Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron prezidentining o‘limidan kim manfaatdor edi?

Eron prezidentining o‘limidan kim manfaatdor edi?

Ibrohim Raisiy (1960–2024) mamlakat oliy rahbarligiga asosiy nomzodlardan edi.

Foto: Middle East Images

19 may, yakshanba kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududda ro‘y bergan vertolyot halokati oqibatida mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy halok bo‘lgani rasman tasdiqlandi. Muvaqqat prezident vakolati 68 yoshli birinchi vitse-prezident Muhammad Muxbarga o‘tishi ma’lum qilindi.

Yaqin Sharqda vaziyat o‘ta qaltis bo‘lib turgan bir vaziyatda mintaqadagi asosiy geosiyosiy o‘yinchilardan biri sanalgan davlat rahbari kutilmaganda halok bo‘lishi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hatto bu baxtsiz hodisa emas, balki rejalashtirilgan suiqasd degan farazlar ham ilgari surilmoqda.

Eron Konstitutsiyasiga muvofiq, parlament spikeri, sud hokimiyati rahbari va birinchi vitse-prezident 50 kun ichida prezident saylovini tashkil etishi kerak.

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy «Eron xalqi xavotirlanishiga hojat yo‘qligi, davlat boshqaruvida uzilish bo‘lmasligi» haqida bayonot berdi. Hukumat ham mamlakat boshqaruvida muammolar bo‘lmasligiga ishontirgan.

Ammo tahlilchilar prezidentning kutilmagan o‘limi siyosiy «zilzila»larga sabab bo‘lishini istisno etmayotir.

«The New York Times» gazetasi Raisiyning o‘limi xalqaro siyosatda taranglik hukm surgan vaqtda – AQSh va Eronning yuqori martabali rasmiylari Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yumshatish uchun muzokaralar tashkil etganidan bir necha kun o‘tgach ro‘y berganiga e’tibor qaratgan. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan o‘tgan haftadagi matbuot anjumanida «Eron va uning ishonchli shaxslari Isroilga, mintaqaviy barqarorlikka va AQSh manfaatlariga tahdid tug‘dirayotgani» haqida gapirgan edi.

Ham siyosiy, ham diniy yetakchi sanalgan, 2021 yildan beri Eron prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ibrohim Raisiy mamlakat oliy rahbari 85 yoshli Ali Xomanaiyning vorisi deb ko‘rilar edi. Albatta, oliy rahbarlikka ehtimoliy vorislar orasida Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy ham bor. Ammo mamlakat siyosiy sahnasida u qadar faol ko‘zga tashlanmagan o‘g‘ilning oliy rahbarlikka tayinlanishi omma tomonidan xush qabul qilinmasligi mumkin. Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Karim Sajadpurning yozishicha, oliy yetakchilikka asosiy nomzodning sirli tarzda halok bo‘lishi Eronda konspirologik qarashlarga doyalik qilmoqda.

Isroil va Eron ashaddiy, murosasiz raqiblar ekani sir emas. «The Times of Israel» nashrining yozishicha, prezidentning kutilmagan o‘limi ortidan mamlakatda hokimiyat uchun ichki kurash boshlanishi mumkin. 

Klemson universiteti katta o‘qituvchisi Arash Aziziy «The Atlantic» jurnalida chop etilgan «Ibrohim Raisiyning o‘limidan kim manfaatdor?» degan maqolasida vertolyot halokati tasodif emasligiga ishora qilgan. Tahlilchi mamlakat parlamenti raisi Muhamadboqir Qolibof prezidentlik uchun asosiy nomzod ekanini ham qayd etgan.

Eron kelgusi hafta va oylarda vertolyot halokatida bevaqt vafot etgan prezident hamda yuqori martabali mulozimlarni dafn etish, keyin esa prezident saylovini o‘tkazish bilan band bo‘ladi. Bu esa tabiiy ravishda Tehronning tashqi siyosat, xususan, Isroil–Falastin ziddiyatidagi ishtiroki va ta’sirini susaytirishi mumkin. Aksar tahlilchilarga ko‘ra, bu Eronning geosiyosiy raqiblariga maqbul vaziyat sanaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring