Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo yetakchilari Isroilni qaltis qadam qo‘ymaslikka undamoqda

Dunyo yetakchilari Isroilni qaltis qadam qo‘ymaslikka undamoqda

Rafahda issiq ovqat uchun navbat.

Foto: AP

Isroil ma’muriyati G‘azo sektoridagi Rafah shahriga hujum rejasini tasdiqladi, deb xabar berdi mamlakat matbuoti. Xalqaro hamjamiyat yahudiy davlatini 1,4 million falastinlik jon saqlayotgan shaharga hujum qilmaslikka chaqirib kelayotgan edi.

Kecha HAMAS harakati Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish bitimi tuzishga roziligini bildirgan edi.

Ammo Tel-Aviv HAMAS taklifi ular qo‘ygan shartlardan yiroq ekanini aytib, harbiy harakatlarni davom ettirishga qaror qilgan.

«The Times of Israel» nashri xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari Rafah nazorat postini allaqachon egallagan. Shaharni Misr bilan bog‘lovchi yo‘lda ham nazorat o‘rnatilgan.

Isroil harbiy uchoqlari Rafahning sharqiy qismini bombardimon qila boshlagan. 6 mayga o‘tar kechasi uyushtirilgan bombardimonlarda 26 nafar falastinlik, jumladan, 8 nafar bola halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon hududni muttasil ravishda bombalamoqda. Yuz minglab falastinlik qirg‘inbarotdan qochib, mo‘’jazgina Rafah shahridan qo‘nim topgan. Ayni paytda xalqaro tashkilotlar hamda dunyo siyosiy yetakchilari Tel-Aviv ma’muriyatini mazkur shaharga hujum ommaviy qirg‘inga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Mo‘’jaz shaharda 1,4 million falastinlik jon saqlamoqda. Foto: BMT

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko‘ra, Rafahga hujumni mutlaqo oqlab bo‘lmaydi. Chunki quruqlikdagi operatsiya juda og‘ir gumanitar fojialarga olib keladi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatda Rafahga hujum borasida qat’iy noroziligini bildirdi. Rasmiy Parij Rafahdagi ko‘p sonli aholining Isroil tomonidan majburan ko‘chirilishini harbiy jinoyat deb sanaydi. 

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham hujum rejasini butkul nomaqbul deb baholagan.

Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini tanqid qilib kelayotgan Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kro Rafahga hujum aholi uchun dramatik oqibatlar keltiradi deb hisoblaydi.

YeIning tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Tel-Avivning hujum rejasi mintaqadagi o‘zi shundoq ham og‘ir vaziyatni butkul yomonlashtirishidan ogohlantirgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus ham Isroil rahbariyatini bu qaltis rejadan voz kechishga undagan.

Isroilning yaqin ittifoqchisi AQSh ham Rafahga hujum rejasini ma’qullamagan.

Falastin ma’muriyati xalqaro hamjamiyatni qirg‘inbarotning oldini olishga undagan.

«Xavfsiz hudud»ga ham bombalar yog‘ilmoqda. Foto: AFP

«Rafahning bosib olinishi 1,5 million falastinlikning qirg‘in, qatliom qilinishi, shuningdek, avvaldan aytib kelayotganimizdek, aholining surgun etilishiga olib keladi. Biz mintaqaviy va xalqaro kuchlar, xususan, AQSh bilan Rafah bosqinini to‘xtatish borasida faol muzokara olib bormoqdamiz», – deyiladi Falastin tomoni bergan bayonotda.

Dushanba kuni Isroil mudofaa kuchlari Rafah shahri aholisini hududni tark etishga chaqirdi.

Holbuki, bunga qadar Tel-Aviv «xavfsiz hudud» deya falastinliklarni Rafahga borishga undagan edi.

Tahlilchilar G‘azoda davom ettayotgan jadal harbiy harakatlar hamda bombardimonlardan jonini asrab uchush Rafahda jam bo‘lgan falastinliklar uchun boshqa qochadigan joy yo‘qligini aytmoqda. 

213 kundan beri davom etayotgan urush davomida 34735 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 78108 nafari jarohatlandi. Vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan 10 ming nafar falastinlik hozircha «daraksiz yo‘qolgan» degan maqomda.

BMTga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortdi.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan. Ayni paytda 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring