Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fahsh baronessa»si O‘zbekistonga jo‘natildimi?

«Fahsh baronessa»si O‘zbekistonga jo‘natildimi?

Turkiya ommaviy axborot vositalarida «fahsh baronessasi» ta’rifi bilan o‘zbek ayoli haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Xabar bilan birga uning ism-sharifi, yaqqol surati, qo‘lga olinishi amaliyoti videosi, hatto o‘ta jiddiy nashrlarda ham ochiq-oydin havola qilinmoqda.

Turkiya ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Chanoqqal’a viloyatida maxsus tadbir doirasida Interpol qidiruvidagi 40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.M. qo‘lga olingan. Gumonlanuvchi Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ayollarni Turkiyaga olib kelish va fohishaxonalarga sotish bilan shug‘ullangani xabarlarda ta’kidlangan.

Yana aytilishicha, xalqaro qidiruvdagi «Madam Klod» laqabi bilan tanilgan N.M.ning oylik daromadi million liradan ortiqroq bo‘lgan (hozirda 30 lira bir AQSh dollar atrofidagi qiymatga ega). Bu ma’lumotlar ayolni bir muddat jismonan va texnik jihatdan kuzatish jarayonida Turkiya huquq tartibot organlari tomonidan aniqlangani iddao qilinmoqda.

«Sabah» nashri esa qo‘lga olingan ayol bundan 15 kunlar muqaddam Kuchukko‘y Nikoh uyida soxta hujjat orqali turkiyalik do‘kondor M.Sh. bilan nikohi qayd etilganini yozgan. M.Sh. bo‘lgan voqealardan hayratda ekanini aytgan: «Biz uzoq vaqtdan buyon birgamiz. Ko‘rsatma berishga O‘zbekistonga bormagani uchun izlashayotganini menga aytgandi. Ammo, hamma ikir-chikirlarini gapirmagandi. Xalqaro qidiruv qizil ro‘yxatida borligini bilmasdim. Yozda to‘y qilmoqchi edik. Biror anglashmovchilik bo‘lgan deb umid qilaman».

«Cumhuriet» nashri N.M. O‘zbekistonga jo‘natilganini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun: Klod Xonim 1960-1970 yillarda Fransiyada eng taniqli qo‘shmachi bo‘lgan va u 500 nafar atrofidagi fohisha bilan ishlagani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring