Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar

«Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar

Kamala Harris.

2020-yil 3-noyabrda AQShda 45-prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 1842-yildan buyon amal qilib kelayotgan AQShdagi prezident praymeriziga ko‘ra har ikki partiya ham o‘zining shtatlar darajasida o‘tadigan birlamchi ichki saylovlarida yagona nomzodni tanlab olishi kerak. Keyin ushbu nomzodni o‘z partiyasidan AQSh prezidentligiga ilgari suradi va shundan so‘nggina Oq uy yetakchiligiga qaqshatqich kurash boshladi.


Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi


Prezident praymeriziga 2020-yil fevralda start beriladi va 13-16-iyulda esa qurultoyda partiya o‘z yetakchilarini belgilab oladi. Ungacha demokrat nomzodlar o‘rtasida kim eng kuchli ekanligini ko‘rsatish uchun siyosiy chiqishlar davom etadi.

Respublikachilar esa 24-27-avgustda Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahrida o‘z qurultoyini o‘tkazadi. Biroq prezident Donald Tramp inauguratsiyadan keyin ikkinchi muddatga ham nomzodini ilgari surishini bildirgach, respublikachilar aynan unga katta ishonch bildirmoqda va partiya ichida ichki kurash yuz bermaydi.

Hozir demokratlar orasida senator Emi Klobushar (Minnesota shtati), senator Elizabet Uorren (Massachusets shtati), Talsi Gabbard (Gavayi shtati), Berni Sanders (Vermontdan), senator Kori Buker (Nyu-Jersidan), texaslik sobiq kongressmen Beto O‘Rurka, senator Kristen Jillibrand (Nyu-York), sobiq shahar taraqqiyoti vaziri Xulian Kastro bilan bir qatorda 21-yanvarda Kaliforniya shtatidan senator Kamala Harris xonim ham o‘z nomzodini ilgari surdi.

Kamala Harris. Foto: «Dallas Weekly»

Kamala Devi Harris 1964-yil 20-oktyabrda Oklend shahrida tavallud topgan. Onasi hindistonlik ilmiy xodim, saraton xastaliklari bo‘yicha mutaxassis Shamala Gopalan, otasi yamaykalik iqtisodiyot professori Donald Harris bo‘lishgan. Kamala 7 yoshligida ular ajrashib ketishdi. Sanskritdan tarjima qilganda «kamala» nilufar degan ma’noni beradi. 

Onasining katta yordami va o‘z tirishqoqligi bilan Kamala Govard va Kaliforniya universitetlarini huquq yo‘nalishi bo‘yicha tamomladi. Doktorlik ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

1990-yillarda Alamida okrugida prokuror o‘rinbosari, 2004-2011-yillarda San-Fransisko okrug prokurori, 2011-2017-yillarda Kaliforniya bosh prokurori, 2017-yil 3-yanvardan buyon Kaliforniya shtatida senator bo‘lib ishladi.

Shaxsiy hayotidan ko‘ra xizmatga ko‘proq e’tibor qaratdi. Faqat 50 yoshga chiqibgina o‘z hamkasbi Duglas Emxoffga turmushga chiqdi. Uning farzandi yo‘q, biroq turmush o‘rtog‘ining birinchi nikohidan tug‘ilgan ikkita bolaga ona maqomida.

Tarjimai holi uning bir tekisda yuksalib borganini va tartibli ayol ekanligini tasdiqlaydi. U o‘zining o‘tkir qarashlari, qat’iy pozitsiyasi, murosasiz chiqishlari bilan respublikachilar – fillar uchun jiddiy raqib hisoblanadi.

U o‘z shaxsiy yutuqlarini birinchi so‘zi bilan boyitishni yaxshi ko‘radi. Masalan, Kaliforniyaning birinchi qora tanli bosh prokurori bo‘lgan. Ushbu shtatning ilk qora tanli senatori hamdir. U AQShdagi oliy lavozimga nomzod qilib ko‘rsatilgan afrika va osiyo qoni umumlashib ketgan ilk ayol hamdir. Agar prezident etib saylansa, bu borada yana birinchi bo‘ladi.

Foto: «NewsIn.Asia»

Jurnalistlar undan o‘zi qora tanli bo‘la turib, nima uchun oq tanli erkakka turmushga chiqqanini so‘rashganida shunday javob bergan edi. «Eshiting, men o‘z turmush o‘rtog‘imni sevaman. U men oila qurishni istagan yagona erkakdir. Chunki men uni yaxshi ko‘raman va u ham meni qattiq sevadi».

Uning qora tanli ekanligi bo‘yicha kamsitishga o‘xshash ayrim fikrlarga ham javobi aniq: «O‘ylaymanki, ular «qora odam» nima ekanligini tushuna olishmaydi. Men o‘z vaqtimni «qoralar» qanday odamlar ekanligi haqidagi ma’rifat soatlariga bag‘ishlamoqchi emasman. Men shundayman va «qora tanli» ekanligimdan faxrlanaman. Shunday bo‘lib tug‘ilganman va shundayligimcha o‘laman».

AQSh jamiyati uchun jangchilar kerak

U o‘z rasmiy kampaniyasini 27-yanvarda o‘zi tug‘ilgan Oklend shahridan boshladi. Uning dasturlari markazida ijtimoiy tenglik, jinoiy adliya va migratsiya islohotlarini o‘tkazish turadi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim va soliq siyosatiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish niyatida.

«Men mahalliy hokimiyat organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlab, noyob tajriba orttirdim. Amerika jamiyati uchun jangchi kerak. Va men buni qilishga tayyorman», deydi Kamala xonim.

Politsiya xodimlarining barcha xatti-harakatlarini qayd etib borish uchun ularni videokamera bilan ta’minlash tarafdori. Og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni jinoyat kodeksidan chiqarish, kichik jinoyat sodir qilganlarni ishga joylashtirish bo‘yicha dasturlarni qo‘llashni taklif qilmoqda.

Ayollar reproduktiv huquqlari uchun kurashmoqda. Ming afsuski, Amerika jamiyati uchun allaqachon urfga kirgan va qaysidir ma’noda siyosiy dividendlar keltiruvchi bir jinsli nikohlar uchun ham kurash olib bormoqda.

Uning shtabi Harrisdan kuchli prokuror-ayol qiyofasini yaratmoqchi. Qonunning ustuvorligini ta’minlashga kuch berar ekan, Donald Tramp va uning ma’muriyatini qonunlarga rioya qilmayotganlikda ayblamoqda.

«FiveThirtyEight» internet portali Harrisni 2020-yildagi saylovlarda eng kuchli nomzodlardan biri, deb e’lon qildi: «Obamadan keyin demokratik partiya xotin-qizlar partiyasiga aylanib bormoqda va ijtimoiy adolat tarafdori bo‘lmoqda. Harrisning siyosiy qarashlari va tarjimai holi mazkur partiya ilgari surayotgan g‘oyalarga to‘liq hamohangdir».

Yoshlar, xotin-qizlar va milliy ozchilik (afroamerikalik, lotinamerikalik, osiyoliklar) vakillari saylovlarda u uchun ovoz berishiga ishonmoqda.

U Oq uyning sobiq rahbari Barak Obama bilan 2007-yildan buyon siyosiy ittifoqchidir. Chunki o‘sha paytlarda mazkur shtatdan ko‘pchilik demokratlar elitasi Hillari Klinton nomzodini yoqlagan bo‘lsa, u B.Obama tarafida bo‘lib qolgan.

Foto: «Today Show»

O‘z vaqtida prezident Barak Obama uni «mamlakatdagi eng jozibali bosh prokuror», deb atagan va 2016-yili Senatga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan edi. Uni ba’zan «Barak Obamaning ayol shakli», deb ham atashadi.

U AQSh Senatining adliya qo‘mitasi a’zosi sifatida notiqlik bobida juda toblandi. Garchi Senatda respublikachilarning qo‘li ustunlik qilsa-da, Tramp yangi administratsiyaning muhim lavozimlariga ko‘rsatgan nomzodlarni tayinlash chog‘ida juda qattiq savollar qo‘yib, shoshirgan ham shu ayoldir.

Kichik singlisi Mayya Harris esa o‘tgan prezidentlik saylovi kompaniyasida Hillari Klinton jamoasida ishladi va o‘zlashtirgan boy tajribasi opasiga juda qo‘l kelishi mumkin. Chunki aynan shu singlisi va turmush o‘rtog‘i uning saylov shtatiga rahbarlik qilishmoqda. 

Afroamerikaliklar huquqlari uchun kurashchi, Nobel mukofoti sovrindori Martin Lyuter Kingni asosiy qahramon sifatida biladi. Yana bir ideali – 1972 yili demokratlar tomonidan prezidentlik saylovida ishtirok etuvchilar orasida bo‘lgan afroamerikalik Shirli Chizxolm.

Bir kunda 1,5 million dollar

U o‘z nomzodini ilgari surishini e’lon qilganidan keyin bir kun ichida 1,5 million dollar jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘tkazgan Oklenddagi mitingda 20 ming nafar tarafdorlari qatnashdi, video anonsini 6 million kishi tomosha qildi. Hozirda u CNNning demokratik nomzodlari ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda.

U saylov oldi kampaniyasida korporatsiya va yirik homiylardan mablag‘ olmaslikka, ularning ta’siriga tushib qolmaslikka va’da berdi. Bunday holda saylov kampaniyasini moliyalashtirishda qiynalib qolishi mumkin. 

Foto: «Iowa Public Radio»

Bir tomondan hozir dempartiyaning ichida katta o‘zgarishlarni qilish, yangi yo‘nalishlarni belgilab olish kerak. 2016-yili Hillari Klinton saylovlarda mag‘lubiyatga uchragach, 7,5 million a’zoga ega partiya inqirozga tushib qoldi.

Demokratlarda o‘zgarishlar davri yetdi. Ammo bu mushkul vazifani qanday qilib bajarish mumkin, degan savol ochiqligicha qolmoqda.

Harris xonim bu bo‘yicha o‘z strategiyasini qat’iy ilgari sura olsa, qudratli partiyani yoshartirishga va yangi qon olib kirishga qodir yetakchiga aylanadi.

Biroq bu D.Trampga qarshi tura olishiga yetarlimikan? Yo‘q albatta. Chunki Tramp, garchi Oq uyda tartibni o‘rnata olmagan, aholi orasida reytingi tushib borayotgan bo‘lsa-da, oxirgi 30 yilda birorta prezident qilmagan ishni ikki yilda bajarib qo‘ydi. U 4 million yangi ish o‘rnini yaratdi, yalpi ichki mahsulot hajmini barqaror ravishda 3 foizga o‘sishini ta’minlamoqda.

Foto: «Axios»

Shu sababli ikki yil ichida turli tergov tahdidlari Trampni sudga qadar tortib ketmasa, xonimga juda qiyin bo‘ladi.

Qolaversa, sobiq vitse-prezident, 76 yoshli demokrat Jo Bayden janoblari ham hali o‘z nomzodini ilgari surmadi. Agar shunday bo‘lsa, Harris xonim tajribali siyosatchining soyasida qolib kelishi mumkin.

U hozir ko‘proq amaldagi prezident Donald Trampni ayblab, «ochko» jamg‘arish payida bo‘layapti. Ammo «prezidentning Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblaysizmi», deb so‘ralgan savolga javob berishdan mohirlik bilan qochdi. Ua yni paytda Senatdagi razvedka qo‘mitasi a’zosi sifatida bu kabi mavzularga juda ehtiyotkorona yondashmoqda.

Siyosiy chirkin o‘yinlar ham allaqachon boshlangan. 1996-2004-yillarda San-Fransisko meri bo‘lgan 84 yoshli Villi Braun kutilmagan qiziq bayonot bilan chiqdi. U xonimni 20 yildan ortiq vaqt ma’shuqi bo‘libgina qolmay, uning siyosiy mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga yordam berganini aytib maqtandi. U mer bo‘lgan davrida xonimni Ishsizlik holatlarida sug‘urtalash bo‘yicha Apellyasiya kengashi davlat komissiyasiga va Tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Kaliforniya komissiyaga tayinlaganini eslatdi.

Bu esa xonimning obro‘siga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qolaversa, uning ota-onasi chetdan kelib qolgan immigrantlar bo‘lib, Hindiston va Yamaykada tug‘ilishgan. U Oklendda tug‘ilib, Kanadaning Monreal shahridagi o‘rta maktabda tahsil olgan va AQShda katta bo‘lganini doim ta’kidlaydi.

Ammo u endi haqiqatdan ham Oklendda tug‘ilganini isbot qilishi kerak, deb aytmoqda konspirologlar. Qolaversa, uning qora tanlilarning ashaddiy himoyachisi ekani oq tanli saylovchilar tomonidan aks qabul qilinishi ham mumkin.

Ayrim ekspertlar esa uni prinsipsizlikda ayblayapti. U o‘lim jazosini har doim axloq qoidalariga zid deb hisoblashini bildirgan. Masalan, 2004-yilda politsiya xodimini o‘ldirishda aybdor deb topilgan yigitning qatl etilishiga qarshi bo‘lgan.

Oradan bir necha yil o‘tib, o‘lim jazosini saqlab qolish tarafdorlari qatoriga o‘tdi va sudda bu jazo turi konstitutsiyaviy ekanligini bildirdi. U keyinchalik bunday beqaror harakatini prokurorlik faoliyati bilan bog‘ladi va ba’zan xizmat majburiyatlari oddiy odam sifatidagi qarashlariga mos kelmaganini tan oldi.

Eng boy shtatning haqiqiy vakilasi

AQShning g‘arbiy qirg‘og‘idagi, 1850 yilda tashkil topgan Kaliforniya shtati hududi 424 ming kvadrat metr va poytaxti Sakramento shahridir. Shtatning 40 million aholisi bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. 58 ta okrug va 480 ta shahardan iborat.

Tinch okeani suvlari qirg‘oqlarini yuvib turadi, AQShning Oregon, Nevada, Arizona, Meksikaning Quyi Kaliforniya shtatlari bilan chegaradosh. 2,2 trillion yalpi ichki mahsuloti hajmi bilan AQShda yetakchi.

Kaliforniya. San-Diyego. Foto: «Pac Group»

AQShdagi 79 nafar milliarder va 663 ming millionerlar ushbu shtatda istiqomat qiladi. Shtatda asosan oq tanlilar (57 foiz), lotin amerikaliklar (37 foiz), afroamerikaliklar va hindular yashaydi.

Axborot texnologiyalari sohasida ishlovchi dunyodagi eng yirik kompaniyalari joylashgan Kremniy vodiysi ham shu yerda joylashgan.

Los Anjelesda 1968-yil 5-iyunda senator, AQSh Prezidentligiga nomzod, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining akasi Robert Kennedi otib o‘ldirilgan. 

Ushbu shtat aksariyat hollarda demokrat nomzodlarga ovoz berishi hisobga olinsa, uning o‘z shtatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga ishonsa bo‘ladi.    

L.Hasan o‘g‘li

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring