«Yengilmas soqchi»: O‘zbekiston va AQSh harbiylari qo‘shma mashqlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi hamda boshqa xavfsizlik kuchlari AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bilan inqirozga qarshi qo‘shma mashqlar o‘tkazdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
24-fevraldan 2 martga qadar davom etgan va «Yengilmas soqchi – 2020» deb atalgan mashqlar ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va o‘zaro muvofiqlikni oshirish maqsadida tashkil etildi.
Harbiy mashg‘ulotlar dala-o‘quv poligonlari va O‘zbekiston hukumati ruxsat bergan boshqa ob’yektlarda uyushtirildi. Ayrim amerikalik harbiylar ushbu mashg‘ulotlarda Florida shtati Tampa shahridagi «MakDill» avibazasida masofadan turib qatnashdi.
«O‘zbekiston bilan harbiy hamkorligimiz o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlarga asoslangandir. «Yengilmas soqchi» mashqlari kabi o‘quv dasturlari va qo‘shma javob mashqlari bizning O‘zbekiston bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorligimiz chuqur va kengligini ko‘rsatadi», – deydi AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum.
Qayd etilishicha, «Yengilmas soqchi» harbiy mashqlari har ikki mamlakat xavfsizlik kuchlari uchun notanish muammolarga duch kelganda tezkorlikni oshirish va harbiylar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga imkon berdi. Bu kabi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar zarurat tug‘ilganda birgalikda harakat qilish uchun hamkor davlat harbiy xizmatchilarini tayyorlashda qo‘l keladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, amerikalik harbiylar har yili AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi mas’ul bo‘lgan hududlarda hamkor davlatlar bilan 80 dan ortiq mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter