Dars vaqtida majlis chaqirgan direktor va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Direktor dars o‘tayotgan o‘qituvchilarni majlisga chaqirdi, bolalar 40 daqiqa qarovsiz qoldi» sarlavhasi ostida e’lon qilingan tanqidiy maqola Namangan viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Boshqarma tomonidan mazkur maqolani o‘rganish yuzasidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan aniqlanishicha, haqiqatan ham, 2019-yil 6-sentyabr kuni Chortoq tumanidagi 52-umumta’lim maktabi direktori R. Boydedayev tomonidan 19 nafar o‘qituvchini dars mashg‘ulotlari paytida majlisga chaqirganligi sababli bir muncha vaqt o‘quvchilar o‘qituvchi nazoratisiz qolgan.
Mazkur holat sababli, shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonini namunali tashkil etishni yetarli darajada yo‘lga qo‘ymaganligi uchun maktab direktori R. Boydedayev va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A. Ismoilovga nisbatan tegishli chora ko‘rilib, ular O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligiga asosan egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
«Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bu borada tegishli chora-tadbirlarni ko‘rib boradi», deb xabar berdi Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter