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlab qo‘yildi. Yagona cheklov foto va videotasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda bu man etiladi.

Agar haydovchilar uchun videotasvirga olish ixtiyoriy bo‘lsa, YPX xodimlarning uchun bu 2019-yil 1-iyuldan e’tiboran majburiy bo‘ladi. Har bir xodim mobil videokamera bilan ta’minlanib, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda undan foydalanishi shart. YPX xodimi xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan bo‘lsa, haydovchi 2019-yil 1-iyuldan e’tiboran unga o‘z hujjatlarini taqdim etmaslikka haqli bo‘ladi.

Yo‘lda yashirincha nazorat olib borish mumkinmi?

Yo‘llarda yashirincha nazorat olib borish (sodda qilib aytganda — «pistirmada o‘tirish») taqiqlandi. Endi haydovchi qatnov qismida harakatlanayotgan paytda YPX xodimini ko‘rish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Biroq shuni ham inobatga olish lozimki, qabul qilingan Nizomda xodimning yashirincha nazorat olib borgani uchun javobgarligi aniqlashtirilmagan, bunday tartibda aniqlangan YHQni buzish esa baribir javobgarlikka olib keladi.

Faqat shu nazarda tutilgan: xodim patrul avtomobillarida foydalanish belgilab qo‘yilgan tezlikni o‘lchash moslamalarini o‘zboshimchalik bilan yechib olib, uni xizmatga aloqasi bo‘lmagan boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning transport vositalariga o‘rnatgan yoxud xizmatni o‘tashga aloqador bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Xodim shaxsiy avtomashinasiga «radar» o‘rnatishga haqli yoki haqli emasligi masalasi qabul qilingan hujjatda uzil-kesil hal etilmagan. 
Bizningcha, yashirincha nazorat olib borishga taqiq ushbu holatga nisbatan ham, shuningdek ko‘chma fotoradarlar va mobil komplekslar o‘rnatilishiga nisbatan ham tatbiq etilishi kerak.

Ta’qib va kuzatish

YPX xodimining to‘xtash to‘g‘risidagi talabini bajarmaganda transport vositasining orqasidan quvish va orqasidan borishga qonunan ruxsat berildi. Bunda YPX xodimi quyidagilarga amal qilishi shart:

  • patrul avtomobilida maxsus chiroq-mayoqcha va tovushli signallar, shuningdek ovoz kuchaytirgich moslamasi muntazam yoqilgan holatda bo‘lishi;
  • aniq shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda harakat tezligini tanlashi;
  • saf bo‘lim (bo‘linma) yoki IIB navbatchisiga o‘zining ketayotgan joyi, qayerdaligi va harakatning yo‘nalishi to‘g‘risida ma’lum qilib turishi;
  • yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini hushyorlik va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari bo‘yicha xabardor qilib borishi;
  • ta’qib qilish va kuzatish jarayonida transport vositasining harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rishi.

Bu — muhim! Ta’qib qilish yoki kuzatish vaqtida yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli harakatlar sodir etish taqiqlanadi.

Mazkur Nizom Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 4.12.2018-yildan kuchga kirdi. YPX xodimlari mobil videokameralardan foydalanishi qismida hujjat 2019-yil 1-iyuldan e’tiboran kuchga kiradi.

Samir Latipov

Manba: norma.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring