Farg‘onada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Hokim hisobot berdi
Farg‘onaga Belarusdan arzon narxda muzlatilgan go‘sht olib kelinishi kutilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tuman Xalq deputatlari kengashida ma’lum qildi.
— Viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda Belarus davlatidan muzlatilgan, halol sertifikatiga ega go‘sht olib kelish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday go‘shtning bozorga chiqarish narxi 42 ming so‘mni tashkil qiladi.
Afsuski aholimiz muzlatilgan go‘sht iste’mol qilishga odatlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, undan ijtimoiy sohalarda foydalanish mumkin. Maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va harbiy qismlarning 6 oylik go‘shtga bo‘lgan talabi 2 100 tonnadan iborat. Agar Belarusdan oyiga 300 tonna go‘sht import qilingan taqdirda ham har bir kilogrammidan kamida 11 ming so‘m tejab qolinadi. Shunda budjetga 22 milliard so‘m qoladi.
Shuningdek ijtimoiy muassasalar sifatli go‘sht bilan ta’minlanadi. Namanganda bolalar bog‘chasida tekshirish o‘tkazganimizda go‘sht o‘rniga tovuq oyog‘i yetkazib berilganini aniqlaganmiz. Mana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Biz sifatli, halol sertifikatiga go‘sht olib kelishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.
Faqat shuning o‘zi emas. Kartoshka, shakar va boshqa mahsulotlarni xorijdan olib kelish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Masalan, kartoshkani Qirg‘izistondan, shakarni esa Ukraina va Belarusdan import qilish mumkin.
Aholining himoyaga muhtoj qatlamini muhofaza etish uchun alohida hokimlik jamg‘armasi bo‘ladi. Shahar atrofida ulgurji, saralash va taqsimlash markazlari bo‘ladi. Mana shu omborlarda zaxira mahsulotlari saqlanadi va mabodo bozorda narx qimmatlasa, kerakli mahsulot savdoga chiqarilib, muvozanat ta’minlanadi.
Viloyatda 680 ta chorvador fermer bor. Ularning har biri go‘sht do‘koni ochib, aholiga birinchi qo‘ldan sifatli va arzon mahsulot yetkazishni yo‘lga qo‘ysa, qancha odamning hojatini chiqargan bo‘lardi. Shuningdek, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Shunday do‘konlarning har birida ikki nafardan odam ishlaganda ham, 1 300 dan ortiq odam ish bilan ta’minlanadi.
***
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonga Belarus va Ukrainadan go‘sht mahsulotlari va qoramol «Farmir Agro» MChJ tomonidan olib kelinmoqda. Bitta yuk mashinasida 21 tonnaga qadar muzlatilgan go‘sht olib kelinadi. Belarusda yaylov, chorva ko‘pligi sababli go‘sht nisbatan arzon, O‘zbekistonga olib kelib, bozorga chiqarish narxi esa 48 ming so‘mni tashkil etmoqda. Qo‘shimcha qiymat solig‘i hisoblanmagan taqdirda mahsulot qiymati 42 ming so‘mdan iborat bo‘ladi.
Belarusda go‘shtning bir kilogrammi 3 dollar, 40 sentdan sotib olinadi. O‘zbekistondan Yevropaga eksport mahsulot olib borgan yuk mashinalari qaytishda import mahsulotni olib qaytadi. Mahsulot halol sertifikatiga ega bo‘lib, tegishli sifat talablariga javob beradi.
Belarus eksport qiladigan go‘shtga Qozog‘istonda ham talab yuqori. Shu sababli qozog‘istonlik tadbirkorlar qoramol go‘shtini halol sertifikati talablari asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘yishgan. «Farmir Agro» MChJ bu borada qozog‘istonlik qo‘shnilarimiz bilan hamkorlik qiladi.
Ukrainada go‘sht Belarusda bo‘lganidan ham arzonroq hisoblanadi. Ammo Rossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyat tufayli, qoramolni tirik holatda Qora dengiz orqali paromda olib kelishga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli yo‘lkira narxi tushib ketmoqda. O‘zbekistonda ko‘proq bo‘rdoqi buqa go‘shtiga talab yuqori bo‘lgani bois, Ukrainadan qoramol tirik holatda olib kelinib, shu yerda so‘yilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Ayni vaqtga qadar oyiga 80 tonna go‘sht olib kelinar edi. Farg‘ona viloyati hokimligi buyurtmasi bo‘yicha import hajmi 200 tonnaga qadar yetishi mumkin. E’tiborli tomoni, «Farmir Agro» MChJ go‘sht importi bilan bir qatorda kartoshka va urug‘lik kartoshka olib kelishni ham yo‘lga qo‘ygan.
***
Kengash davomida shuningdek Xayrullo Bozorov va jurnalistlar o‘rtasida savol-javob tariqasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
— Aholi ehtiyoji uchun zaxira qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari salmog‘i yetarlimi? Qancha zaxira kerak bo‘lishini qanday hal qilgansiz?
— Aholi ehtiyoji uchun lozim bo‘ladigan mahsulotlarning salmog‘i sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan. Bu borada hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, barchasi hisob-kitob qilingan.
—Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar tezkor, ammo vaqtinchalik samara keltiradi. Uzoq muddatli istiqbolda vaziyatni barqarorlashtirish uchun qanday ishlar amalga oshirilyapti? Masalan, go‘sht narxi tushishi uchun uning tannarxini pasaytirish lozim. Buning uchun esa ozuqa yetishtiriladigan yerlarni ko‘paytirish kerak bo‘ladi...
— Savolingiz o‘rinli. Nafaqat go‘sht, balki boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqarorlashtirish uchun ham tizimli ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Buning uchun biz uchta yo‘nalishda ishlamoqdamiz.
Birinchidan, 3 yil ichida bir qator loyihalarni amalga oshiramiz. Joriy yilda qoramolni ko‘paytirish bo‘yicha 43 ta loyihamizdan 33 tasi amalga oshgan. Yana 10 tasi qolmoqda va ularni ham uch oy ichida bajarishimiz shart. Tadbirkorlar orasida chetdan mingtalab mol olib keladiganlari bor. Buning uchun kredit va yer masalasida aniq yechimlar bo‘ladi. Loyihalarning sonini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarimiz bor. 2021 yilda joriy yildagiga nisbatan loyihalarni ikki barobarga oshirishni rejalashtirganmiz.
Ikkinchidan, go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda yer masalasiga kelsak. Juda nozik masala. Afsuski bizda yer resursi cheklangan. Prezidentimizga rahmat aytishimiz kerak, oxirgi ikki-uch yilda Farg‘ona viloyatida qariyb 14-15 ming gektar yerni paxta va g‘alladan chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi. Ayni vaqtda bu yerlarda poliz, sabzavot va meva-cheva yetishtirilmoqda. Viloyatda asosan cho‘l hududida joylashgan tumanlarda paxta va g‘alla yerlari qisqartirilib, chorvachilik va parrandachilik rivojlantirilmoqda.
Uchinchi yo‘nalishga kelsak, biz yangi yerlarni o‘zlashtirmoqdamiz. Afsuski shu vaqtga qadar yerning qadriga to‘liq yetmaganmiz. Garchi Farg‘ona dehqonchilik madaniyati bo‘yicha respublikada oldi viloyatlardan bo‘lsa ham, foydalanilmagan imkoniyatlar hali ko‘p. Yerning qadriga yetganimiz yo‘q. Hosildorlikni ikki barobar oshirish imkonini beradigan texnologiyalar bor. Agar kimyoviy va agrotexnikani o‘zgartiradigan bo‘lsak, hosildorlik ko‘tarilishi turgan gap. Bu borada xorij tajribasini o‘zlashtirishimiz kerak.
Farg‘ona tumanida adirlikda qancha yerlar bor. Quduq qazib, suv chiqarib, o‘zlashtirish kerak. Shunday misollar borki, shu yilning o‘zida o‘zlashtirilgan yerdan 24-25 sentner paxta hosili olingan. Bu yerga yaxshilab ishlov berilsa, qancha daromad olish mumkinligini o‘ylayapsizmi? Yerni tadbirkorga, o‘z egasiga yetkazib bera olsak, oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish ham keskin oshadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter