O‘zbekistonda 220 ming kishi qandli diabet bilan xastalangan (video)
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda 400 million nafardan ziyod qandli diabetga chalingan bemor bor. Tahlillarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 550 milliondan oshishi mumkin. O‘zbekistonda ushbu kasallik bilan 220 ming nafar kishi ro‘yxatga olingan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasida endokrinologiya holati» mavzusida matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Sohadagi mavjud muammolarni hal qilish va endokrin kasalliklarni oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida Milliy dastur, chora-tadbirlar kompleksi, «Yo‘l xaritasi» bilan birgalikda Milliy dasturning 2019 – 2023 yillarga mo‘ljallangan asosiy masalalari ham belgilab olingan.
Shu asosda Akademik Yo. X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari va yetakchi mutaxassilari tomonidan inson salomatligi va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir etuvchi bunday kasalliklarning oldini olish va bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi ikki yil ichida hududlarda endokrinologiya sohasini komleks rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mutahkamlash, tibbiy yordam sifatini oshirish borasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida viloyatlardan poytaxtimizga kelib murojaat qiluvchilar qariyb 3 barobarga qisqardi. Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab 650 nafardan ziyod endokrinolog shifokor faoliyat yuritmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 25 oktyabrdagi tegishli buyrug‘iga asosan, pilot viloyatlarda 45 yoshdan oshgan axoli orasida qandli diabet skriningi o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, qandli diabetning surunkali asoratlarini kamaytirish, ularni yuzaga kelishini kechiktirishga va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan onlayn registr ishlab chiqilmoqda.
Endokrin kasalliklarni erta tashxislash va davolash monitoringini o‘tkazish uchun barcha viloyat endokrinologik dispanserlarini o‘z vaqtida, uzluksiz ravishda zarur reaktivlar, xususan, glikirlangan gemoglobin va qalqonsimon bez gormonlari reaktivlari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Har bir viloyat endokrin dispanserida o‘z-o‘zini nazorat qilish maktablarida endokrin kasalliklari bor bemorlar va ularning oila a’zolari professional instruktor tomonidan o‘qitilmoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida aholiga ixtisoslashtirilgan endokrinologik tibbiy xizmat ko‘rsatishda yetakchi chet el davlatlarining endokrinologiya sohasida erishilgan yutuqlarni amaliyotda joriy etish, bemorlarga ixtisoslashtirilgan yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter