Dunyoda har daqiqada bir bola ochlikdan nobud bo‘lmoqda – Erdo‘g‘on

Kurrai zamindagi adolatsizliklar, urush va ziddiyatlarni bartaraf etish uchun yangi xalqaro tartib lozim. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Antaliya diplomatik forumidagi ma’ruzasida gapirdi.
Siyosatchi dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan tengsizlik va tabaqalanishni tanqid qildi.
«Bir tomonda iqtisodiyot nash’a namo topmoqda, osmono‘par binolar qad rostlamoqda, ayrim odamlarning cho‘ntagi qappayib, ba’zi davlatlar kun sayin boyib bormoqda. Sirasini aytganda, statistika dunyo rivojlanayotganidan dalolat bermoqda. Afsuski, ikkinchi tomonda ko‘z oldimizda bolalar ochlikka mahkum. Ochlik virusi dunyo bo‘yicha koronavirusdan ham ko‘proq inson hayotiga zomin bo‘layotir. Bugun dunyoda har 10 soniyada bir bola nobud bo‘lmoqda, sabab – bir burda non, bir qultum suv topilmayotir», – dedi Erdo‘g‘on.
Turkiya yetakchisi sayyoramiz bo‘ylab qochqinlar soni shiddat bilan o‘sib borayotganini xavotirli hol o‘laroq baholadi.
«2014 yildan hozirga qadar O‘rtayer dengizi suvlari umid va ilinj ila yo‘lga chiqqan 25 ming insonning mozoriga aylandi. So‘nggi 10 yilda jahon bo‘yicha qochqinlar soni ikki baravarga ortib, 85 million nafarga yetdi. So‘nggi o‘n besh kunda ular safiga 2 million ukrainalik qochqinlar qo‘shildi. Boshpanasini tark etganlar soni yana oshishi kutilmoqda», – dedi u.
Qayd etilishicha, adolatsizliklar sabab insoniyatning salmoqli qismi munosib hayot kechirish imkonidan mosuvo bo‘lgan.
«Ayni paytda kuniga 2 dollardan kamroq daromad topayotgan 1 milliard inson jon saqlash uchun beayov kurashmoqda. Bu raqamlar biz ro‘baro‘ kelayotgan adolatsizliklar ko‘lamini tasavvur qilish uchun kifoya qilsa kerak. E’tiborga molik jihati, bu raqamlar ortida munosib va xavfsiz hayot kechirishga haqli jonli xilqat – ota-ona, aka-ukalar turibdi. Taassufki, biz yosh bolalar umidsizlikdan nihol kabi qovjirayotgan, 800 million kishi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan mahrum etilgan, har kuni yuz millionlab odam och-nahor holda uyquga ketayotgan dunyoda yashamoqdamiz», – deya ehtirosli mulohazalari bilan bo‘lishdi notiq.
Turli mintaqalarda avj olgan qirg‘inbarotlar, urushlar butun dunyo tinchligiga raxna solmoqda, ta’bir joiz bo‘lsa, Yer sayyorasi kiprikdagi yoshdek qalqib turibdi. Turkiya rahbari o‘z nutqida dunyoning biror bir davlati urushlarning menga daxli yo‘q deya olmasligini ta’kidladi, chunki dunyo go‘yo katta bir qishloqqa aylanib ulgurdi va vaqti kelib urush olovi men daxlsizman deb o‘ylatayoganlarni ham o‘z domiga tortishi aniq. Shunga ko‘ra, prezident Erdo‘g‘on insoniyat urushlarni bartaraf etib, tinchlikka erishishga majbur ekanini uqtirdi.
Turkiya rahbari amaldagi xalqaro tartib, xususan, BMTning hozirdagi formatini qoniqarsiz deb baholab keladi. Hozirgi xalqaro boshqaruv tizimi dunyo ikki qutbli bo‘lgan eski davrdan meros bo‘lib, bu ahvolda insoniyat duch kelayotgan turfa muammolarni hal etish imkonsizdir. Erdo‘g‘onga ko‘ra, «dunyo beshdan kattaroqdir». Ya’ni xalqaro muammolarni hal etish faqatgina BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a’zosi (AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya) vakolatida bo‘lishi nomaqbul holat.
Antaliya diplomatik forumidagi nutqida ham BMTni isloh etish zaruratini urg‘ulagan siyosatchi Ukrainadagi urushni bartaraf etishda xalqaro tashkilot zaiflik qilayotganini qayd etdi.
Avval xabar berganimizdek, R.T.Erdo‘g‘on 2021 yilda chop etilgan «Dunyo adolatliroq bo‘lmog‘i mumkin» (Daha Adil Dünya Mümkün) deb nomlangan kitobida ham adolatsizlik, migratsiya inqirozi, xalqaro terrorizm, islomofobiya, siyosiy munofiqlik kabi illatlardan bahs etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 11-13 mart kunlari davom etadigan Antaliya ikkinchi diplomatik forumida o‘nlab davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, yetmishga yaqin vazirlar qatnashmoqda. Xalqaro mashvaratda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarligidagi yurtimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter