Farzandini 9 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qamaldi
Poytaxtda 23 yoshli ayol 2021 yilda tug‘ilgan farzandini 9.000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘ldi. Bu haqda Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Baxrom Berdiyev xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari va DXX xodimlari tadbir o‘tkazgan.
Tadbirda hali turmushga chiqmagan ayol farzandi uchun talab qilingan 9.000 AQSh dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
«2020 yilda Namangan viloyatidan Toshkent shahriga ishlash uchun kelgandim. O‘sha yilning noyabrida homilador ekanligim haqida bildim. 2021 yilning yozida ijarada birga yashab turgan tanishim homiladorligimni ko‘rib, homilam to‘g‘risida so‘radi. Homilamni oila-a’zolarim bilmasligini, yashirib yurganimni aytdim. Xonadoshim «bolani tug‘ib, menga ber. Evaziga 15.000 AQSh dollari beraman», dedi. Dastlab taklifini rad etib, o‘zimning tug‘ishgan opam farzandsiz ekanini tushuntirib, tug‘ilajak farzandimni opamga berish niyatim borligi aytdim. Shunga qaramay u «taklifimni uylab ko‘r», dedi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, xonadoshim yana bolani sotib olish taklifi bilan murojaat qildi. «Hozirda 15.000 AQSh dollarim yo‘q. 10.000 AQSh dollarim bor. Shu narxga sota qol», dedi. Taklifiga javoban bolani tuqqanimdan keyin javob berishimni aytdim»,— deydi ayblanuvchi.
2021 yilning avgust oyida bola tug‘iladi. Xaridor bolani onasini 9000 dollarga sotishga ko‘ndiradi.
Shuningdek, bolaning hujjatlari yo‘qligi tufayli hujjat ishlari bitgunicha ayol pulni olgani xususida tilxat yozib beradi.
«Hozirgi kunda farzandim bolalar uyida. Qilmishimdan pushaymonman. O‘zimga tegishli xulosalar chiqardim»,—deydi ayol.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter