Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dugonalar» — O‘zbekiston xotin-qizlarining «ko‘ngil minbari»ga aylanadi!

«Dugonalar» — O‘zbekiston xotin-qizlarining «ko‘ngil minbari»ga aylanadi!

O‘zbekiston xotin-qizlarining minbariga aylanadigan «Dugonalar» jurnali nashr yuzini ko‘rdi.

Foto: Behzod Madaminbekov

O‘zbek ayolining fitrati — mo‘’jiza. Shu sabab, ahli olamning hayratiga sazovor. Buyukligining siri, qudratining kuchi shunda. U — jamiyat ko‘zgusi, millatning davomchisi.

Ayol — tarbiyachi. Shunday ekan, jamiyat oldidagi ilk vazifa uning ma’naviy xazinasini boyitish, uni ma’rifatga oshno qilib, ko‘nglini mehr javohirlari bilan to‘ldirish.

Endi mart oyini O‘zbekiston xotin-qizlari yana bir unutilmas, shirin xotiralar bilan eslaydi! Sababi, ayni shu oy Muhtaram Prezidentimiz istagan va kutgan, O‘zbekiston xotin-qizlarining minbariga aylanadigan «Dugonalar» jurnali nashr yuzini ko‘rdi.

Foto: Behzod Madaminbekov

Bugun, 20-aprel kuni «Yoshlar ijod saroyi»da ushbu jurnalning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shoir-yozuvchilar, mutasaddi tashkilotlar vakillari va mamlakatimizning eng chekka hududlarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar, shuningdek, vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shgan faol ayollar, faxriyalar ishtirok etdi.

— Yoshlarni ma’rifatli qilib tarbiyalash, zamonaviy namunali oilalarni shakllantirish va qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli ishlarni yanada kuchaytirish, mamlakatimizdagi ayollar bilan muloqot qilishning eng yaxshi vositasi bo‘lishini ta’minlash, yoshlarning, xususan, qizlarning erishgan yutuqlari, shuningdek, mamlakatimizdagi eng faol va oqila xotin-qizlarning ibratli hayot yo‘llarini namuna sifatida ko‘rsatish jurnalning bosh g‘oyasidir, — dedi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova.

Taqdimot marosimi Sharof Rashidovning «Dugonalar» she’riga bastalangan qo‘shiq bilan ochildi. Jurnal mazmun-mohiyatini aks ettirgan videolavha esa yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi!

Foto: Behzod Madaminbekov

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid O‘zbekiston xotin-qizlarini ushbu minbar bilan tabriklab, jurnalning keyingi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat tiladi.

— Jurnal mamlakatimiz xotin-qizlari uchun eng yaqin dugonaday qadrli bo‘ladi, — dedi «Dugonalar» jurnalining bosh muharriri Halima Xudoyberdiyeva.— Biz, bu uchun barcha imkoniyatlarimizdan foydalanamiz. Yurtboshimizga xotin-qizlar nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz!

Taqdimot marosimi davomida jurnalning keyingi faoliyati xususida fikr-mulohazalar yuritildi, ishtirokchilar tomonidan takliflar berildi.

Tadbir so‘nggida bir juft diltortar mumtoz qo‘shiq yig‘ilganlarga yanada xushkayfiyat ulashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring