Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Global iqtisodiyot: Xitoy — AQShdan, Hindiston — Germaniya va Yaponiyadan qachon o‘zib ketishi hisoblab chiqildi

Global iqtisodiyot: Xitoy — AQShdan, Hindiston — Germaniya va Yaponiyadan qachon o‘zib ketishi hisoblab chiqildi

Foto: «The Economic Times»

Xitoy 2028-yilda AQShdan o‘zib ketib, dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga aylanadi, bu oldin prognoz qilinganidan besh yil ertaroq, yozmoqda BBC. Britaniya iqtisodiy va biznes tadqiqotlari markazi tayyorlagan hisobotda shunday deyiladi.

COVID-19 pandemiyasi davridagi samarali boshqaruv Xitoyning qanchalik shiddat bilan rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

«Koronavirusning yangi turi bilan birinchi bo‘lib to‘qnash kelishiga qaramasdan, Xitoy tezkor va favqulodda keskin choralar hisobiga virusni jilovlay oldi. Bu ayrim Yevropa mamlakatlarida kuzatilayotgani singari, Xitoyda iqtisodiyotni falajlovchi lokdaunlarni takrorlashga hojat qoldirmadi. Boshqa yirik iqtisodiyotlardan farqli ravishda, Xitoy 2020-yilda iqtisodiy pasayishga yo‘l qo‘ymadi, aksincha, bu yil 2 foizlik o‘sish kutilmoqda», — deyiladi, jumladan, hisobotda.

AQShda buning mutlaqo aksi: iqtisodiyot va jamiyat pandemiyadan ulkan talafot ko‘rdi: qurbonlar soni 330 ming nafardan oshdi, virus qayd etilishi 18,5 million nafarga yetdi.

Iqtisodiy zarar garchi pul-kredit siyosati hamda ulkan budjet rag‘batlari bilan yumshatilgan bo‘lsa-da, yangi ijtimoiy paketlar borasidagi siyosiy ziddiyatlar taxminan 14 million amerikalikni ishsizlik bo‘yicha nafaqasiz qoldirishi xavfi bor.

«Bir qancha muddat global iqtisodiyotning bosh mavzusi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy kurash bo‘lib keldi. COVID-19 pandemiyasi va uning iqtisodiy oqibatlari ushbu kurash, so‘zsiz, Xitoy foydasiga o‘zgarayotganini tasdiqlamoqda», — deyiladi hisobotda.

Pandemiyadan keyingi — 2021-yildagi kuchli sakrashdan e’tiboran, AQSh iqtisodiyoti 2022—2024-yillarda taxminan yillik 1,9 foiz o‘sishni namoyon etadi, undan keyingi yillarda ko‘rsatkich 1,6 foizgacha tushib qoladi. Solishtirish uchun: Xitoy iqtisodiyoti 2025-yilgacha — yillik 5,7 foiz, 2026—2030-yillarda — yillik 4,5 foiz o‘sishni ko‘rsatadi.

Boshqa mamlakatlar bo‘yicha prognoz:

Buyuk Britaniya «Brexit»dan so‘ng 2021—2025-yillarda — yillik 4 foiz, 2026—2030-yillarda — yillik 1,8 iqtisodiy o‘sishga erishadi;

Hindiston Buyuk Britaniyani 2019-yili dunyoning beshinchi yirik iqtisodiyoti sifatida quvib o‘tgandi, biroq pandemiya oqibatlari Janubiy Osiyo mamlakatini pastga tushirib yubordi. Shunga qaramasdan, Hindiston Germaniyani 2027 yili, Yaponiyani 2030-yili quvib o‘tib, jahondagi uchinchi yirik iqtisodiyotga aylanishi kutilyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring