Diplomatik mojaro: AQSh Falastin vaziriga vizani jiddiy shart bilan bergani oshkor bo‘ldi
Kuni kecha AQSh poytaxti Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Falastin tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiyga jurnalistlarning savoliga javob qaytarish imkoni berilmadi.
Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi muloqot guruhi a’zolari G‘azodagi vaziyat yuzasidan Qo‘shma Shtatlar rasmiylari bilan muzokara o‘tkazgach, matbuot anjumani o‘tkazgan.
Jurnalistlardan biri Falastin tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiyga kelgusida HAMAS bilan siyosiy boshqaruv bo‘yicha hamkorlik haqida savol bilan murojaat qilgan.
Buning ortidan muxbirga yuzlangan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon falastinlik hamkasbi OAV savollariga javob bera olmasligini aytgan.
«Janob al-Malikiy viza bilan bog‘liq shartga ko‘ra savolingizga javob bera olmaydi. Gap shundaki, AQSh hukumati janob Malikiyga bu borada cheklov qo‘ygan. U OAV xodimlari savollariga javob bera olmaydi va ular bilan muloqotga kirishmaydi», – degan Faysal bin Farhon.
Saudiya vaziri Falastin TIV jurnalistlar savoliga javob bergan taqdirda unga huquqiy chora ko‘rilishi ehtimoli mavjudligini ta’kidlagan. U viza cheklovi «tarixiy» amaliyot ekanini ham aytgan.
Ushbu diplomatik mojaro yuzasidan izoh bergan AQSh davlat departamenti migratsiya qonunchiligida shaxslarning OAV bilan muloqotini cheklovchi tartib yo‘qligini ma’lum qilgan.
«AQSh qonunchiligiga muvofiq vizaga doir ma’lumotlar maxfiy sanaladi. Shunga ko‘ra muayyan viza arizasiga doir tafsilotlarni ochiqlay olmaymiz. AQSh immigratsiya qonunchiligida shaxslarga matbuot bilan muloqotni taqiqlovchi qoida ko‘zda tutilmagan. Biz shaxslarga matbuot bilan muloqot qilishni man etmaganmiz», – degan Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller.
Arab davlatlari va Turkiya tashqi ishlar vazirlaridan iborat delegatsiya AQSh rahbariyatini G‘azoga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqishga undagan.
Xalqaro hamjamiyat Isroilning G‘azoda minglab begunoh insonlar o‘limiga olib kelgan harbiy amaliyotini to‘xtatish va doimiy otashkesimga erishishni talab qilmoqda. Isroilni ham moddiy, ham harbiy dastaklayotgan Vashington esa HAMAS harakati butkul yo‘q qilinmaguncha, o‘t ochish to‘xtatilmasligi kerak deb hisoblaydi.
8-dekabr kuni BMT Xavfsizlik kengashida G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiya ovozga qo‘yildi. Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan 15 davlatdan 13 tasi ushbu hujjatni yoqladi. Buyuk Britaniya ovoz berishda qatnashmaslikni ma’qul ko‘rdi. Kengashning doimiy a’zosi bo‘lgan AQSh rezolyutsiyaga veto qo‘ydi.
BMT Xavfsizlik kengashining boshqa ikki a’zosi – Rossiya va Xitoy AQSh rahbariyatini o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi chiqish orqali tinch aholi vakillarining o‘limini yanada ko‘paytirishda aybladi.
Co‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, G‘azoda Isroil bombardimonlari oqibatida 7-oktyabrdan 10-dekabrga qadar 17700 nafar falastinlik, jumladan, 7729 nafar bola halok bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter