Digital Holding O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish bilan shug‘ullanadi
Toshkent, 25-aprel. «INNOSANOAT. Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi.
Digital Holding, MegaFon va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «IT-Med» MCHJ sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi.
O‘zbekistonning eng yirik raqamli holdingi Innosanoat doirasida «Elektron sog‘liqni saqlash – 2025» strategiyasini amalga oshirish uchun texnologik yechimlarni taqdim qildi.
«Zamonaviy raqamli texnologiyalar tibbiy muassasalar xodimlarini kundalik ishlarning bir qismini bajarish majburiyatidan xalos etish orqali nafaqat jarayonlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va avtomatlashtirishga, balki xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga yordam beradi. Masalan, teletibbiyot sohasidagi yechimlar istalgan bemorga u qayerda ekanligidan qat’i nazar, yuqori malakali shifokor yordamini ko‘rsatish imkonini beradi, elektron retseptlar yozish tizimi esa dori vositalari aylanmasini nazorat qilish va bemorlar xavfsizligini ta’minlashda qo‘l keladi. Digital Holding jamoasi bu kabi loyihalarni boshqa mamlakatlarda amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega va biz O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini kuchaytirishda o‘z imkoniyatlarimiz bilan bo‘lishishdan mamnunmiz», — deydi Digital Holding bosh direktori Andrey Maygur.
«O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni qo‘llash qamrovi tobora kengaymoqda. Sog‘liqni saqlash sohasining bemorga yo‘naltirilgan raqamlashuvini qurish birinchi navbatda aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga, shuningdek, boshqaruv jarayonini soddalashtirishga yordam beradi. Digital Holding raqamli yechimlari kasalliklarning oldini olish va davolashda muvaffaqiyatliroq natijalarga erishishni ko‘zda tutadi», — deydi IT-Med direktori Artur Xakimov.
O‘zbekistonda yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi va integratsiyalashgan axborot tizimlari majmuasini 2025 yilga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda. Teletibbiyot konsultatsiyalari uchun yechimlar ishlab chiqish va elektron retseptlar platformasini ishga tushirishdan tashqari tomonlar harakatlari tibbiy sug‘urtalar fondi mablag‘laridan foydalanishni osonlashtirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini nazorat qilishga yordam beruvchi axborot tizimlarini rivojlantirishga qaratiladi.
Tibbiy muassasalar mijozlarini elektron tibbiy kartalari va shifokor ko‘rigiga onlayn yozilish xizmatlari, laboratoriya tadqiqotlari haqida SMS va e-mail orqali xabardor qilish tartibiga o‘tish kutmoqda.
Hamkorlik doirasida, shuningdek, tez tibbiy yordam xodimlari uchun dispetcherlar hamda brigadalar orasida audio va videoyozuv hamda shifokorlarga tezkor SMS-xabarnoma yuborish xizmatlariga ega tizimni modellashtirish rejalashtirilmoqda.
***
Digital Holding — Rossiyaning MegaFon va «USM Telecom» hamda O‘zbekiston hukumatining qo‘shma korxonasi. QK tarkibiga Ucell telekom-operatori, New Solutions (ilgari – ICS Holding Uzbekistan) va CRPT Turon ham kiradi. QK faoliyati O‘zbekiston Respublikasida xalqaro standartlarga muvofiq raqamli infrastrukturani shakllantirish hisobiga telekommunikatsiyalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va sifatini oshirishga, shuningdek, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, raqamli markirovka va alohida tovar turlari harakatini nazorat qilish sohalarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
MegaFon – butunrossiya raqamli imkoniyatlar operatori va Rossiyadagi eng yuqori mobil internet tezligi uchun Ookla xalqaro kompaniyasi mukofotining besh karra sohibi. Kompaniya AT va telekommunikatsiyalari yo‘nalishlarini birlashtiradi, mobil va o‘rnatilgan aloqa, mobil va keng polosali internet, raqamli televideniye va OTT videokontent xizmatlari, innovatsion raqamli mahsulot va xizmatlarni taqdim etadi. Rossiyada kompaniya xizmatlaridan 74,4 mln mijoz foydalanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter