Axborot xizmati boshlig‘i endi bevosita davlat organi rahbariga bo‘ysunadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani haqida xabar qilgan edik.
Ushbu qaror bilan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to‘g‘risida namunaviy Nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Axborot xizmati (matbuot xizmati, jamoatchilik bilan aloqalar xizmati) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi markaziy apparatining mustaqil tarkibiy bo‘linmasi deb hisoblanishi hamda bevosita uning rahbariga bo‘ysunishi belgilandi. Axborot xizmati rahbari ham bevosita davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining rahbariga bo‘ysunadi va ayni vaqtda uning matbuot kotibi hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, yangi qaror qabul qilinishi bilan o‘z kuchini yo‘qotgan Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-sentyabrdagi 203-son qarori bilan tasdiqlangan eski Nizomda Axborot xizmati markaziy apparatning tarkibiy bo‘linmasi deb belgilangan edi, endi esa unga «mustaqil tarkibiy bo‘linma» maqomi berildi. Shuningdek, Axborot xizmati rahbarining «bevosita davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining rahbariga bo‘ysunishi» ham yangi hujjatda alohida belgilab qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter