Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FVV xavfli hududlardan 799 kishini ko‘chirdi

FVV xavfli hududlardan 799 kishini ko‘chirdi

Foto: FVV

AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari sel-toshqin va yer ko‘chki hodisalaridan aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, xavfli hududlardan ko‘chirilishi lozim bo‘lgan jami 154 ta xo‘jalikdan (799 nafar fuqaro), 87 ta xo‘jalik (441 nafar fuqaro) doimiy ravishda, 67 ta xo‘jalik (358 nafar fuqaro) xavfsiz hududlarga vaqtincha yashash uchun ko‘chirilgan. Shuningdek, aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar xodimlaridan iborat 105 ta, jamoatchilik vakillaridan iborat 27 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilgan.

Respublikaning tog‘li hududlaridagi qor zaxiralarini va baland tog‘lardagi ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida, 5 marotaba aerovizual kuzatuvlar amalga oshirilgan.

Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida suv toshqini va sel oqimlarini betalofat o‘tkazib yuborish maqsadida, mahalliy davlat organlari tasarrufida bo‘lgan daryo va soylarning qirg‘oqlarini mustahkamlash, o‘zanlarini tozalash bo‘yicha 3377,6 ming metr/kub tuproq, 194,7 ming metr/kub tosh ishi, 27,5 ming metr/kub beton ishlari va 609,7 tn. temir ishlari amalga oshirilgan. Ushbu ishlarga 75,7 mlrd so‘mga yaqin budjet mablag‘lari sarflangan.

 Mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha sel-toshqin va yer ko‘chishi xavfi mavjud hududlarda o‘tkazilgan 161 ta maxsus-taktik o‘quv mashqini tashkil qilish va o‘tkazishda 1919 ta texnika va 11 mingga yaqin shaxsiy tarkib qatnashgan. O‘quv mashqlari davomida 90,1 ming metr/kub tuproq ishlari, 45,1 ming metr/kub qum-shag‘al, 2290,6 metr/kub beton ishlari bajarilib, 71 kilometrdan ortiq masofadagi magistral kanallar, daryolar va soylar o‘zanlari tozalangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring