Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yerni «yerlik»lar yer

Yerni «yerlik»lar yer

«Koinot uying ostonasidan boshlanadi, agar ostonangdayoq tugasa — undan yomoni yo‘q!» (Indira Gandi).

Foto: «GoGetNews»

Javonmardlik shuki, uning nazdida

musofir va muqim kishilar tengdir.

Hakim Termiziy

Do‘stim bilan ishdan qaytar edik. Botayotgan quyosh shahar oqshomiga g‘alati kayfiyat baxsh etgan. Tevarak to‘la odam, lekin hech kimning birov bilan ishi yo‘q, o‘z dardicha o‘tib-qaytadi.

— ...Shularni yomon ko‘raman! — dedi do‘stim ittifoqo.

— Kimni? — deb hayron alangladim. Atrofda: qo‘lida bejirim, alvon guldastachalar tutgancha, o‘tgan-ketganga o‘z tilida «Gullardan oling, gulla-ar!» deb turgan mushtdaygina xokisor kampir; chiroyli kiyingan oq-sariq bolakay bo‘yniga tiragan skripkasini sayratayotir — uning «kashkul»iga birov-yarim chaqa pul tashlaydi, boshqasi hech nima tashlamay, shunchaki tinglab, rahmat deb ketadi, u pul beruvchiga tabassum-la ta’zim qilgach, yana kamonchasini tortadi; velosipedda qiyqirib yelayotgan moviyko‘z qizlar...

— Nimaga? — hayronligim oshdi.

— Bizni bosishgan, qul qilishgan... Shunga!

— E-e-e... Qachongi gap bu, do‘st, bularda nima ayb? — mulohazalarini murosaga undadim o‘zimcha.

— Baribir. O‘sha qon, o‘sha urug‘...

Jim ketdik uyog‘iga. Ammo o‘ylarim g‘imirlab qoldi. Ulardan sizib chiqqan savollar «chak-chak» tomardi shuurimga. O‘tmish, javoblar, xulosalar oziq zanjiridek tizilardi. Alhosil shu bo‘ldiki...

Bir Pompeyga — bir Vezuviy!

Xo‘p, «shular» bizni bosmasdan, qul qilmasdan avval... ozodmidik o‘zi? Ahvolimiz qanday edi? Bunday edi: Qo‘qon Nodirasining, Toshkent Julqunboyining, Samarqand Behbudiyining, Buxoro Ahmad Donishining, Xorazm Islomxo‘jasining... boshiga yetgan, yetayotgan va yetish taraddudida edi.

Amiru xonlar o‘zaro qirpichog‘idi. Bir-birini bosish, osish, chopish, so‘yish, terisini shilish... uchun muttasil payt poylab, shaytonni-da shaytonlatadigan firiblar o‘ylar, uyushtirardi. Arkoni davlat arqonu dordan, peshvoi dinlar mutaassibligu tamadan, raiyat esa rasvo-yu raddi qilmishlardan ortmasdi. Qisqasi, Turonzaminda turli fitna-fasod, fahsh, jaholat javlon urardi. Mana shunday vaziyatda...

Yana bir savollar «seriya»si: o‘zimizmasmi «shular»ni najot tusab chorlagan, amirni quvdirgan, keyin... ko‘rarimizni ko‘rgan? «Oqposhsho» bizga qutqu solib kelayotgan bir paytda Qo‘qonga bostirib borgan amirlar, Toshkent qamalda mahali Kaykovus arig‘ini Chirchiq daryosiga burishni kengash bergan, oqibat 42 kunda ahli Shoshning tinkasi qurib, mudofaani yo‘qotishlariga sababchi bo‘lgan tojirlar, qipchoqlar qirg‘inidan ko‘z ocholmay qolgan Xo‘qandi latif darvozalarini jangsiz-nesiz lang ochganlar... o‘zimizdan chiqmaganmidi? Har gal, navbatdagi muzofotimizni mavh etisharkan, madadga yetib kelish o‘rniga, maktub bitib, «oqposhsho»ni alqagan, qizg‘in qutlagan kimlar edi?

Ichkariroq kirsak. Mashrabni lomakon sari lopillatgan kim? U Jayhunning so‘l sohilida soqolu sallalari bir-birovinikidan ko‘rkli «musulmon»lar qurshovida qatl etilmadimi?

Boz ichkarilaymiz. Hazrat Navoiy dovotu qalam qoshida emas, Boyqaro va uning o‘n ikki taxttalab o‘g‘li o‘rtasida tutday to‘kilmadimi? Mirzo Boburni Andijonu Samarqandga sig‘dirmagan amaki-yu tog‘alari, ishongan beklari hamda... mazhabparastlik emasmi asli? Nihoyat Kobulda qo‘nim topgan bobokalonimizni «Hind sori» yuzlantirgan omil — o‘sha davr Hindistonidagi siyosiy tanazzul, ijtimoiy tarqoqlik bo‘lmadimi? Ibrohim Lodining ulkan qo‘shinini Boburshohdan oldinroq boshboshdoqlik tor-mor etmaganmikan?..

Beruniy zamonasidan zikr etsak. 995 yili Kot shahri Gurganj hukmdori Ma’mun I ning askarlari tomonidan egallanadi. Afrig‘iylar sulolasi ag‘darilib, shahar vayron qilinadi... Bilamizki, Kot (hozirgi Beruniy shahri) ham, Gurganj (Ko‘hnaurganch) ham — bitta mintaqaning ko‘hna kentlari. Shunga qaramay...

Bundanam yarim asrcha muqaddam. Forobiy yozadi: «Ba’zi odamlar aytadilarki, turli qabilalar, shaharlar, ittifoqlar yoki xalqlarning bir-biridan farqi bir odamning boshqa odamdan farqiga o‘xshaydi... Ana shu guruhlar o‘z xavfsizligini qo‘riqlash, shon-shavkati, farovonligi, rohat-farog‘ati uchun... o‘zaro kurashadilar va raqobatlashadilar. Har bir guruh shu narsalarni boshqalar tortib olmasin, bular faqat bizda bo‘lsin deb harakat qiladi. (Nizo, urush natijasida) shu narsalarni qo‘lga kiritsalar, o‘zlarini g‘olib va baxtli hisoblaydilar... Mag‘lub guruh a’zolari agar o‘lmay qolsalar ham g‘olib guruhga qul bo‘lib, xizmat qila boshlaydilar... G‘olib guruhlar buni adolatli va tabiiy hol deb o‘ylaydilar» («Fozil odamlar shahri» — T.: «Yangi asr avlodi», 2016. 266 — 267-b.).

Undan-da ilgariroq — islomdan burun-chi? Ikki olam sarvari balqib chiqqusi ma’vodagi qavmlarning o‘zi... o‘rnak bo‘lgulikmidi?

Rahmatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bir maqolasida keltiradiki, johiliyat davrida bir kampirning o‘zidan-da qariroq, kasalmand, hatto o‘rnidan turolmay qolgan sigirini boshqa qabiladan kelgan uch-to‘rttasi mastlikda o‘ldirib qo‘yadi. Va bu qabilalararo... 40 yillik qirg‘inga bahona bo‘ladi.

Eramizda bo‘lganimiz shu ekan, xo‘p, eramizgacha-chi? Manbalarga mirlayman. Olis bitiklardan xolis manzaralarni jonlantirishga urinaman. Eramizdan burungi IV asr: qumtepa ustida chayir jussali Spantamano (Spitamen) o‘tiribdi. Qay yo‘l bilan esa-da «tangri Ammon o‘g‘li»(Makedonskiy)ni daf qilish rejalarini tuzayapti. Ayni lahzalarda, uyoqda — endilikda Zulqarnayn qarorgohiga aylangan So‘g‘diyona saroyida: sobiq ittifoqdoshlaridan biri, Maqdunli fotih uzatgan maydan miyasi qizigancha, ul Siyovush avlodini chuv tushirish xususida peshanasi tirishgan. Boshqasi esa Iskandarga keyingi yurishlarida oziq-ovqat va shu xil muhim ta’minot bobida ko‘maklashajagini bildirayapti...

O‘sha zamon solnomachilaridan bo‘lmish Fukidid (mil. av. 460 — 395-y.) yozadi: «...Agar ular o‘zaro inoq bo‘lganlarida, faqat Yevropadagi emas, Osiyodagi xalqlardan birortasi ham skiflar bilan tenglasha olmas, birorta xalq o‘z-o‘zicha ularga qarshi turishga bardosh bera olmas edi».

Beixtiyor eramiz ibtidosida madaniyat, san’at, me’morchilik, hunarmandlikda Yevropaning oldi shaharlaridan hisoblangan, ammo borib-borib «aynigan», oqibatda Vezuviy vulqoni ostida tiriklay ko‘milgan Pompey fojiasini o‘ylaysan kishi. Haddan oshganlarga Haq bir ofatini yo‘llashi tayin ekan-da. Lekin u qanday ko‘rinishda keladi? Bunisi endi idrokimizga tan.

 Bugunimiz: tumanli talqinlar, dovon ortidagi bahs, «pivo isyoni»...

«Vatan»ni katta harflarda yozishni qoyillatamizu, mayda talqin qilamiz. Bitta misol. Gazetada ishlab yurgan kezlarim. Siyoqidan kollej o‘quvchisiligi ko‘rinib turgan, po‘rim bir yigitcha kirib keldi xonamizga. Qo‘llarida dasta qog‘oz. «She’r ham chiqarasizlarmi? Ijodimdan opkeluvdim», — dedi. «Qani, o‘qiylik-chi?», — deya qo‘l cho‘zdim. Ko‘zim tushgan birinchi sarlavhadanoq tilim tutildi — «Mening ona O‘rtachirchig‘im!». Ichimda o‘qishga tutindim. «Topolmaysiz unga o‘xshashin...» deb boshlanuvchi «she’r»ning har kupleti «...Mening ona O‘rtachirchig‘im! Hur, yagona O‘rtachirchig‘im!» alfozli «radif»da yakunlanardi. Pastlayverdim: «...O‘rtachirchiq tumanida hamma baxtli, shoh... Ey tumandoshim, oltin tuprog‘ini o‘p... Xalqining ko‘zida ko‘rinmaydi g‘am...». So‘nggi qatorlarini bus-butunicha havola etaman:

«...Sirdaryoning qizil cho‘lidan,

Jizzaxlikning Aydarko‘lidan,

Yangiyo‘lning yangi yo‘lidan,

Menga afzal O‘rtachirchig‘im!

Bitta go‘zal O‘rtachirchig‘im!».

Yuragining bir parchasi Farg‘onada bo‘lsa, bir parchasi Surxondaryoda ekanligini kuyunib yozgan xalq shoirimizning o‘ziday jaydari bir misrasini qo‘y-yi-ib yuboribman baralla: «...Mahallasin aytar Afrikada ham». Nedir istiholada bosh ko‘tarsam, bolapaqir ketib bo‘lganakan.

Endi «nasriy», qofiyasiz misol ham aytamanki, bunaqasi har birimizning bisotimizdan, istasak, ming bittalab topiladi. Xullas, shundaylar bor. Tarixga tikka sho‘ng‘igan. Turon, Turkiston desa og‘zining suvi qochadi-yu... o‘zi tug‘ilgan tumandagilardan boshqalarni odam o‘rnida ko‘rishi — qiyin masala. Xonasi kelganda, yorildim biroviga:

— Xafa bo‘lsangizam bir gap, to shunaqa... «tumanli» fikrlarimiz tarqamasakan, mana shunday, allomalarimizga mahliyo bo‘li-ib yuruvramiz.

Kursdosh bir oshnamning uyida, dovon ortida qo‘noq bo‘ldim uch kuncha. U yoqlarga birinchi borishim edi. Ana mezbonlik! Odamlaridagi ohori to‘kilmagan tantilik, fe’l-atvordan toshiblar ketasan. Iqlimi endi alohida mavzu...

Qaytish oldi gapimiz qochdi andak. Shunchaki, do‘stim qo‘shni mahallani «Arab mahalla» atashlarini, u yoqdagi «arab»lar bilan bolalikda ko‘p va xo‘p yoqalashganini, bittasini burniga tepib, qonatib, bukchaytirib qo‘yganini... eslab qoldi.

Soat qaradim, hali vaqt bor. «Yo‘l boshlang unda, shu mahallani ko‘rgim kelayapti», — dedim betoqat. Mehmon amri — vojib. Xushlamayroq qo‘zg‘alarkan, «Arab bor joyga qarab bor» deyishadi bizda», — deb qo‘ydi.

Bora borguncha o‘y ustiga o‘y bosdi: «Arab bor joyga qarab bor», «Tatar bor joyda xatar bor», «Tojikdan do‘sting bo‘lsa, yoningda oyboltang bo‘lsin»... Yana qanchasi qoldi eshitmaganim? Esimni tanibmanki, qulog‘imga quyishadi. Holbuki, Toshkent kelib, mana yetti yildirki, tatar kampirnikida ijarada turibman. To‘rt yil tojik yigit hamxonam bo‘ldi (ularning millatiga shartli ravishda urg‘u berayapman, zotan menga buning ahamiyati yo‘q!). Azbaroyi xudo, na xatarni his qildim, na oyboltaga ehtiyoj sezdim. Qaytanga onamdan ortiq g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi o‘sha kampir. Ukam yo‘g‘idi, endi bor. Bir jigar bo‘lsa, o‘sha hamxonamchalik bo‘lar...

— Endi, bolalikdagi gaplar-da ular, oshna. Hozir, eh-he, eshik-el bo‘p ketganmiz hammalari bilan. O‘sha bolayam e-eng yaqin o‘rtag‘larimdan bugun... Ashitga kiramiz, qarindoshimiz yashaydi betta. Opoqi-i.., — saboqdoshim tovushidan o‘zimni o‘nglab-o‘nglamay, «Iye-iye... Kelinglar-kelinglar...» deganicha quchoq ochib istiqbolimizga chiqayotgan mo‘ysafidni ko‘rdimu, o‘zimni yandim. Qahhor qahramonlaridan biri — «dumli odamlar»ni axtargan kimsaga o‘xshatdim o‘zimni...

Bolalikdan so‘z ochilganakan, tan olaylik, har birimizda oshnamning «qahramonligi» kechmaganmi? Farq bo‘lsa, millat yo mazhabda bo‘lgandir. Ko‘z yumib, botinan qaytaman ortga: ana, hamsoya xotin mushtday bolasini arillatib sudrayapti: «...eroni qishloqqa borma deb nechchi jag‘ uruvdim senga, a? E-endi o‘zingdan ko‘r, oyoqqinangdi urib sindirmasammi?»; ana, maktab stadionida ur-to‘polon — arzimas bir pachoq to‘p uchun butun sinf ikkiga bo‘linib, olatasir olishayapti: «So-ol, pastliklardi... Do‘ngliklardi urtini e-ez...»; ana, yarim kechada baqir-chaqirdan uyg‘ondi qishloq: «Mojorliqlar ko‘payib ketdi, qo-och... Och mesitti qu-uv, och mesitti...» (Mojor, Mesit — qishlog‘imizdagi azaliy, devordarmiyon mahallalar).

O‘sha bolalik jo‘ralarimdan biri zarurat yuzasidan keldi yaqinda. Kechki salqinda shahar aylandik. Toshkentni tunda kezishning gashti bo‘lakcha-da. Porillayotgan sanoqsiz chiroqlar osmonda shu’lalanadi. Yulduzlar yog‘ilib tushgandek xuddi...

Banogoh, yo‘lak chekkasidagi «bodagoh»larning birovida shovqin qo‘pdi. Shovqinki: g‘ayriodatiy, g‘ayriodamiy... Bez o‘tishga betimiz chidamay, bosh suqdik. Qarasak, ikkita to‘da, o‘zaro xo‘rozlanib turishibdi. Hay-haylab surishtirdik. Talabalar ekan. Yonma-yon vohalardan kelishgan. Mojaro boisi kunda-shunda xizmat qiluvchi hofizni talashib qolishibdi: «Bizning stolda aytadi… Yo‘q, biznikida...». Kaftdekkina hovlicha. Ko‘ndalang o‘lchasang ham besh qadam chiqadi yo yo‘q. To‘rida yo‘talsang, tashqariga eshitiladi.

Ikkala stoldayam aytilmaydigan bo‘ldi qo‘shiq. Xo‘jayini quvib soldi barini. Ichkaridan sharaqlatib qulfladi eshikni. Noiloj, «sigirqarash» qila-qila tarqalishdi. Fashizmga fundament vazifasini o‘tagan «Pivo isyoni»(1923 yil 8 noyabr)ni esladim. Ha, Hitler bekorga pivoxonani tanlamabdi...

Modomiki, gapimiz o‘zani siyosatga taqalgan ekan, xo‘sh, ushbu mavzuda ahkomu arboblarimiz nima deydi? Ularmasmi, axir, jamiyatimizni yaxlit saqlab, tinchligu taraqqiyotga dasturilamal yasayotganlar?

 ...Baloga qolgan — surnaychi

Konstitutsiyamizni varaqlayman. Deyarli har modda mohiyatida birgina uqtiriq ufuradi: vatanimiz — O‘zbekiston va unda barcha teng-totuv yashashi kerak!

Bu ta’kid bobdan bobga takomillasha boradi. Qaysini aytay moddalarning: 8, 14, 17, 18, 21, 23, 28, 31, 38, 46, 48, 57, 65, 68, 75...

Quruq sanoqqa berilmay, birortasini aynan olsak:

«O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat» (68 modda).

Bir qarashda jo‘ngina jumlalar, ammo ayrim idoralarimiz peshtoqiga o‘yib yozgulik. Masalan:

Ichki ishlar vazirligi-yu unga tegishli bo‘lgan barcha binolarga (ularning nazdida O‘zbekiston fuqarosi 2 ta toifaga bo‘linadi: toshkentlik, viloyatlik);

Xalq ta’limi vazirligi (maktab darsliklaridagi, ayniqsa boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilariga mo‘ljallangan «O‘qish kitobi»dagi O‘zbekiston mavzuiga doir rasmlar, she’rlar o‘ta tor, hududlashgan ko‘lamda);

Milliy teleradiokompaniya — MTRK (telekanallarimizda uzatilayotgan O‘zbekiston haqidagi klipu roliklarni ko‘ring: ko‘tarinki kuy fonida kamera teleminora, «Milliy bank», Mustaqillik maydoni, favvoralar, ko‘priklar... ustida aylanaveradi-aylanaveradi. Oshib borsa, Oqsaroy, Kaltaminor, Ichanqal’a, Registon majmualariga, Amir Temur, Bobur, Berdaq, Alpomish haykallariga birrov «ko‘z yugurtiradi» (uyam asosan turizm uchun, vatanparvarlikmas — «valyutaparvarlik» muddaosi!). Eskilar aytmoqchi, To‘ytepadan nariga o‘tmagan, o‘tsa-da ichiga nimadir inmagan rejissyoru klipmeyker tasavvuricha «O‘zbekiston»... shu-da).

Ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin, biroq... taomning tuzini bilish uchun uni oxirigacha yeyish shart emas.

Konstitutsiyamizni yopib, boshqalariga, qonun-qarorlarga o‘taman. Bilgich-boxabarlardan o‘smoqchilayman. Nomi ulug‘ nashrlarimizdan birining muharriri tagdor ohangda ma’nilatadi:

«Olti yuzdan ortiq qonun hujjatlarimiz ichida aynan shu illatga qarshi qaratilgani uchramaydi ochig‘i. Nega? Yashirib nima qildik, rahbarlarimiz aksari undan manfaatdor. Hech kuzatganmisiz, ne-ne umidlarda yangi rahbar tayinlashadi. O‘tirisham gapmi, yotib qolayozgan tashkilot(muassasa, jamg‘arma, birlashma, ittifoq...)ni oyoqqa turg‘azishiga ishonishadi. Ko‘pincha nima bo‘ladi: qisqa muddatda u jamoani «o‘zinikilar»ga to‘ldiradi yo teskarisi — jamoa uni «o‘zlari tomon»ga og‘dirishga tushadi. Eplolmasa, siqib-siqib, chiqarib yuboradi...».

Sirtdan baholasak, tutaqqulik holday bu. Aslida-chi? Aytaylik, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bir hisobdan ayni muddaodek, bir hisobdan... aks-ta’sir bo‘lmasligiga kim kafil?! Odamzot tabiati ta’qiqqa moyilroq. «Qilma!» deganni qilsam deydi. Mark Avreliy(121 — 180-y.)dan «Mana biz shuncha qonunlar qabul qilayapmiz, lekin nega otasini o‘ldirgan bolaga hech qanday jazo chiqarmayapmiz?» deya so‘rashsa, «Men bu qonunni qabul qilmayotganim boisi shu tushunchaning o‘zi odamda bo‘lmasin» deganakan zakiy siyosatdon.

Bahor hamali, so‘z amali bilan boqadr. Qonun, qanchalar dolzarb bo‘lmasin, ijrosiz... qog‘ozlardan bo‘lak narsamas. Bu esa ko‘proq rahbariyatning bevosita xalq ichida ish yuritishi shart bo‘lgan bo‘g‘inlariga — deputatlar, hokimlar, mahalla oqsoqollariga bog‘liq. Basharti, ular sustkashlik, mas’uliyatsizlikka mukkasidan ketsa, xudoning urgani shu. Ulus dardi ulkanlashgani sari mansabdor dardi maydalashadi. Maydalashganda ham mansabini — bo‘ynidagi burchini pisanda qilib maydalashadi. Eng yomoni, el-yurt yaralarini ochiq qoldirib, har qaysi har tomondan ko‘rpani o‘zining ustiga tortishga tushadi.

Gazetchilikda suyagi qotgan bir akamiz hikoya qiladi:

— Shaharchamizda dongdor bir bankning filiali ochiladigan bo‘ldi. Tuman hokimligi bino ajratdi. Avgustning o‘n birigacha bitishi kerak deyishdi. O‘ntacha usta, qanqillatib ta’mirni boshladik. Ukam ikkov harna ro‘zg‘orga yamoq deb qo‘shilgandik ularga.

Hamma qandaydir g‘ayrat bilan ishladi. Shungami, iyul tugamay ishning tagi ko‘rindi. Binoyam qutichaday bo‘ldi-qoldi: devorlari pushtirang, eshiklari oppoq... Shu kunlarda ivir-shivir oraladi: viloyatdan vakil kelayotganmish, tekshirarmish. Kesa kepti-da dedik, yeb qo‘ygan joyimiz bormi, erta-indin bitirasi bo‘lsak.

Keldi ham. Xonadan xonaga o‘tdi. Dumday ergashamiz qayoqqa qayrilsa. Qosh-qovog‘i uyulgandan-uyulivurdi. «Bo‘lmaydi», — dedi-da oxiri. «Nimaga?» — guvilladik baravar. «Bankning viloyat markazidagi binosini ko‘rganmisizlar? A bunga nisbatan ko‘rimsiz bo‘p qopti-ku, — dedi o‘dag‘aylab. — Shu-unchalik ishlov berish shartmidi-a, ohak surtib qo‘ysanglaram bo‘luvraydi chekka bir tuman uchun... Ta-ak, bunday, muhlat bor hali, shundayakan, to‘g‘rilaysilar «xato»laringni. Devorlarni ko‘kka bo‘yaysilar, eshiklarni qizilga... Gap qo‘shilmasin! Ruxsat bergan kim — biz, demak, bizning aytganimizday bo‘ladi. Tamom! O‘zim xabar olaman yana...».

Ketdi. E, bu, pushtirangni ko‘kartirish ham o‘limakan bir. Ustma-ust uch marta kraskaladik o‘ziyam. Amalladigov deb turganimizda tuman hokimi kep qoldi. Eshik-derazalarning turqini ko‘rib, qo‘yanchig‘i qo‘zidi. «Bersa, o‘zlarini o‘ylab bergan ruxsatni, — dedi bo‘g‘ilib. — Ertaga yopilib-popilib ketsa banklari, bino o‘zimizga qoladi-ku baribir. Qani, asliga, oldingi rangiga qaytaringlar, tez! U enag‘ar bilan o‘zim gaplashaman!».

Bu safar to‘rt marta surtdik bo‘yoqni. Eshiklarni ko‘rsang endi mano-ovday bo‘p shishib ketdi-da. Ularning qurishini ayt. Oldimizda esa: muhlatning oxirgi 5 kuni va 46 ta xona. Sentyabrga kep olapes bir narsani topshirdik-da-yey, ishqilib...

Boshidan o‘tkazgan odam ko‘z oldimda, yig‘laguday avzoda aytib bermaganida o‘xshatib to‘qilgan hajviya fahmlardim buni. Tavba deysan turib-turib.

Xotima. Yer kimniki?

Birgina yigirmanchi yuz yillikda yuz bergan, yetmaganday asrimizga-da «hatlagan» muhorabalar nomiga nazar tashlaylik. Qaysidir el yoxud e’tiqodga o‘qtalgan bari: Rus-yapon urushi, «Oliy irq» da’vogarlari va «katta og‘a»larimiz kasriga yog‘ilgan jahoniy kulfat, hind-musulmon taloto‘plari, AQSh-Vetnam jangi, turk-arman nizolari, Isroil-Falastin to‘qnashuvlari, shimol-janub» (Koreya) muammosi, afg‘on urushi, IShID, arab bahori... Alhazar aytasan. Odamu Havvodan to‘raganlarning «hunar»imi hammasi? Ko‘pining «start chizig‘i»da yolg‘iz savol turadi tishlarini g‘ijirlatib: «Qayerliksan?». Yer yetmaydimi bizga?..

Ikki zamindor parcha yer ustida pachakilashib qopti:

— ...Yer meniki! Qayga borsang bor.

— Bekor aytibsan, meniki bu yer! Ota-buvamdan qolgan...

— Ota-buvammish... Urug‘ingning tayini bormi o‘zi? Mening kimlardanligimni bilasanmi?

— Nim-ma?!..

Qarashsa, qon to‘kiladigan. Dono bir qariyani boshlab kelishibdi. U ihrab-sihrab, muk tushibdi-yu yerga qulog‘ini qo‘yibdi.

— O‘rin solib berardi-ik? — so‘z qotibdi zamindorlardan biri.

— Jim! O‘zidan so‘rayapman kimnikiligini? — xotirjam shivirlabdi javoban.

— Yo‘g‘-yey... Mening ismimni aytayotgandir hoynahoy? — ermaklabdi ikkinchisi.

— Ikkoviyam meniki-i deyapti yer, — qaddini rostlabdi qariya...

Xulosa o‘rnida: «Koinot uying ostonasidan boshlanadi, agar ostonangdayoq tugasa — undan yomoni yo‘q!» (Indira Gandi).

Sherbek Boboqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring