Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dunyodagi eng kichik shifokor»ning katta tashvishlari (video)

«Dunyodagi eng kichik shifokor»ning katta tashvishlari (video)

Foto: Oddity Central

Maqsad yo‘lida tinmay harakat qilinsa, har qanday to‘siqlar oxiri qulashi mumkinligiga hindistonlik 23 yoshli Ganesh Barayyaning hayot yo‘li yaxshi misol bo‘ladi. Kichik jussasi tufayli hayotda katta bosimga uchrashiga qaramay, u shifokor bo‘lish orzusini ro‘yobga chiqara oldi. Bu haqda Oddity Central yozmoqda.

Gujarot shtatining Talaja Taluka tumanida tavvalud topgan Ganesh Barayya bolaligidanoq muammolarga ro‘baro‘ keldi. Sog‘lom tug‘ilgan, ammo to‘rt yoshligida uning boshi tanasiga nisbatan kattalashib ketayotganidan tashvishlangan ota-otasi shifokorga olib borishadi. Tashxis qo‘rqinchli edi: bedavo, hech kim yordam berolmaydi. Onasi qo‘rqqanidan hatto o‘g‘lining boshiga shlem kiygazib qo‘yadigan bo‘ldi. Maktabda uni ko‘rgan bolalar ko‘pincha ustidan kulishar, biroq qo‘llab-quvvatlovchi do‘stlari ham yetarli edi.

Kunlik topishi 200 rupiy bo‘lgan otasi Vittal Bxaiga bir kuni agar Ganeshni sirkka masxarabozlikka topshirishsa, evaziga 100 ming rupiy berishni aytishadi. Taklif otani shunchalik dovdiratib qo‘ydiki, o‘g‘lini o‘g‘irlab ketishlaridan qo‘rqib, maktabga o‘zi kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi.

Jussasi kichikligiga qaramay, Ganeshning niyatlari ulkan edi. Bolaligidan shifokorlikka havasmand, bor kuchini o‘qishga, yuqori baholar olishga qaratardi. Maktabni bitirib, tibbiyot bakalavri va jarrohlik bakalavri (MBBS) bo‘lish uchun hujjat topshirdi, lekin qabul qilishmadi. Garchi uning test natijalari yaxshi chiqsa-da, bo‘yi pastligi (91,4 sm) uchun, Hindiston tibbiyot kengashi favqulodda vaziyatlarda u vazifasini uddalay olmaydi, deya xulosa chiqardi.

Rad javobidan ko‘ngli cho‘ksa-da, Ganesh orzusidan voz kecholmadi. Maktab direktori ko‘magida shtat ta’lim vaziriga murojaat qildi, keyin Gujarat oliy sudigacha bordi. Eshikma-eshik tentirashlardan bir kor chiqmadi. Va nihoyat, ish Hindiston Oliy sudiga borib yetganidan so‘ng, adolat tantana qildi!

2018-yilda mamlakatning Oliy sud instansiyasi Ganeshni o‘zi xohlagan yo‘nalish (MBBS) bo‘yicha tahsil olishga huquqli deb topdi. Va u keyingi yili imtihondan o‘tib, talaba bo‘ldi. Yaqinda Ganesh Barayya shifokor diplomini qo‘lga kiritdi va Bxavnagardagi Sir-T shifoxonasiga ishga kirdi. Albatta, bu yerda ham unga osonmas. Sababi o‘sha-o‘sha.

«Hozir men bolalikdagi orzuim yo‘lidaman. Hammaga o‘xshamasligimni yaxshi tushunaman, biroq yaxshi yashashga haqqim bor deb o‘ylayman. Xuddi boshqa odamlar kabi, ota-onam men bilan faxrlanishlarini istayman», — dedi dunyodagi eng kichik shifokor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring