Deputat so‘rovidan keyin eshitish moslamasi olib berildi
Meliqul Xanjarov Surxondaryo viloyatining “Xayrandara” mahallasida istiqomat qiladi. Ko‘p yillardan beri ishsiz. Ijtimoiy himoyaga muhtoj. Qolaversa, anchadan buyon qulog‘i eshitmaydi, og‘ir xastalikka chalingan. Davolanish uchun esa katta mablag‘ kerak.
Shu bois fuqaro O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan mazkur hududda tashkil etilgan sayyor qabulda mutasaddilarga eshitish moslamasi olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Uning murojati Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Ahmad Nazirov tomonidan nazoratga olingan edi.
Xalqning ishonchli vakili shu masala yuzasidan Oltinsoy tuman tibbiyot birlashmasiga deputatlik so‘rovi yubordi. Deputatning sa’y-harakati bilan muammo ijobiy hal etildi. Kuni kecha tuman tibbiyot birlashmasi, partiya Oltinsoy tuman Kengashi mutasaddilari M.Xanjarov xonadonida bo‘lib, unga eshitish moslamasini topshirishdi.
–Ko‘p yillardan buyon qulog‘im yaxshi eshitmaydi, – deydi u. – Shu masalada tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan edim. Lekin natija bo‘lmadi. Oxir-oqibat O‘zLiDeP viloyat Kengashi tomonidan mahallamizda tashkil etilgan sayyor qabulda tashkilotchilardan amaliy yordam so‘radim. Mana, partiya tashabbusi bilan menga eshitish moslamasi berishdi. Hozirda eshitish qobiliyatim yaxshilandi. Buning uchun partiya xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter