Deputatlar ilk marta «Mening fikrim» orqali kelib tushgan petitsiyani ko‘rib chiqdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Mening fikrim» veb-portali orqali kelib tushgan jamoaviy murojaatni birinchi marta ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Matbuot xizmatiga tayanib «xs.uz» xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, portalda joriy yilning iyun oyida fuqaro N.Makarenko tomonidan «Qishloq va shahar hududlarida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish to‘g‘risida»gi elektron jamoaviy murojaati joylashtirilgan bo‘lib, u Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan tasdiqlangan Nizom talablari asosida 10 ming ovoz to‘plagandan so‘ng, ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Mazkur murojaatda qishloq va shaharlarda daraxtlarni noqonuniy kesishning oldini olish, kesishga ruxsatnomalar berish tartibini takomillashtirish, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq takliflar bildirilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ixtisoslashgan inspeksiyasi tomonidan birgina Toshkent shahri bo‘yicha 2018-yil olti oyi davomida 95 nafar shaxsga nisbatan daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun 17 million so‘mdan ortiq jarimalar solingan, 62 ta holat yuzasidan 10 million so‘mdan ziyod jarimalar undirilgan, 86 holat bo‘yicha 930 million so‘mdan ko‘proq o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar aniqlangan.
Mazkur jamoaviy murojaat belgilangan tartibda Ekoharakat deputatlari guruhi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik, idoralar vakillari hamda ekspertlarni jalb etgan holda o‘rganib chiqildi.
«Mening fikrim» veb-portalida ko‘tarilgan ushbu masala ilk bor mamlakatimiz parlamenti — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2018-yil 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisi kun tartibiga ham kiritilib, deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etildi.
Jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi unda ko‘tarilgan masalalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter