Davlat xizmatchisiga berilgan sovg‘ami yoki pora?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining «Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i loyihasi muhokama qo‘yildi.
Nizomga ko‘ra, sovg‘a tasnifiga davlat fuqarolik xizmatchisiga xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan beg‘araz taqdim etiladigan moddiy qiymatga ega bo‘lgan moddiy ashyolar, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) ko‘rsatiladigan xizmatlar kiradi.
Sovg‘a qiymati qancha?
Davlat fuqarolik xizmatining barcha siyosiy guruhi, daraja va lavozimdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 5 (ayni vaqtda 1,5 million so‘m) baravaridan (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha mahkamaning zaxira jamg‘armasi hisobidan ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxslar bundan mustasnodir.
Davlat fuqarolik xizmatchilariga taqdim etilgan sovg‘a mehmon (mezbon) tomonning ramzlari yoki logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alar qiymati uchun miqdor belgilanmaydi. Bunday sovg‘alar baholanmaydi, xodim o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi
Sovg‘ani qabul qilish yoki taqdim etish natijasida biror bir tarafning shaxsiy manfaatdorligini, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaviy xavf-xatarlarning kelib chiqishiga olib kelmasligi lozim. Xususan, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadigan majburiyatni yuzaga keltirmasligi shart.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan taqdim etiladigan sovg‘a uning shaxsiy hisobidan amalga oshirilmasligi. Sovg‘a berish tabrik nutqi bilan birga bo‘lishi, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea (hodisa) o‘zining aniq ifodasini topgan, shuningdek diplomatik protokol talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Ta’qiqlandi!
Davlat fuqarolik xizmatchisiga naqd yoki naqdsiz pul, qimmatli qog‘ozlar, kripto valyuta, barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar, o‘q-dorilar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir etuvchi preparatlar, pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan nashr hamda materiallarni sovg‘a sifatida qabul qilish yoki taqdim etish taqiqlanadi.
Davlatga o‘tadi
Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan xalqaro delegatsiya rahbariga taqdim etilgan sovg‘a qiymatidan qat’i nazar davlat organi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Bunda taqdim etilgan sovg‘alar baholanmaydi va davlat fuqarolik xizmatchisi tasarrufiga o‘tkazilmaydi.
Qimmatbaho bo‘lsachi?
Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan unga taqdim etilgan sovg‘a to‘g‘risida uch ish kuni ichida davlat organining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasiga (keyingi o‘rinlarda – mas’ul tuzilma) hisobotni taqdim etadi.
Sovg‘a taqdim etilgan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun davlat organiga to‘lov amalga oshiriladi va sotib olinadi. Sovg‘ani sotishdan tushgan mablag‘ davlat organining budjeti yoki budjetdan tashqari daromadlari hisobiga o‘tkaziladi.
Agar davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘aning ruxsat etilgan qiymatidan ziyod miqdori uchun to‘lovni amalga oshirishni hamda sotib olishni rad etsa, sovg‘a davlat organi balansiga o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Nizom manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilganligi inobatga olinsin.
Nizom loyihasi 22 noyabr kuniga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter