Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on G‘azoga oid xavotirli raqamlarni oshkor etdi

Erdo‘g‘on G‘azoga oid xavotirli raqamlarni oshkor etdi

Isroil harbiylari tomonidan G‘azoda sodir etilayotgan shafqatsizliklarni to‘xtatish uchun Tel-Aviv yuritayotgan dezinformatsiya va yolg‘on kampaniyasiga qarshi kurashish kerak bo‘ladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari axborot vazirlarining navbatdan tashqari majlisi qatnashchilariga yo‘llagan murojaatida gapirdi.

Turkiya rahbariga ko‘ra, Isroil ma’muriyati G‘arb davlatlarining dastagi bilan qamaldagi G‘azo aholisiga nisbatan ayovsiz harakatlar sodir etmoqda. 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 30 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirildi, 70 mingdan ziyodi jarohatlandi.

«Isroil tomonidan o‘ldirilgan g‘azoliklarning asosiy qismi bolalar, ayollar va qariyalardir. Isroil bosqinchi kuchlari nafaqat begunoh tinch aholi vakillari, balki joylardagi hodisalar haqida dunyoga xabar berayotgan matbuot vakillarini ham nishonga olmoqda. Isroil tomonidan erkin matbuotning ovozini bo‘g‘ish maqsadida o‘ldirilgan OAV vakillari soni 100 nafardan oshib ketdi», – dedi Erdo‘g‘on.

Ciyosatchi hozirgi murakkab vaziyatda yolg‘on kampaniyasiga qarshi kurashish islom dunyosi oldidagi  muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.

«Isroil insoniyatga qarshi jinoyatlari hamda harbiy huquqbuzarliklarini yashirish uchun barcha vositalar, jumladan, propaganda va faktlarni soxtalashtirish usullaridan foydadlanmoqda. G‘arb OAV noxolis yangiliklari bilan Isroil propaganda tegirmoniga suv quymoqda. Bunday vaziyatda biz musulmon mamlakat sifatida yolg‘on haqiqat yuzini to‘sib qo‘ymasligi uchun kerakli sa’y-harakatlarni qilishimiz kerak», – dedi Turkiya yetakchisi.

Avvalroq, Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun ham xalqaro hamjamiyat Isroil olib borayotgan aldov siyosatiga munosib javob berish kerakligi haqida gapirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring