Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«ERP madaniyat» tizimi: raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish soddalashtiriladi

«ERP madaniyat» tizimi: raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish soddalashtiriladi

foto: madaniyat.uz

Bugun Madaniyat vazirligida sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.  

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27 iyuldagi «Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan «Madaniyat va san’at sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish» maqsadida «ERP madaniyat» yagona boshqaruv tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Ushbu tizim doirasida jami 26 ta axborot tizimi ishlab chiqilishi va ular asosida 12 ta yangi elektron davlat xizmati joriy etilishi, aholiga qulaylik yaratish maqsadida esa quyidagi 5 ta mobil ilova yaratilishi rejalashtirilgan:

Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun «Audiobook» platformasi mobil ilovasi;

Aholi uchun foydali va qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etuvchi mobil ilova;

Elektron kundalik mobil ilovasi;

«Milliy media platforma» mobil ilovasi;

Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari uchun funksional ilova.

«ERP madaniyat» tizimi joriy etilishi natijasida 34 ming nafardan ortiq soha xodimlari hamda erkin ijodkorlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Ushbu raqamli tizimlarni joriy etish orqali madaniyat va san’at sohasiga ajratilayotgan davlat budjeti mablag‘larining 20 foizgacha iqtisod qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, Ichki audit va moliyaviy nazorat bo‘limi tahlillariga ko‘ra, yiliga o‘rtacha 19 milliard so‘mgacha mablag‘larning noto‘g‘ri sarflanishining oldi olinadi.

Ma’lumot uchun, mazkur tizim Raqamli texnologiyalar vazirligining «Markazlashgan integratsion platformasi» orqali 33 ta vazirlik va idoralarning 128 turdagi raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi.

Avval yaratilgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari ham «ERP madaniyat» yagona boshqaruv tizimi doirasida birlashtiriladi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring