Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestri yaratiladi
«Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori imzolangani haqida xabar berdik.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2018-yil 1-iyulga qadar muddatda Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestrini (keyingi o‘rinlarda Milliy reyestr deb yuritiladi) yaratish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilindi.
Belgilandiki:
- Milliy reyestrni yuritish elektron shaklda onlayn rejimda amalga oshiriladi;
- Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda tovar (xizmat)larni elektron tijorat orqali sotishdan olgan daromadlari umumiy sotilgan tovarlar (xizmatlar) hajmining kamida 80 foizini tashkil etuvchi, shu jumladan, elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjatlar va xabarlarni saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar kiritiladi.
Milliy reyestrni shakllantirish, yuritish va kelgusida rivojlantirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markaziga yuklatildi.
Milliy reyestrni yuritishning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- elektron tijorat ishtirokchilari to‘g‘risidagi yagona elektron axborot bankini yaratish;
- elektron tijoratni joriy etish va rivojlantirish holatining tizimli monitoringini olib borish va baholash, shu jumladan, axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishning samaradorligini o‘rganish;
- elektron tijoratni samarali rivojlantirish uchun maqsadli tahlilini olib borish va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlar 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar hisoblanishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter