«Don narxini barqarorlashtirish aholi cho‘ntagidan bo‘lmasligi lozim» — «Adolat» partiyasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Adolat» SDP fraksiyasi ijrochi kotibi Anvar Egamqulovning ma’lum qilishicha, mazkur yig‘ilishda dastlab joriy yilning 2 oktyabr kuni Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan Oliy Majlisga yuborilgan «G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash to‘g‘risida»gi murojaatnomasini ko‘rib chiqishdi.
Qayd etilishicha, partiya tomonidan murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar va takliflar bevosita joyiga chiqib, don korxonalari, fermerlar hamda aholi bilan uchrashgan holda batafsil o‘rganildi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, hududlarda sohani rivojlantirishga qaratilgan qator ijobiy ishlar bilan birga, yechimini kutayotgan qator muammolar borligi kuzatilgan. Jumladan, don, un va nonni sotishga, shuningdek, donni qayta ishlash tarmog‘iga nisbatan bozor mexanizmlarining mavjud emasligi sohaning raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermayapti.
Deputatlar e’tirof etishicha, ayrim fermer xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o‘z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali g‘alla yetishtirish hajmlarini ko‘paytirishga ularning qiziqishlari ortishini ta’minlash bugungi kunda sohadagi eng muhim masala hisoblanadi.
Fraksiya deputatlari qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtiriladigan don va uni qayta ishlashdan olinadigan un, qolipli non va boshqa mahsulotlarni sotish, sotib olish, shuningdek ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlashdi. Faqatgina ushbu jarayonga shoshma-shosharlik bilan emas, bosqichma-bosqich tarzda o‘tish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni e’tiborga olish lozimligi ta’kidlandi.
Shundagina g‘allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida erkin narxlarda sotish tizimini yaratishni ta’minlash masalasini ko‘rib chiqish mumkin. Buning uchun esa ushbu sohada rivojlangan davlatlarning ijobiy tajribasini har tomonlama tahlil qilgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
«Adolat» SDP deputatlari ushbu mexanizmni amaliyotga joriy etishda don, un va non mahsulotlari narxlari erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘shimcha xarajatlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan taqdirdagina mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashlarini qayd etishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter