Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on global boshqaruv tizimini isloh qilishga chaqirdi

Erdo‘g‘on global boshqaruv tizimini isloh qilishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida global boshqaruv arxitekturasini isloh qilish bo‘yicha takliflar berdi.

Siyosatchi, xususan, BMT Xavfsizlik kengashi faoliyatini tanqid qildi.

«Xavfsizlik kengashi endilikda xalqaro xavfsizlik kafolati bo‘la olmayotir. Aksincha, u besh davlatning siyosiy nizomi to‘qnashadigan jang maydoniga aylanib qoldi», – degan Erdo‘g‘on.

Ushbu nufuzli tuzilma xalqaro siyosiy inqirozlarning oldini olish, ayniqsa, Ukraina bosqini masalasida sustkashlik qilmoqda.

Kengashning besh doimiy a’zosi (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya) ko‘pincha bir-biri taklif etayotgan rezolyusiyalarga veto qo‘yayotgani sababli xalqaro tashabbuslar amalga oshmay qolmoqda.

«Biz butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka mas’ul sanalgan BMT tizimidagi boshqaruv institutlarini zudlik bilan qayta tashkil etishimiz kerak. Jahondagi barcha millat, e’tiqod va madaniyat vakillarini tamsil etadigan yangi global boshqaruv arxitekturasini barpo etmog‘imiz lozim», – deb ta’kidlagan Turkiya yetakchisi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ham BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi chiqishida Xavfsizlik kengashini isloh qilish zaruratiga to‘xtalgan. Oq uy sohibi Kengashning doimiy va muvaqqat a’zolari sonini oshirishni taklif qilgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan boshqaruv tuzilmalari hozirgi reallikni aks ettirmasligi, binobarin, ular faoliyatini tanqidiy asosda ko‘rib chiqish lozimligini aytgan.

Turkiya prezidenti avvalgi chiqishlarida ham BMTning zamonaviy formatini qoniqarsiz deb baholagan.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, «Dunyo beshdan kattaroqdir!» Ya’ni xalqaro muammolarni hal etish faqatgina BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosi vakolatida bo‘lishi nomaqbul holatdir. Qolaversa, 8 milliard nufusli Yer sayyorasi aholisining taqdiri besh davlat hukmiga bog‘liq bo‘lib qolishi to‘g‘ri emas.

Erdo‘g‘on 2021 yilda chop etilgan «Dunyo adolatliroq bo‘lmog‘i mumkin» (Daha Adil Dünya Mümkün) deb nomlangan kitobida ham BMT kurrai arzdagi jiddiy muammolarni hal etishga ojizlik qilayotganiga e’tibor qaratgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 2017 yili BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Xavfsizlik kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish zarurligi haqida gapirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring