Erining buyragini olgan odamga rafiqasi ham buyragini berdi
Amerikaning Florida shtatida yashovchi Terri Xerrington bir paytlar marhum erining a’zolari ko‘chirib o‘tkazilgan odamga o‘z buyragini berdi, deb yozadi «Fox News».
2004-yilda Brayan Xerrington tomda ishlayotganda yiqilib halok bo‘lgan. Tirikligida vafotidan so‘ng donorlikka rozi bo‘lgani uchun a’zolari bir nechta bemorga ko‘chirib o‘tkazilgan.
Diabetdan qiynalayotgan Jeffri Grenjerga buyragi bilan oshqozonosti bezi nasib qilgan.
Birinchi yili donorning kimligini unga oshkor etishmaydi. Anonimlik olib tashlangach, u xaloskorining qarindoshlari bilan tanishishga qaror qilgan. Ko‘p o‘tmay Jeffri va Terri do‘stlashib ketishgan.
O‘tgan yili Jeffrining ko‘chirib o‘tkazilgan buyragi ishlamay qoldi va yana transplantatsiya masalasi paydo bo‘ldi. Shunda Terri o‘zini donor sifatida taklif etdi. Dastlab Jeffri uni hazillashyapti deb o‘ylagan. Operatsiya muvaffaqiyatli chiqdi.
Jarroh Mark Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat uning amaliyotida ilk bor kuzatilishi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter