Fransuz navoiyshunosi Hindistondan Boburning qo‘lyozmasini topib keldi
Fransuz navoiyshunosi Hindistonga borib, Boburning qo‘lidan yozilgan va Shoh Akbarning yozuvi bilan tasdiqlangan qo‘lyozmani topib keldi.
Bir fransuz navoiyshunosi bor. Ismi Mark Tutan. Juda bilimli olim. Men bilan o‘zbek tilida gaplashadi. Eski o‘zbek tilimizni, Navoiy, Bobur, Ogahiylarning tilini bizdan yaxshi biladi va yozuvlarini o‘qiydi. Universitetda dars beradi, «Chig‘atoy turkchasi»ni - eski o‘zbek tilimizni fransuz talabalariga o‘rgatadi. Navoiyning qo‘lyozmalarini izlab, tadqiq qilish uchun qilish uchun dunyoning to‘rt tomoniga, AQShdan tortib G‘arb davlatlari va Turkiya orqali O‘zbekistongacha kelgan. Uning Navoiy haqida chiqargan 700 sahifali kitobi Fransiyada bir qator mukofotlarga ega bo‘lgan.
Shu o‘rinda yurtimizda shunday olimlar bilan hamkorlik qilinmayotgani va O‘zbekistonda bu olimni tanimasliklarini afsus bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Xullas, yaqinda shu olimni kutubxonada ko‘rib qoldim. U meni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi va bolalarcha shodlik bilan shosha-pisha bir xushxabar aytdi. «Nima gap?» - so‘radim men. «Yaqinda Hindistonga borib keldim. U yerdagi kutubxonada Boburning qo‘li bilan yozilgan va nevarasi Shoh Akbar tomonidan tasdiqlangan qo‘lyozmani topdim», - deya faxrlanib gapirdi u. Telefonini chiqarib, ko‘lyozmalar suratlari orasidan uzoq titkilab, Boburnikini topdi va menga detallarini ko‘rsatib, o‘qib berdi. Tabiiyki, fransiyalik do‘stimdan farqli o‘laroq men bu yozuvlarni o‘qiy olmadim va Markdan suratni menga yuborishini so‘radim. U shu yerning o‘zida suratni yubordi.
Bundan tashqari Akbarshoh davriga oid boshqa bir qo‘lyozmada «Barlos», «O‘zbek», degan yozuvlarni faxr bilan ko‘rsatib, o‘zbek urug‘lari keltirilgan ro‘yxatni ham ko‘rsatdi. Mark Tutan hozir shu hujjatlar ustida ishlayapti ekan.
Men suratni sizga ham ulashmoqdaman. Buning uchun Markka katta rahmat. O‘ylaymanki, tegishli tashkilot va vazirliklar hamda OAV Tutan bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ysa, tadbirlarda O‘zbekistonga taklif qilsa, tadqiqotlarida yordam ko‘rsatsa, hammamiz uchun yaxshi bo‘lardi. Har holda Mark singari Navoiyni, o‘zbeklarni Fransiyaga tanitayotgan olimlar ko‘p emas. Agar yolg‘iz bo‘lmasa, albatta...
Doniyor Ro‘zmetov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter