Erkaklarda — 0,59, ayollarda — 0,32. Pasayish sababi nimada?
Bir yarim asr davomida odamlarning o‘rtacha tana harorati yarim darajaga pasayib ketdi. Bu borada tadqiqot olib borgan Stenford univesitetining tibbiyot maktabi olimlari (professor Juliya Parsonet boshchiligida) shu xulosaga kelishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asrda sog‘lom odamning o‘rtacha tana harorati 37 darajani tashkil etgan.
Olimlar so‘nggi 157 yil davomida tana haroratlari o‘lchangan qariyb 1 million kishining ma’lumotlarini tahlil qilishdi va... pasayishga guvoh bo‘lishdi. Sog‘lom erkaklarning tana harorati o‘rtacha 0,59 darajaga, ayollarniki o‘rtacha 0,32 darajaga pastlagan.
XIX asrda inson tana harorati 36,6 daraja bo‘lishi — past, 37 daraja — me’yor sanalgan. Nemis fiziologi Vunderlix Leypsigdagi shifoxona va poliklinikalarda davolangan 25 mingga yaqin bemorlarning tana haroratlari haqida yozib qoldirgan ishlar shundan dalolat beradi.
Bugungi kun tibbiyot mutaxassislari o‘lchamlar (o‘sha davrlardagi) to‘g‘ri olinganiga shubha qilishmaydi. Avvaliga o‘tgan asr odamlari tana haroratlari yuqori bo‘lishiga yallig‘lanish jarayonlari va bakterial infeksiyalar sababchi bo‘lgan degan gumonga ham borishgan. Biroq tez orada ma’lum bo‘ldiki, hozirda hatto infeksiyalardan eng kam aziyat chekuvchilar — Janubiy Amerika yovvoyi qabilalarida yashovchilarning ham tana harorati pasayishi kuzatilmoqda.
Professor Parsonetning taxminicha, o‘rtacha inson tana haroratining pasayishi metabolizmning sekinlashuvi bilan bog‘liq — aynan uning sur’ati tana haroratini belgilaydi. Metabolizm o‘z tezligining 6 foizini yo‘qotgan. Metabolizmning «tormozlanishi»ga nima sababchi bo‘lgani esa fanga noma’lum.
Yaqinda Garvard universiteti bu boradagi o‘z farazini ilgari surdi: metabolizmni sekinlashtirgan omil — zamonaviy sanoat inqilobi, uning natijasida insonga jismoniy yuklanish kuniga 27 daqiqagacha kamaygan. Bu o‘sha «yo‘qotilgan 6 foiz tezlik» bilan mos keladi. Oddiy ifodalaganda, odamlar kamharakat bo‘lib qolishgan — «sovib» borayotganimiz shundan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter