Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunay sohilidagi Yevropa gavhari (foto)

Dunay sohilidagi Yevropa gavhari (foto)

Agar tarix va zamonaviylik bir nuqtada kesishsa, bu shubhasiz, Budapesht bo‘ladi. Vengriya poytaxti Dunay sohilidagi madaniyat, musiqa va tarix uyg‘unlashgan maskandir.

Ferens List aeroporti: Yevropa yuragiga eshik

Har bir sayohat aeroportdan boshlanadi. Ferens List nomidagi xalqaro aeroport Budapeshtni dunyo bilan bog‘laydigan nuqtalardan biri hisoblanadi. U 2024 yilda 17,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Yangi terminal qurilishi bilan bu ko‘rsatkich 25 millionga yetishi kutilmoqda. Bu nafaqat logistika, balki Vengriyaning yuksalib borayotgan nufuzini ham ifoda etadi.

Arxitektura – tilsiz tarixnavis

Vengriya Parlamenti binosi — bu nafaqat siyosiy markaz, balki san’at asari hamdir. 691 zal, 242 haykal, 40 kg oltin — barchasi neogotik uslubdagi ushbu binoda mujassam. Shu yerda, 2000 yildan buyon Avliyo Ishtvan toji saqlanadi.

"Karmelita" saroyi va Varkert Bozor – tarixda teatr, madaniyat markazi va bugungi kunda Bosh vazir qarorgohigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan inshootlardir.

Musiqiy shahar

Opera teatri — Budapeshtning madaniy timsoli. Bu yerda akustika La Skala yoki Pale Garnega tenglashadi. Teatrning birinchi musiqiy direktori — Vengriya milliy madhiyasining muallifi Ferens Erkel bo‘lgan.

Gastronomik inqilob

«Virtu» restorani — Vengriya milliy taomlarining yuqori cho‘qqisi. MOL Campus’ning 28-qavatida, 143 metr balandlikda joylashgan bu restoran Michelin tafsiyanomasiga kirgan.

Dunay sohili: esdan chiqmas xotira va romantik manzaralar

Osma ko‘prik, Buday qasri — Budapeshtning o‘ziga xos qirralarini ochib beradi.

Dunay bo‘yidagi "Tuflilar" memoriali esa insoniyat fojiasini (Xolokost qurbonlari) tarixga muhrlab qo‘ygan.

Termal xavzalar va tarixiy osoyishtalik

Secheni sihatgohi nafaqat shifobaxsh maskan, balki arxitekturaviy qiymatga ham ega. Uning 18 ta basseyni va 1246 metr chuqurlikdagi termal bulog‘i bor.

Budapesht — tarix va zamonaviy hayot uyg‘unlashgan shahardir. Har bir ko‘cha, har bir bino o‘ziga xos, bu shaharga tashrif — inson xotirasida butun umrga saqlanib qoladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring