Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har bir odam 120ga kirishga haqli»: uzoq umr ko‘rish siri nimada?

«Har bir odam 120ga kirishga haqli»: uzoq umr ko‘rish siri nimada?

Uzoq va yaxshi yashashning siri nimada? Bu haqda ko‘p va xo‘p gapirilgan, tadqiqotlar olib borilgan. Uzoq umr ko‘ruvchilarning mazkur savolga javob beradigan o‘ziga xos odatlari bo‘ladi: bir chimdim kulgidan kunduzgi uyqugacha. Quyida ana shunday insonlar hayotiga nazar solib, maslahatlariga quloq tutamiz. Ularning aksariyati hayotga nisbatan oddiy munosabatni targ‘ib qiladi va quvnoq taomillarni namoyish etadi...

Oddiy va muhim sir

E’tibor berganmisiz, ba’zi qariyalar yigirma yoshli yalqovlardan faol. Uzoq umr ko‘ruvchilarning ko‘pchiligi doimiy harakatda bo‘lishni muhim hisoblashadi. Bu yoshdagilarning e’tiroficha, hamisha olg‘a yurishda davom eting. Siz muayyan muammolarga e’tibor qaratishingiz mumkin. Biroq dunyoda barchasi shu qadar g‘aroyibki!.. Uyingizda odamlar ko‘p bo‘lsin. Turli-tuman: yosh, keksa, oq, qora, butun dunyodan. Odamlar ruhlantiradi.

– Faol bo‘ling, – deydi xorijlik ashaddiy chang‘ichi ayol. – Men yuz yoshimga qaramay, hamisha o‘z bilganimcha ish tutaman, chang‘ida uchaman. To‘g‘ri ovqatlanish, mashqlar bajarish, ochiq havo va quyoshda ko‘proq bo‘lishga intilaman. Ijobiy fikrlang, ana shunda hammasi risoladagidek kechadi. Agar noxush o‘ylarga berilsangiz, tanangizni o‘zingiz zaharlaysiz. Tabassum qiling, kulgi umrni uzaytiradi, deganlari bejiz emas. Eng yaxshi davo – kulgi.

Ba’zi qariyalar yigirma yoshli yalqovlardan faol.

Agar siz sog‘lom bo‘lishni xohlasangiz, zinalardan foydalaning va anjomlaringizni o‘zingiz olib yuring. 100 yoshli insonlardan biri mushaklaridagi hayotiy faollikni saqlash uchun ikkitalab zinani hatlab o‘tadi.

Italiya oroli bo‘lmish Sardiniya aholisi uzoq umr ko‘rishi aniqlangan. Ularning salomatlik va tibbiyot bilan bog‘liq maslahatlari nimalardan iborat?

– Men yillar davomida hech qanday dori iste’mol qilmadim, – deydi orol nuroniylaridan biri. – Ularni foydali deb o‘ylamayman, aksar do‘xtirlar esa odamlardan tajriba quyonchasi sifatida foydalanishadi. Juda erta o‘lib ketmang.

To‘g‘ri gap, axir, yosh – kasallik emas-da!

«Men har bir odam 120 yoshgacha yashashga haqli bo‘lib, undan ham ortiq yashashiga ishonaman, – degan edi mashhur Pol Bregg. – Sog‘liqni sotib olib bo‘lmaydi, unga faqat doimiy harakat, jonbozlik tufayli ega bo‘lishi mumkin».

«Men har bir odam 120 yoshgacha yashashga haqli va undan ham ortiq yashashiga ishonaman, – degan edi mashhur Pol Bregg.

Erkakning dardi yo‘qmi?

Inson yillar o‘tgan sayin o‘z xatolarini anglab boradi. Ko‘plab qariyalarning aytishicha, boshqalarga nisbatan nafrat hissini tuysangiz, o‘zingizda saqlang. Har qanday vaziyatda ham yon-atrofdagilarga ozor bermang.

Muhabbatga ishonishda davom eting. Hech kimning sizni boshqarishga haqqi yo‘q.

Yig‘lagingiz kelsa, yig‘lang, uyalmang. Ichingizni bo‘shatib turing. Ancha yengil tortasiz. Yig‘lab turganlari uchun ham ayollar erkaklardan ko‘proq yashaydilar, bu oddiy sir. Xo‘sh, erkakda dard yo‘qmi? U jami hasratlarini ichida saqlab, narigi dunyoga olib ketadimi? Faqat yo‘qotishlar uchun yig‘lashga oshiqmang. Boriga e’tiboringizni qarating.

Hayot – xursandchilik. Mamnuniyatni his eting.

– Yoshligingizda sayohat qilib qoling, – deydi 100 yoshlilar. – Pullar haqida unuting, pullardan ko‘ra tajriba muhimroq. Yodingizda bo‘lsin, vaqti kelib, narigi dunyoga hech nimani olib ketolmaysiz.

Ularning yana bir maslahati: o‘zingizni hech kim bilan tenglashtirmang. Aks holda hech qachon baxtli bo‘lmaysiz. Har kimning nazarida – narigi tomonda o‘tlar hamisha yam-yashil.

Kim bilandir uchrashish noqulay bo‘lsa, bunday odam bilan munosabat o‘rnatishingiz shart emas.

Ishtiyoq topa biling va u bilan yashang. E’tiqodda bo‘ling. Ishoning va shunga monand ravishda yashang. Moslashishni o‘rganing.

100 yoshli Edrin Li uzoq umr ko‘rish borasida to‘rtta oddiy maslahat bergan:

1) Oldinga qarab yurishda davom eting, sira taslim bo‘lmang.

2) Ko‘proq sayr qiling.

3) Jo‘mrakdan suv iching.

4) Qanchalik astoydil xohlamang, o‘lishning keragi yo‘q.

Boshqa bir nuroniy yoshli Lyusil Lyuis baxt sari yo‘lni shunday istifoda etadi:

– Hayot – xursandchilik. Bu borada hammasi o‘zingizga bog‘liq. Mamnuniyatni his eting. Hamma vaqt «baxtli» yurishingiz shart emas, shunchaki shodon bo‘ling. Odamlarni yaxshi ko‘ring. Har qanday odamning yaxshi ko‘rsa arziydigan qaysidir jihatini toping. Nima bo‘lganda ham biz, barchamiz insonlarmiz.

Yuz yoshli ayrim keksalarning aytishicha: «Yaxshi ta’lim oling. Bu boshqa hech kim sizdan tortib olmaydigan boylikdir».

Dasturxon va ishtaha

Xo‘sh, 100 yoshlilar ovqatlanish borasida nimalar deydilar?

– Biz bolaligimizda shunchalik o‘ynab quvnaganmizki, ko‘pincha ovqatlanish va uxlashni yoddan chiqarganmiz, – deydi ulardan biri. – Kattalar ham shunday qilishlari kerak, deb o‘ylayman. Tushlik va uyqu bilan bog‘liq qat’iy qoidalar asosida o‘zingizni holdan toydirmang. Mana, men nonushtaga qahva, bir stakan sut va bir osh qoshiq miqdorida apelsinli sharbat iste’mol qilaman. Zaytun moyi arteriya va teri uchun foydali. Tushlikka – sut va pechene yoki juda band bo‘lsam, hech nima! Men hech qachon ochlikni his etmayman, chunki e’tiborimni ish faoliyatimga qarataman. Kechki ovqatlanishga sabzavotlar, guruch bilan ozroq baliq va haftada ikki marta – yog‘li bo‘lmagan 100 gramm go‘sht.

Bu nuroniyning tavsiyasiga ko‘ra, pensiyaga chiqishning hojati yo‘q, biroq bunga qat’iy xohish bo‘lsa – 65 yoshdan oldin emas.

– Agar shifokor qandaydir tahlil yoki jarrohlik operatsiyasidan o‘tishni maslahat bersa, undan xotiningiz yoki bolangizga shunday amaliyotni ravo ko‘rarmidingiz, deb so‘rang. Oddiy haqiqat shuki, vrachlar hammani ham davolay olishmaydi. Shunday ekan, nokerak operatsiyalar tufayli og‘riq orttirishning nima keragi bor? Mening o‘ylashimcha, jonivorlar va musiqiy terapiya shifokorlar o‘zlariga ravo ko‘rganidan ko‘ra ko‘p ishlarga qodir.

Ruhlaning, shirin hayajon his eting. Kaminani Robert Brauning qalamiga oid «Abbat Fogler» she’ri hayajonga soladi (Robert Brauning – ingliz shoiri, u hamkasbi – ikki oyog‘i falaj bo‘lgan Yelizaveta Barretga uylanib, baxtiyor qilgan). Bu she’rni menga otam o‘qib bergan.

Oldinga qarab yurishda davom eting, taslim bo‘lmang.

Ha, og‘riq – jumboqli jarayon. Uni unutishning yaxshi yo‘li – xursandchilik qilishdir. Qolaversa, fan o‘z-o‘zidan yordam bermaydi va odamlarni davolamaydi.

Foydali ovqatni iste’mol qilmaslikka intiling. Men nimaiki xohlasam, hammasini yeyman. Uzoq umr ko‘rishning siri – muzqaymoqda.

– Uzoq umr ko‘rish – ajoyib, – deydi 100 yoshlilardan biri. – Dastlabki oltmish yil mobaynida oilang va maqsading yo‘lida ishlash oson kechadi. Keyin esa jamiyatga nafing tegishi uchun bor kuchingni sarflashingga to‘g‘ri keladi. Men 65 yoshimdan ko‘ngilli bo‘lib ishladim va hozirgacha haftasiga yetti kun 18 soatlab ishlashga layoqatim bor, har bir daqiqadan lazzat olaman. Haddan ziyod ovqatlanmang. Meva va sabzavotlarni ko‘p iste’mol qiling. Haftasiga ikki marta go‘sht yeng, ayniqsa baliq go‘shtini.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring