Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fuqarolarimiz ID-kartalarni qulay va tezkor olishga muvaffaq bo‘lishyapti» – Bahrom Ziyayev

«Fuqarolarimiz ID-kartalarni qulay va tezkor olishga muvaffaq bo‘lishyapti» – Bahrom Ziyayev

Hozirgi kunda butun dunyoda axborotlashtirish siyosati bosh masalalardan biriga aylangan. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. Davlat va jamiyatning bosqichma-bosqich axborotlashuvi, manfaatli munosabatlarda inson omilining qisqarishi, xizmatlarning elektronlashib, raqamlashtirish jarayonlarining jadallashishi tufayli yurtimizda ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilinib, ular o‘z natijasini bera boshladi.

Bu haqda bugun, 3 may kuni AOKA binosining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan «Elektron hukumatni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar» mavzusidagi matbuot anjumanida batafsil aytib o‘tildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 5 oktyabrda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilinib, unda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari qat’iy belgilab qo‘yilgandi.

Matbuot anjumanida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyoyevning qayd etishicha, bugungi kunda markaz tomonidan axborot tizimlari va resurslarini rivojlantirish borasida Yagona identifikatsiya tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi (www.id.egov.uz). Eski tizimda ro‘yxatdan o‘tgan faol foydalanuvchilar ma’lumoti yangi tizimga avtomatik tarzda o‘tkazildi. Tizimning ishga tushganiga qisqa vaqt bo‘lganiga qaramay, foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 ming nafarga yetdi (eski tizimda 600 mingta edi). Hozirgi kunda ushbu tizimga davlat idoralari va tashkilotlarining 60 dan ortiq axborot tizimlari va resurslari integratsiya qilingan.

2013 yildan 2020 yilgacha ONE-ID foydalanuvchilarining soni 600 mingga yaqin bo‘lgani, so‘nggi qisqa 3 oy muddatda ular safi qariyb 300 mingtaga ortib, bir millionga yaqinlashgani aholining elektron hukumat xizmatlariga bo‘lgan talabining ortib borayotganidan dalolat beradi.

– Endilikda fuqarolarimiz Migratsiya bo‘limlaridan ID-kartalarni qulay va tezkor olishga muvaffaq bo‘lishyapti. Shuningdek, ushbu jarayonda ular elektron hukumatning identifikatsiya tizimidan ham avtomat tarzida ro‘yxatdan o‘tishadi – deydi markaz direktori Bahrom Ziyoyev. – Yana bir e’tiborli jihati shundaki, biz hozirgi pandemiya sharoitida odamlarning davlat tashkilotlariga borib, navbat turib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasligi yo‘llarini o‘ylab, ularning barcha xizmatlarni masofadan turib olishlariga harakat qilyapmiz. Jumladan, markazimiz tomonidan joriy etilgan biometrik identifikatsiya tizimi ham shu maqsadda ishlab chiqilgan. Masalan, fuqaromiz qaysidir davlat xizmatini olish uchun pasportini ko‘tarib, eshikma-eshik yurib, sarson bo‘lmay, hujjat ishini internet va mobil qurilmalar orqali feys biometrik identifikatsiyasini kiritgan holda bemalol uyda o‘tirib ham bitirishi mumkin.

Davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonini elektron shaklga o‘tkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi yaratilib, ishga tushirildi (www.reestr.uz).

Elektron hukumat doirasidagi yana bir katta ishlardan biri bu – ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri (www.cs.egov.uz) axborot tizimining yangi, mukammal talqinini ishlab chiqish va uni sinov tariqasida ishga tushirish bo‘ldi. U orqali elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy ma’lumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bugungi kunga kelib Registrga 13ta tashkilot tomonidan 41ta klassifikator kiritilgan.

Aholimiz elektron hukumat xizmatlaridan masofadan turib qulay va oson foydalanishi uchun 2020 yil dekabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini ishga tushirildi. Bunda portalga bir qancha yangiliklar va o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 20 dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etildi, elektron to‘lov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik ma’lumotlar yanada aniqroq va kengroq yoritildi. 2020 yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, bugungi kunda elektron xizmatlar soni 216 tani tashkil etmoqda.

Yagona portalning mobil talqini ham ishga tushirilib, 30 dan ortiq elektron hukumat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Fuqarolar va tadbirkorlarga qulay bo‘lishini ko‘zlab, hududlardagi pochta aloqa bo‘linmalarida ham Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda elektron hukumat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, olis va chekka hududlardagi 300 dan ortiq pochta aloqa ob’yektlarida 17 turdagi elektron hukumat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilib, uni to‘ldirish jarayoni davom etmoqda. U davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasi hamda ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilashning monitoring tizimini ta’minlaydi. Bugungi kunga qadar portalga 149ta davlat idoralari tomonidan 11 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan bo‘lib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 milliondan ortgan.

Bundan tashqari, Davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda hududlarning raqamli rivojlanishi holatlari «diagnostikasi»ni o‘tkazish, muammoli masalalarni aniqlash, lozim topilsa, ularni hal qilish yo‘llarini topish maqsadida maxsus baholash metodikalari ishlab chiqildi. Mazkur metodika doirasida davlat organlarida raqamlashtirish darajasini reytingli baholashni avtomatlashtirilgan tarzda olib borish hamda raqamlashtirish holati yuzasidan dolzarb ma’lumotlarning bir joyda saqlanishini inobatga olib, NIS.UZ idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilindi. Va 2020 yil dekabr oyida baholash jarayoni amalga oshirildi.

Baholashda jami 107ta tashkilot ishtirok etib, shundan 59tasi davlat va 48tasi xo‘jalik boshqaruvi organlari bo‘ldi. Natijaga ko‘ra, davlat organlari orasida 16ta (27,1%) tashkilot «yaxshi», 9tasi (15,3%) «qoniqarli», 34tasi (57,6%) «qoniqarsiz» baho olgan. Xo‘jalik organlari orasida esa 5ta (10,4%) «yaxshi», 12ta (25%) «qoniqarli» va 31ta (64,6%) «qoniqarsiz» deb topilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va raqamli ta’lim darajasi holati yuzasidan o‘tkazilgan baholashda jami 203ta tuman va shaharlar ishtirok etib, 28ta (14%) tuman va shaharlar «yaxshi», 59 ta (29%) tuman va shaharlar «qoniqarli», 116 ta (57%) tuman va shaharlar «qoniqarsiz» bahoga ega bo‘lgan.

Hozirgi kunda baholash natijalariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan tegishli o‘rganish ishlarini tashkillashtirish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirish yo‘lidagi dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro indekslar ko‘rsatkichida mamlakatlar o‘rni hamda xalqaro tajribalar to‘g‘risida ham so‘z bordi.

Xulosa shuki, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatga keng tatbiq etib, shaffofligu adolatga asoslangan boshqaruvga o‘tishda eng ishonchli imkoniyat bu – «Elektron hukumat» tizimining joriy etilishidir. Shunday ekan, jahon amaliyotida o‘z afzalliklarini namoyon etib ulgurgan «Elektron hukumat» tizimiga o‘tishga nafaqat hukumat, balki har bir vazirliklar, tashkilotlar va idoralar, hokimliklar, tadbirkorlar hamda yurtimiz fuqarolari mas’uliyat bilan yondashib, yuqori ko‘rsatkichga erishish uchun birdamlikda harakat qilmog‘i lozim. Shundagina biz kutilgan marraga yetishimiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring