Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat organlari OAV so‘roviga 7 kun ichida javob berishlari kerak

Davlat organlari OAV so‘roviga 7 kun ichida javob berishlari kerak

Foto: «Tipsy Advice»

2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-son Qonuni bilan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida» va «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan.

Qonunlardagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar haqida «Norma» batafsil sharh e’lon qildi.

Birinchidan, ular vositasida OAVni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash usullari belgilandi, xususan, bular:

  • soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar berish;
  • davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
  • moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 
  •  tahririyatlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
  • ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish;
  • tahririyatlar xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Ikkinchidan, OAV so‘rovini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborish tartibi joriy etildi. Davlat organlariga mansabdor shaxslarning intervyusini olish, shuningdek ularning faoliyati to‘g‘risida axborot olish uchun murojaat etish og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda bo‘lishi mumkin. So‘rov 7 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Salbiy qaror qabul qilingan taqdirda asoslantirilgan javob yuboriladi.

 Uchinchidan, veb-sayt va davriy bosma nashrning (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar va boshqalar) elektron versiyasi kabi OAVning bunday turlari mazmuniga qo‘yiladigan talablar reglamentga solindi.  Bu axborot resurslarida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • davriy nashrning nomi;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va guvohnoma raqami;
  • muassisning nomi (FIO);
  • bosh muharrirning FIO;
  • indeks, tahririyatning joylashgan yeri (pochta va elektron manzili).

 To‘rtinchidan, OAVni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilganligi to‘g‘risida ariza beruvchini xabardor qilish muddati qisqartirildi. Agar ilgari qaror chiqarilgandan keyin 10 kunda berilgan bo‘lsa, endilikda buni 1 kun ichida amalga oshirish zarur.

 Beshinchidan, jurnalist OAVda haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun javobgar bo‘lmaydigan hollar aniqlashtirildi. Bu quyidagi ma’lumotlarga taalluqli:

  • agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan, NHHdan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma’lumotlaridan olingan bo‘lsa;
  • axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan bo‘lsa;
  • agar bu ma’lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa.

 Oltinchidan, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya qilish majburiyati qonuniy asosda mustahkamlandi. Ular jurnalistning shaxsiga va o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida uning xulq-atvoriga qo‘yiladigan talablarni o‘z ichiga oladi. Odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va OAVning birlashmalari tomonidan belgilanadi.

 Qonun 2018-yil 19-apreldan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring