Davlat xizmatlaridan foydalanish qulay bo‘ladi
Prezident 2018-yil 11-aprelda «Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. «Norma» nashri mazkur qarorga sharh berdi.
Tajriba o‘tkaziladi
2018-yilning 1-iyunidan ayrim davlat xizmatlari markazlarida (ularning ro‘yxati tasdiqlangan) tajriba o‘tkaziladi. Markazlarda talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarining yana 70–100 turi jadal joriy etiladi. Xizmatlar ko‘rsatilishi Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik ma’muriy reglamentlar bilan tartibga solinadi.
Tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari faqat markazlar orqali taqdim etiladi. Vakolatli organ tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi arizalarni bevosita arizachilardan qabul qilish taqiqlanadi.
Bu – muhim! 2018-yil 1-iyulgacha elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlari davlat xizmatlari markazlari tomonidan bepul beriladi.
Adliya vazirligi 2019-yil 1-iyulga qadar tajriba natijalariga ko‘ra, mazkur davlat xizmatlarini ko‘rsatishni respublikaning barcha hududlarida joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Fuqarolar qanday identifikatsiyalanadi?
2019-yil 1-yanvardan boshlab elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida idoralararo elektron hamkorlik amalga oshirilayotganda quyidagilardan foydalanish majburiy hisoblanadi:
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
- soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
- ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr raqami.
Davlat xizmatlarini olishga ariza to‘ldirilayotganda ularni ko‘rsatib o‘tishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Bunda IIVga o‘z axborot tizimlarida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini yangilash topshirildi. Shuningdek, vazirlik Davergeodezkadastr, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda axborot tizimlaridagi jismoniy shaxslarning manzil ma’lumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ko‘chmas mulk ob’yektlari kadastr raqamiga bog‘lagan holda yangilaydi.
Davlat xizmatlarini olish qulayroq bo‘ladi
2018-yil 1-sentyabrgacha telefon orqali davlat xizmatlarini olishga kelib tushadigan murojaatlarni saqlash imkoniyatini yaratgan holda qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash tizimi yaratiladi va amalga kiritiladi. Bu hujjatli qog‘ozbozlikni kamaytiradi va kompyuterni yaxshi o‘zlashtira olmaganlar uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
2018-yil 1-dekabrga qadar talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan mobil ilova ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
2019-yil 1-yanvargacha elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mexanizmini joriy etiladi.
Davlat xizmatlari targ‘ib qilinadi
2018/2019-o‘quv yilidan boshlab barcha maktab, litsey va kollejlarning oxirgi kursida (sinfida) yoshlarning zarur bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan «Davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati» mavzusida o‘quv seminarlari va ochiq darslar o‘tkaziladi. Ularni o‘tkazishga davlat xizmatlari markazlari va boshqa tashkilotlar mutaxassislari jalb etiladi.
Adliya vazirligi huzurida Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etildi (shtat birligi – 5 nafar). Uning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- aholi, ayniqsa, yoshlarning, shuningdek qishloq joylarida huquqiy targ‘ibot va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- zamonaviy texnologiyalar va ijodiy yondashuvlardan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha innovatsiyalarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka, tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazish;
- adliya organlari va muassasalari faoliyatini keng yoritish bo‘yicha axborot-tahliliy va obzorli mediamateriallarni, shu jumladan, audio va videoroliklar, tele va radioko‘rsatuvlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash hamda efirga, shuningdek internet tarmog‘iga uzatish;
- davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi bo‘yicha jamoatchilikka maslahat yordamlarini berish, shu jumladan, qabul qilingan ma’muriy reglamentlarning talablarini aniq va batafsil tushuntirish;
- huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida vakolatli organlar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini o‘rganishlar va tekshirishlar, shuningdek qo‘pol qoidabuzarliklar va tizimli kamchiliklar, aybdorlarga nisbatan ko‘rilgan choralar, arizachilarning qayta tiklangan huquqlari to‘g‘risida aholini xabardor qilish;
- aholining barcha qatlamlari bilan muloqot o‘rnatish, davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarni keng qo‘llash orqali ushbu sohaning eng dolzarb kamchiliklarini jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter