Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har bir mazlum bola uchun butun dunyo javobgar» – Erdo‘g‘on partiyasi

«Har bir mazlum bola uchun butun dunyo javobgar» – Erdo‘g‘on partiyasi

Turkiyaning iqtidordagi «Adolat va taraqqiyot» partiyasi (AK Parti) G‘azoda butun dunyo ko‘zi o‘ngida davom etayotgan xunrezlikni to‘xtatishga chaqirdi.

Partiya markaziy idorasi Xotin-qizlar departamenti rahbari Ayshe Keshir nomidan BMT hamda 140 ga yaqin xalqaro tashkilotga yo‘llangan maktubda ayollar va bolalar taqdiri haqida so‘z boradi.

«Tili va dinidan qat’i nazar, har bir mazlum bola uchun butun dunyo mas’uldir. 5,5 million a’zosi va 600 mingga yaqin faol ko‘ngilli xodimi bilan dunyoning eng yirik nodavlat ayollar tashkiloti bo‘lgan «Adolat va taraqqiyot» partiyasi markaziy idorasi Xotin-qizlar departamenti rahbari sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, urushda eng katta qurbonlar ayollar va bolalardir», – deyilada rasmiy murojaatda.

Bayonotda, Falastin hududida tinch aholi nishonga olinayotgani, shifoxona va maktablarga bomba yog‘dirilayotgani tanqid qilinar ekan, Turkiya prezidenti va «Adolat va taraqqiyot» partiyasi raisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning «Urushning ham o‘z axloq-nizomi va qonuni bor. Biror bir sabab-bahona tinch aholi nishonga olingan hujumni oqlamaydi» degan fikri yodga olingan.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Falastindagi 50 ming homilador ayol asosiy tibbiy yordamdan foydalana olmayotir. Holbuki, xalqaro me’yorlar ayollar va bolalarning tinch va xavfsiz hayot, sog‘liqni saqlash, turarjoy va ta’lim huquqlarini kafolatlaydi.

«Tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarda ayollarning ijobiy roli butun dunyo tomonidan e’tirof etilgan haqiqatdir. Biz ayollar va bolalar masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlar va siyosiy kuchlarni ularni himoya qilish, insoniy qadriyatlar va mulohazalarni birinchi o‘ringa qo‘yish, eng asosiy inson huquqi bo‘lgan yashash huquqini himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqiramiz.  Bolalar o‘layotgan hozirgi dunyoda biror bir da’voni adolatli sanab bo‘lmaydi», – deyiladi bayonotda.

«Adolat va taraqqiyot» partiyasi qon to‘kilishini to‘xtatish va tinchlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyatni bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring