Deputatning virtual imiji
Bugun jamiyat hayotida kechayotgan o‘zgarishlarda internetning, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning hissasi katta. Biz shu o‘rinda so‘zimiz isboti tariqasida dalillarni qalashtirib tashlashdan tiyilamiz – shundoq ham foydalanuvchi sifatida kuzatib (ishtirok etib) turibsiz. Ta’kidlaymizki, internetning o‘zbek segmentida qisqa muddatda murojaat va muammolarga yondashishning virtual ko‘rinishi shakllanib ulgurdi. Ammo yodda tutmoq lozimki, ana shu alohida shakl hozir murakkab o‘tish bosqichini ham boshdan kechirmoqda. Parlament a’zolari 2017-yilning birinchi yarmiga qadar tezkor axborot almashinuvida deyarli ishtirok etmasdi. Qonun loyihalari muhokamasi va Oliy Majlis faoliyati bilan bog‘liq materiallar faqatgina rasmiy munosabat bilan cheklanardi. Lo‘ndaroq qilsak, deputatning ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishi, individual fikr bildirishi juda-juda kamyob hodisa edi.
O‘tgan yilning 12-iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy partiyalar vakillari va deputatlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida – videoselektor shaklidagi yig‘ilishda virtual olamdagi ana shu botiqni to‘ldirish yo‘lida dastlabki qadam tashlandi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi: «Deputat va senatorlar o‘z faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etib borish uchun internetda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, zarur ma’lumotlarni ularga kiritib borishlari lozim».
Shundan so‘ng kuzatilgan siyosiy faollik internet foydalanuvchilari tomonidan iliq qarshilangan va o‘ziga xos uyg‘onish davri deya baholangan edi. Bu orada to‘qqiz oydan mo‘lroq vaqt o‘tdi. Xo‘sh, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi virtual ishtiroki qanday kechmoqda? Internet madaniyatining ayrim chegara bilmas, mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydigan tomonlari ularga qanaqa ta’sir qildi? Xalq noiblari Prezident aytgan, o‘zlari mo‘ljallagan maqsadga yeta olayaptimi? Savolni bu qabilda qo‘yayotganimizning asosiy sababi – rasmiy, sipo imijning ommabop, «shovqinli oqim»ga qo‘shilishi va buning natijasida vujudga kelgan muloqot jarayonini kuzatish va tahlil qilish nihoyatda qiziq. Biz maqola mobaynida ayni shu jihatlarga e’tibor qaratdik. Ammo o‘quvchilarimiz vaqtini hisobga olgan holda kuzatuv doirasini qisqartirdik, mavzuni Oliy Majlisga yetakchi partiya — «O‘zLiDeP»dan saylangan deputatlarning «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idagi virtual faoliyatiga bag‘ishlashni lozim ko‘rdik. Mazkur mezon quyidagi maqolga asoslandi: «Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r».
Buning uchun «Parliament.gov.uz» saytining «Qonunchilik palatasi» bo‘lmasi «Deputatlar» qismiga o‘tib, alifbo tartibida joylashtirilgan ro‘yxatda «O‘zLiDeP» fraksiyasiga a’zo vakillarni ajratib olamiz – 40 nafar. Deputat Bekzod Ortiqovdan boshlanib Qahramon Ergashev bilan tugaydigan ixtiyorimizdagi ro‘yxatni «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ining «qidiruv» xizmatiga havola qilamiz. Shunda...
Qo‘shprofil, sahifa, «xo‘jam ko‘rsin» va yo‘q
Izlanishlarimiz hosilasi shunday bo‘ldiki, 32 nafar deputatning profili muntazam bo‘lmasa-da, harqalay ishlab turibdi. Tez-tez, onda-sonda yangilanayotgan xabarlar oqimini bir qur ko‘zdan kechirish mobaynida mazkur profillar haqiqiy ekaniga guvoh bo‘ldik. Ya’ni, egalarining jarayonlarga munosabati «chinakam deputatona». Hatto ayrim deputatlarimiz bir emas, ikki profilni yuritayapti. Bu holat Adham Shodmonov, To‘lqin Karimovda kuzatiladi. E’tiborlisi, To‘lqin Karimov har ikkisidan unumli foydalanayotgan bo‘lsa, Adham Shodmonov unday emas.
Nilufar Saidahmedova esa shaxsiy profil o‘rniga tarmoqda maxsus sahifa yoqtirgan va bu ishi tahsinga sazovor. Chunki ko‘pchilik yaxshi biladiki, sahifani yuritish imkoniyatlari profilga nisbatan kengroq va auditoriyasi cheklanmagan (biz bu qulaylikka hali yana qaytamiz).
Ammo hafsalani pir qiladiganlar ham bor. Klara Jumamuratova, Muhabbat To‘xtayeva, Nargiz Xalilova, To‘lqin Eshnazarov nomiga profil ochilgan, lekin yo ular faoliyat yuritmaydi, yo faqat kuzatuv funksiyasiga ega.
Afsuski, O‘tkir Bo‘tayev, Rahmatilla Karimov, Adham Nazirqulov, Nodirbek Rajabov kabi deputatlarimizning ism-familiyalarini har qaysi ko‘rinishda, qay alifboda yozmaylik, oddiy foydalanuvchi sifatida topishning iloji bo‘lmadi. Axir... Ularning qaysi qo‘mitada faoliyat yuritayotganini bilsangiz edi: Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi... Eng ko‘p murojaatlar sohasi, shunday emasmi?..
Endi profilga joylangan fotolar haqida. Bunga o‘zgacha diqqat qaratayotganimizning boisi shuki, ijtimoiy tarmoqlarda rasm xuddi matn kabi teng ta’sir kuchiga ega. Hatto ba’zi materiallarda yuqoriroq ham. Deputatlarimiz qo‘ygan suratlarga sinchkov hamda qiyosan boqsangiz, deyarli bir xillikka duch kelasiz. Majlis jarayoni, kreslo va minbardan nutq irod etish. Mayli, buni siyosiy etika me’yorlariga amal qilish bilan bog‘laymiz. Ular orasida Adham Shodmonov noodatiylik bo‘yicha yutib ketgan deyish mumkin. Deputat profili asosiy rasmiga «Samarqand gerbi»ni qo‘ygan va sharhda bu simvol haqida batafsil to‘xtalgan.
Kim uchun targ‘ibot vositasi, kim uchun jonivorlarga muhabbat namoyishi
Siz jamoat orasida, deylik, o‘ta muhim tadbirda tashqi ko‘rinishingizni o‘zingiz istagandek tartibga solishingiz mumkin, lekin virtual olamda buni har doim ham uddalay olmaysiz. Chunki kompyuter yoxud smartfon, planshetdan foydalanar ekansiz, ko‘pincha yolg‘iz bo‘lasiz, ana shu erkinlik paydo qilgan tuyg‘ular siz yozgan yoki munosabat bildirgan havolalarda o‘z aksini topadi. Ayniqsa, el nazaridagi shaxs bo‘lsangiz, virtual borliqdagi ayni holat sizni noqulay holga tushirib qo‘yishi ham tayin. Bu yoqda turli saytlar profilingizni poylab turishadi, bexos hissiyotga berilsangiz, mulohazangizni tahrirlab ulgurmay, internetda turli sarlavhalar bilan e’lon qilingan maqolalar urchib ketadi. Qo‘yilgan postni o‘chirib ham qutulmaysiz. Skrinshot (ma’lumotning rasm ko‘rinishida saqlangan shakli) olib qo‘yilgan bo‘ladi. Bunday sharoit deputatdan nafaqat mas’uliyat, birinchi navbatda, o‘ta hushyorlikni ham talab qiladi. Keling, shu o‘rinda deputatlarimizning xabarlariga biz yuqorida aytmish rakursdan nazar tashlaymiz.
O‘rganuvlar natijasiga rang-baranglik qo‘shdik:
Gulshana Xudoyorova ta’lim masalalariga urg‘u berishni ko‘proq istagan bo‘lsa, Islomjon Zokirov o‘zbek olimlarining maqolalari xalqaro jurnallarda bepul chop etilishiga doir yangilikka munosabat bildirgan. Erkin Xolbo‘tayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1901-moddasiga taklif etilayotgan o‘zgartirish, ya’ni jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida fohishaxonaga borgan shaxslarning eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida jarimaga tortilishiga «Ko‘paytirish kerak jarimani» tarzida «reaksiya» ko‘rsatgan. Mavluda Xo‘jayeva tomorqachilik rivoji, Sohibjon Ismoilov «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha seminar o‘tkazilgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.
Deputatlarimiz orasida nofaol tendensiya ham kuzatiladi. Chunonchi, Murodilla Tursunov jarayonlarga oxirgi marta 26 yanvarda munosabat bildirgan. Rusiyzabon deputatlarimizdan biri – Vladislav Svetkov innovatsion texnologiyalar, islom dini va filippinlik mashhur bokschi Menni Pakyaoning ehtiyojmand oilalarga uy qurib berganiga e’tibor qaratgan. Rustam Qobilov bir necha marta «Eng yaxshi bank xodimi – 2018» ko‘rik-tanlovidan jonli efirda xabar uzatishga harakat qilganu, uddalay olmagan. Dilorom Fayziyeva Jizzax viloyatida qurilayotgan suv omboriga oid surat joylagan.
Virtual sayrni davom ettirarkanmiz, noodatiylikka ham duch keldik. Inchunin, Zafar Xaniyazovning profiliga mo‘ralasangiz, ko‘z oldingizda deputat siyrati o‘rniga jonivorlarni sevuvchi, quvnoq lavhalar shaydosi, hikmatli so‘zlar oshuftasi, insoniy tuyg‘ular targ‘ibotchisi siymosi gavdalanadi. Aftidan, Zafar aka qonunlar muhokamasi sharhlarini hamkasblariga qoldirib, o‘zi saylovchilarga boshqacha kayfiyatda ko‘rinishni istaydi. Bunday misollar ko‘p.
Birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan...
Ketma-ket iqtiboslar keltirish material hajmini oshirishini inobatga olib, deputatlar shaxsiy profilini boshqarishda duch kelayotgan umumiy muammolarni yaxlitlashga harakat qilamiz.
Birinchisi – teglar. «Feysbuk» orqali deputatga do‘st bo‘lgan foydalanuvchi o‘z xabarlari – fikr, video, tabrik, foto, tadbirdan lavhalarini bo‘lishish maqsadida maxsus tugmalarni bosib, deputatni «belgilaydi». Natijada uning xabari deputat profilida ham ko‘rinish beradi. Mazkur noqulaylik, deputat profilida tartibsizlikni yuzaga keltiradi va haqiqiy munosabatlarni ajratib olishda qiyinchilik tug‘diradi. Bu masalani texnik jihatdan bartaraf etish oson, ammo, o‘ylashimizcha, ko‘pchilik deputatlarimiz bundan bexabar yoki umuman befarq.
Ikkinchisi – imloviy xatolar. Bu o‘rinda deputatlarni ham to‘g‘ri tushunish mumkinday. Chunki telefon yoki planshet alifbosida o‘zbek tili imlosi bo‘lmasligi mumkin. Lekin buning ham chorasi osonligi bois ayni dilxiralikni oqlolmaymiz. Unutmaylik, deputat eng avvalo ziyoli!
Uchinchi va eng muhimi – «yutilish protsessi». Gap shundaki, «ommaviy madaniyat»ning virtual qurollaridan biri hammani bir darajaga – o‘rtahollashishga majburlashidir. Lekin deputat Qonunchilik palatasi vakili sifatida o‘z mavqeini tutib turishi shart. Turli yoqlardan yog‘ilayotgan, ulashilayotgan axborot, istaysizmi-yo‘qmi, inson omilini qo‘zg‘aydi va shular ta’sirida fikr bildirish asnosida, kim bo‘lishidan qat’i nazar, umumoqimga yutilish xavfi ortadi. Deputat axboriy daxlsizligini fikri orqali himoya qilishi mumkin, biroq teglar va shunga o‘xshash virtual voqeliklar ishtirokchisi sifatida boshqarilish (ya’ni o‘zi xabari bo‘lmagan holda boshqalar tomonidan qo‘shib qo‘yilishi) xavfidan qutula olmaydi.
Anglaganingizdek, deputatlarimiz ijtimoiy tarmoqdagi profilini yuritish mobaynida bir qator ob’yektiv hamda sub’yektiv to‘siqlar qarshisida qolmoqda. Yana takrorlaymiz, bularni bartaraf etish unchalik ham qiyinmas.
O‘sha tarixiy yig‘ilishga qaytsak
Prezident deputatlar internetda va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochishi haqida gapirar ekan, «Bu boradagi ishlarni tashkil etish vazifasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Sherzod Shermatovga topshiriladi», — deya ta’kidlaydi.
Biz maqolani tayyorlash mobaynida «O‘zLiDeP»dagi manbamiz orqali uch-to‘rt deputat bilan gaplashdik. Deputatlar o‘zlari bilganicha ish tutib, Prezident aytganidek sahifa emas, shaxsiy profil yuritishni ma’qul ko‘rgan. Nima ham derdik, yuqorida sanab o‘tgan kamchilik va tushunmovchiliklar shundan bo‘lsa kerak degan taxminga berilishdan o‘zga chora yo‘q.
Nilufar Saidahmedova misolida tushuntirdik: deputatning ijtimoiy mavqei inobatga olinsa, shaxsiy profildan ko‘ra sahifa afzal! Mayli, deputat maishiy turmushdagi faoliyatini profili orqali namoyon qilaversin – bu uning shaxsiy ishi, ammo kasbga aloqadorlik sahifada aks etishi eng to‘g‘ri va maqbul yondashuvdir. Ammo hamma deputatlarimiz ham «Feysbuk»da sahifa yoqtirishni biladimi? Muammo ana shunda!
Yechim – AKT vazirligi xodimlarining sa’y-harakatida. Ular internet imkoniyatlaridan foydalanish bobida ustasi farang! Bu salohiyat va mahorat qisqa muddatda bo‘y ko‘rsatishi ortidan internet tarmog‘ida bo‘lar-bo‘lmas tegu havolalar va hatto kiberhujumlardan himoyalangan deputat sahifasi paydo bo‘lsa, ajab emas.
Asosiy muammo
Deputatning kunlik ish vaqti taqsimoti haqida nimalarni bilamiz?
Ertalab Oliy Majlisga, undan muhim tadbirga, keyin qonun loyihasi muhokamasi, fraksiya yig‘ilishi, bu yoqda televideniye, radio, gazeta, sayt muxbirlari intervyuga ilhaq. Oyning birinchi o‘n kunligida aholi bilan muloqot o‘tkazish uchun viloyatlarga safar, uyma-uy yurish, yana qaytish, xorijiy parlament vakillari bilan uchrashuv... Bular – barmog‘imizga siqqanlari, xolos. Qolganlarini deputatlarning o‘zlari davom ettirishlari mumkin.
Bizni o‘ylantirayotgan savol – deputat hammasidan ortsa-yu, shundan so‘ng ham sahifasini yuritishga vaqti qolarmikan? Jumboqki, shuncha yuklama ustiga internet ham qo‘shilsa jismonan uddalash imkoni bormi? Hozircha uddalashayapti. Biroq qanday kechayotganini yuqorida keltirdik. Bunday «tartibsiz tartib» tez orada muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Siz ham sezgandirsiz: deputatlarning virtual jarayondagi ayni ishtiroki shunga qarab ketmayaptimi?..
Taklif
Xorij tajribasiga qarasak, parlamentarizm rivojlangan mamlakatlarda xalq vakillarining xos yordamchisi borligiga guvoh bo‘lamiz. Uni shartli ravishda jamoatchilik bilan ishlash, deputat faoliyatini internet, matbuotda tashviq qiladigan vakil deb atasa ham bo‘ladi. Milliy parlamentimizda ham ana shu vakil shtatini joriy qilish vaqti keldi deb hisoblaymiz.
Oliy Majlis matbuot xizmati umumiylik xarakteriga ega bo‘lib, har bir deputat bilan individual ishlashi qiyin. Bu katta jamoa va ortiqcha zo‘riqishni talab qiladi. Yordamchi esa har doim deputat bilan baqamti yuradi, uning ishi ko‘rsatmalar asosida deputat sahifasini yuritish, tadbirlardagi ishtirokini yoritishdan iborat bo‘ladi. Yana bir yutuqli tomoni – yordamchi misolida siyosiy jarayonlarda chiniqqan, kelgusida jamiyatga naf keltirishga tayyor kadr yetishib chiqadi.
Agar Moliya vazirligi bu taklifni qo‘llab-quvvatlasa, nur ustiga nur bo‘lar edi...
Muxtasar qilganda
Maqola nuqul bir darvozaga gol uraverishdek tasavvur uyg‘otgan bo‘lsa, fikringizga qo‘shilamiz. Chunki materialni tayyorlash mobaynida chegirib olingan ma’lumotlar shuni taqozo etdi. Mulohazalarimiz mobaynida ba’zi deputat, mutasaddilarni turtib ketganimiz esa tanqid emas, balki real vaziyatga baho berishga intilish edi. Aslida fidoyi deputatlarimizning joylardagi xayrli amallari, eshituvlari va so‘rovlari natijasida aholi farovonligi oshayotganini e’tirof etamiz.
Asliddin Alimardonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter