Deputat hamma ayollarga tug‘ruq va tug‘ish bo‘yicha nafaqa berishni taklif etdi
XDP deputati barcha xotin-qizlarga tug‘ruq va tug‘ish bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan nafaqa to‘lashni taklif etdi. Bu haqda Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Ulug‘bek Vafoyev muallifligida partiya saytida e’lon qilingan maqolada aytilmoqda.
«Bugungi kunda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi davlat tomonidan to‘lanmoqda. Nodavlat tashkilotlarda bunday nafaqa ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan. Ammo amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi bu majburiyatni bajarmayapti», — deb yozmoqda u.
Fraksiya fikriga ko‘ra, bu nobudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda. Ishlamaydigan ayollar bu nafaqani olmaydilar. «Bu holat aholida savollar tug‘dirmoqda», — qayd etdi deputat.
«Barcha ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa xodim davlat yoki nodavlat tashkilotda ishlashidan qat’i nazar kafolatli ravishda davlat tomonidan to‘lanishi lozim. Buni amalga oshirishning eng ishonchli va maqbul yo‘li — nafaqaning davlat tomonidan to‘lanishi hisoblanadi. Partiyamiz deputatlari hukumatga mana shu taklifni ham berdi», — ta’kidladi Ulug‘bek Vafoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter