Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Geosiyosatda turkiy davlatlarning o‘rni oshishi bashorat qilindi

Geosiyosatda turkiy davlatlarning o‘rni oshishi bashorat qilindi

Yangi yuzyillikda turkiy davlatlarning geosiyosatdagi o‘rni va maqomi yanada oshadi. Bu haqda Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan tayyorlangan «XXI asrning yorqin yulduzi: Turkiy davlatlar tashkiloti» nomli kitobda so‘z boradi.

Ushbu to‘plam 3 noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammiti doirasida chop etilgan. 

Kitobga so‘zboshi yozgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tili, e’tiqodi, tarixi va madaniyati bir bo‘lgan turkiy xalqlar yaxshi kunda ham, qayg‘uli kunda ham birdam ekanini ta’kidlagan. Siyosatchi turkiy davlatlar xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan mushtarak pozitsiyada ekani, birgalikda yechimlar taklif etayotganini qayd etgan.

«Biz kuchli bo‘lsak, turk dunyosi xatarlardan omonda bo‘ladi. Bir yoqadan bosh chiqarsak, terrorizm, turkiylik va islomga qarshi dushmanlarcha harakatlarga qarshi munosib tarzda kurasha bilamiz, jabr-zulmga uchragan mintaqalarning ovozi dunyoda balandroq yangraydi», – deb yozgan Erdo‘g‘on.

Avval xabar berganimizdek, TDTning Ostona sammitida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bugungi shiddatli zamonda turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini ta’kidlab, bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Hozirda TDT 160 million nufus hamda 4,2 million kvadrat kilometrga cho‘zilgan muhim geosiyosiy hududga ega. Tashkilotga a’zo davlatlarning global iqtisodiyotdagi o‘rni oshib bormoqda. TDT yalpi ichki mahsuloti 1,4 trillion dollarni tashkil etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring