G‘azo aholisiga bombadan ham dahshatli illat xavf solyapti
Turarjoylar va sog‘liqni saqlash maskanlari yakson qilingan G‘azo hududida bombalardan ham ko‘ra ko‘proq odamlar turli xastaliklardan vafot etishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ogohlantirdi.
JSST rahbariga ko‘ra, ayni paytda G‘azoning 1,3 million aholisi xalqaro tashkilotlarning muvaqqat boshpanalarida jon saqlamoqda. Qolgan bir million aholi esa taqdir hukmiga havola etilgan.
Isroil harbiylari HAMAS harakatining hujumiga javoban 7 oktyabrdan 22 noyabrga qadar G‘azo sektoriga bomba yog‘dirdi. Bombardimonlar oqibatida 15 mingga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Minglab turarjoylar, jumladan, shifoxonalar vayron qilindi.
JSST bosh direktoriga ko‘ra, ayni paytda G‘azoda 111 ming o‘tkir respirator, 75 ming diareya xastaligi, shuningdek, minglab chechak, qo‘tir, gepatit kabi boshqa yuqumli kasalliklar aniqlanmoqda.
Tibbiy xizmat va toza suv yo‘qligi, dori-darmon taqchilligi, ochlik hamda tashnalik sabab yuqumli kasalliklar yanada oshishi mumkin.
Isroil 22 noyabr kuni asirlar va mahbuslar almashuvi evaziga HAMAS bilan muvaqqat otashkesimga rozi bo‘lgan. Kuni kecha yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin Netanyahu vaqtinchalik sulh tugashi bilan G‘azo sektoriga hujumlar qayta boshlanishini ma’lum qildi.
Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi.
G‘azoning 2,3 million aholisi salkam ikki oydan buyon suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum sharoitda yashamoqda.
Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, G‘azo sektoridagi shifoxonalar abgor ahvolda ekani bois yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ota-onalari va tibbiyot xodimlarining ko‘z o‘ngida vafot etmoqda.
YuNISEF vakili Jeyms Elder shifoxonalarda jarohatlangan va xastalangan bolalar tibbiy yordamsiz qolayotganini dahshatli holat deb baholagan.
BMT agentliklari G‘azoda hukm surayotgan gumanitar inqiroz sharoitida harbiy harakatlarni qayta boshlash insoniylik tamoyillariga zid ekani, o‘t ochishni butunlay to‘xtatish va gumanitar ko‘mak tizimini tiklash lozimligini talab qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter