Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Havana sindromi»: AQSh razvedkasi sirli hodisa bo‘yicha xulosa e’lon qildi

«Havana sindromi»: AQSh razvedkasi sirli hodisa bo‘yicha xulosa e’lon qildi

AQSh milliy razvedka xizmati rahbari Evril Heyns.

Foto: AP

AQSh razvedkasi «Havana sindromi» nomi bilan mashhur bo‘lgan jumboqli hodisa bo‘yicha tekshiruv natijalarini e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlarning turli mamlakatlardagi diplomatlarida sirli xastalik kuzatilgan va bunda Rossiya maxsus xizmatining qo‘li borligi taxmin qilingan edi.   

AQSh milliy razvedka xizmati rahbari Evril Heynsga ko‘ra, «Havana sindromi» hodisasiga xorij maxsus xizmatlarining aloqador ekani taxmini tasdiqlanmagan. Diplomatlarning tobi qochishiga esa atrof-muhit omili yoki yashirin kasalliklar sabab bo‘lishi mumkin. Xastaliklar qasddan, muayyan qurol yordamida uyushtirilgani farazi o‘z tasdig‘ini topmagan.

AQSh maxsus xizmatlari ushbu hodisani ikki yildan oshiqroq vaqt davomida taftish qilgan, minglab axborot va hujjatlar sinchkovlik bilan o‘rganilgan.

Ayni choqda, «Havana sindromi»ga chalingan bemorlar huquqlarini himoya qilayotgan advokatlik firmasi vakili Mark Zaid razvedka tekshiruvi to‘laqonli shaffof, yakuniy xulosa haqqoniy ekaniga shubha bildirgan. 

Avval xabar berganimizdek, ilk bor 2016 yili AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan.

Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan.

AQShning Xitoy, Avstriya, Rossiya kabi mamlakatlardagi elchixonalari xodimlarida ham ayni shunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilgan.

Diplomatlarning sirli ravishda kasallanishi yuzasidan turli sabab va taxminlar aytilgan. AQSh olimlari bir yillik tadqiqotlardan keyin bu nurlanish oqibati degan xulosaga kelgan. Mamlakat maxsus xizmati esa Moskva tomonidan akustik hujum uyushtirilgan degan taxminni ilgari surgan.

Rasmiy Moskva ham, rasmiy Havana ham akustik hujumga aloqadorligini rad etgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring