Dalalarda bolaligi “gulbahor” o‘tgan damlar...
“Hozirgi zamonda juda yelgil-yelpi hayotga o‘rganib qolib, mehnatning jabrini tortmagan, qiyinchilik ko‘rmagan yoshlar o‘qishga qiziqmay qo‘yishdi. Bu bilan bugungi kun bolalari ham jismoniy mehnat qilishsin, biz kabi dalalardan ko‘karishsin, demoqchimasman. Faqatgina shu kunlarning qadriga yetishsin, xolos...” (suhbatdosh)
Yaqinda qishloqqa yo‘limiz tushib, uning katta-kichik changin ko‘chalaridan o‘tar ekanmiz, yurak allanechuk bo‘lib, orziqib ketdi. Biz shunda o‘sganmiz, shunda ulg‘ayganmiz. Shu changin ko‘chalarda oyoqyalang yugurib, bolalikning patila sochli, kemtik tishli lahzalarini o‘tkazganmiz. Shu qishloqda uyquga to‘ymagan ko‘zlarimizni ishqalab, yamoq nimchalarda tong saharda dalalarga otlanganmiz. Kunduzlari quyosh tig‘iyu, shamollar “uvvosi”da paykallardan nasiba izlaganmiz. Tunning oydin nurlarida kitob bilan tillashib, tong bilan yuzlashganmiz.
Hali-hali esda, daladan horib-tolib qaytsak, yuvinib-yuvinmay, apil-tapil ovqatlanardigu, dong qotardik. 8-10 yoshli bola edik o‘shanda: dalaning og‘ir mehnati oson emasdi-da, biz uchun. Dalalarda o‘sgan bolalar kattalardek sabrni bildik. Baxtli bolalar, qaqajonu-quvnoq tengdoshlarimiz borligini faqatgina oynayi jahonda namoyish etiladigan “Baxtli bolaligim” ko‘rsatuvi orqali ko‘rardik, xolos. Ularni ertaklardagidek yashashadi, deya havas qilardik.
O‘qituvchimizning “qonuni” brigadir xivichidan o‘tib tushdi
1984-1987 o‘quv yillarining paxta terimi davrlarida darslardan “ozod” qilinganmiz. Hasharchilar qatori kuzning jazirama issig‘ida kirgan daladan qishning qor-qirovli kunlarida chiqardik... Pastlabgina biz tomon yeldek uchib kelayotgan “samolyot”ni “qiy-chuv”lashib kutardigu, uning paykallar aralash boshimiz ustidan sepib o‘tgan dorisining achchiq hididan bo‘g‘ilib, bor bo‘yimiz bilan yiqilardik... Qor-yomg‘ir balchigan paykallardan paxtami yo hashakmi-yey, terardik. Muhimi, reja to‘lsa, bas. Bajarmasak, brigadir amakining xivichi “yomon”ligini yaxshi bilardik.
Qaysiki, sovuq chillali kunlarning birida egatlarda yurolmay, uch-to‘rt qizaloq o‘zaro kelishishib, “oltin dalalar”dan qochdik. Afsuski, zahkashning muzlagan suvlaridan kechib o‘tolmay, muzli suvga ag‘andik. Shundayam bizni “qo‘lga tushirgan” muallimimiz bizni shunday ahvolda yana paxta dalasiga qaytardi. Yetmagandek talabchan o‘qituvchimizning “qonuni” brigadir amakining xivichidan ham o‘tib tushdi. O‘sha kuni issiq choyu karam sho‘rvadan ham mahrum etildik.
“Bolaligim-gulbahor”
Har kuni sudralib-chayqalib “Bolaligim-gulbahor” qo‘shig‘ini o‘qituvchimizdan cho‘chib, ko‘zlarda yosh bilan kuylab, tun qorong‘usida uyga qaytardik, 10 yoshli o‘g‘ilu-qizlar...
...Ammo, har qanday og‘ir mehnatu, qiyin sharoitlarga qaramay, o‘qishga, kitob bilan do‘stlashishga doimo harakat qilardik. Yetuk ilm sohibi bo‘lib, orzu-istaklarimizga erishish, shu jon olguvchi dalalarda tosh qotib qolmaslik ilinjida bo‘lardik.
Shukurkim, bugun yaxshi davronlar, yangi zamonlar keldi. Intilish, izlanishlar ortidan samalarga erishildi.
Bugun esa yaratib qo‘yilgan shunday sharoitu, imkoniyatlar cheksiz chog‘da ham fikrlashda ojiz, bilimga bepisand, ilmga chanqoq bo‘lmagan yoshlarni ko‘rib, har daqiqasi oltinga teng vaqtlarini bekorga o‘tkazishayotganiga achinib ketasan odam. To‘g‘ri, maqtasa ilmid faxrlansa, arzigulik yoshlarimiz ham talay. Bulardan ko‘z yumib o‘tolmaymiz. Ammo, hududlar kesimida olinadigan bo‘lsa, ular barmoq bilan sanarli. Nega, nima uchun shunday?! Balki, mashaqqatli mehnatning, og‘ir sinovlarning yo‘qligidir, deydiganlar ham yo‘q emas. Qaysiki, bugungi yoshlarimiz og‘ir mehnat ortidan keladigan shirin oromu barakaning qandayligini tasavvur ham qilisholmas. Balki, maktablarda ta’lim-tarbiya masalasi susaygandir va yoki yoshlarning o‘zi yengil-yelpi hayotga o‘rganib, ilmga intilmay qo‘yishdimi?
Maktabda pul sanashni o‘rganish uchun kelayotgan bolalar
Tolib Hamroyev, o‘qituvchi (Romitan):
“Yaqinda 3-sinf o‘quvchisidan nega tayyorgarliklaring buncha sust, biroz harakat qilsang bo‘lmaydimi, deb so‘rasam, u bemalol, “Ota-onam pul sanashni o‘rgansang bo‘ldi, deb aytishdi”,-dedi. Xo‘sh, bunga nima deysiz? Necha yillik tajribaga egamiz. Qancha-qancha shogirdlar yetishtirdik, ularning orasidan yetuk kasb egalari yetishib chiqishdi. Nega endi bolalarning ta’lim-tarbiyasini bugun susaytirishimiz kerak?! Bolalar tomonidan bilim olishga intilish ancha sust. Yuqorida aytib o‘tganimdek, faqatgina pul sanashni o‘rganish uchun maktabga kelayotgan o‘quvchidan kelajakda nimani kutish mumkin?”
Malika Doniyeva, o‘qituvchi (Kogon shahri):
“Maktabda bolaning bilim egallashi uchun ota-onaning ham roli juda katta. Bola uyga qaytgach, ota-ona uning muallimi hisoblanadi. Darslarida ko‘maklashib, uy vazifalarini bajarayotgan chog‘da qattiqqo‘l bo‘lib turishi kerak. Bunda ota-onasining ta’sirini sezmagan bola il olish sari intilmaydi.
O‘zi bilimg tashna bo‘lsa-da, fikrida: “Shu narsa menga zarurmi yoki kerakmi?!” –degan tushunchaga keladi. Biz maktabda faqat ta’lim beribgina qolmay, uning tarbiyasi bilan ham shug‘ullanganimizdek, ota-ona ham farzandining ta’limi borasida juda puxta e’tibor qaratishi kerak”.
Mirxon Abdulov, o‘quvchi (Buxoro shahri):
“Hozir ko‘pchilik joylarda maktablarda ta’lim jarayoni ancha orqaga chekingan, deb eshitib qolaman. Yo‘q. Men o‘zim tahsil olayotgan maktabdagi ta’lim uslubidan kelib chiqqan holda aytmoqchiman, ilmga layoqatsizlik o‘quvchining o‘zidan ham. Uyida yaxshigina sharoitga ega, cho‘ntagida otasining pulini qappaytirib, o‘zini ko‘rsatish uchun maktabga kelayotgan tengqurlarim ham ko‘paygan anchagina. Ular nega maktabga kelib-ketishayotganining sababini, hatto, o‘zlari ham bilishmaydi. Sinfdoshlarimning ko‘pchiligi hali qaysi kasb etagidan tutishni belgilab ham olishmagan. O‘qituvchilarimiz esa har doim o‘qing, o‘qigan hech qachon aro yo‘lda qolmaydi, deya ko‘p ta’kidlashadi. Ba’zi bir havoyi tengqurlarim esa shu gapning ma’nosini chaqib ko‘rish uchun boshham qotirishmaydi. Aytmoqchimanki, ta’lim berish emas, ilm o‘rganishga talpinish susaygan”.
Cho‘ntak “yursa” ham, kalla qotib qolmas...
Biz keksa o‘qituvchi va ayrim o‘quvchilarning fikri bilan qiziqdik. 87 yoshli Hakima aya Qurbonovani suhbatga chorladik:
“Yoshlarning hozir qorni to‘q, usti but. Kimsan, falonchi tijoratchining yohud, pismadonchi akaning bolasiman, deyishadi. Unga o‘qish nega kerak?! Naridan-beri maktabni tugatib olsa, qolganiga o‘zi emas, cho‘ntagi yuraveradi, deyishadi tap tortishmay. Xo‘sh, cho‘ntak “yursa” ham, kalla qotib qolmas, axir. Uquvsiz, hech qanday bilimga ega bo‘lmagan bosh bilan qaysi eshikka, qachongacha sig‘adi?! Ochig‘i, hozirgi zamonda juda yelgil-yelpi hayotga o‘rganib qolib, mehnatning jabrini tortmagan, qiyinchilik ko‘rmagan yoshlar o‘qishga qiziqmay qo‘yishdi. Bu bilan bugungi kun bolalari ham jismoniy mehnat qilishsin, biz kabi dalalardan ko‘karishsin, demoqchimasman. Faqatgina shu kunlarning qadriga yetishsin, xolos...”
Jamila Murodova, o‘qituvchi (Romitan):
“Rahmatli ota-onam ocharchilik, yo‘qchilik davrida o‘n bolani tarbiyalab, tishida tishlab, voyaga yetkazdi. Burda nonga zor bo‘lsak ham birovning qo‘liga qarab turmadik. Dalalardan, kesak ustidan rizqu-nasiba topdik. Qornimiz och bo‘lsa ham kitob sotib olib, o‘zimiz ko‘rib turgan og‘ir damlarni yorug‘ kunlar bilan alishlash ilinjida ziyoga talpinib yashadik. Shukurkim, bu kunlar chindan ham biz kutgan damlardan ming chandon ortiq imkoniyatlar yaratdi. Lekin, bugungi yoshlarimiz shu kunlar qadrini anglosholmayapti. Nasihatim, tinch, ozod, ilm dargohlari to‘qlikka sho‘xlik qilmay, ilmga intilib yashashsin. Zero, bilimda gap ko‘p. Undan hech qachon hech kim kam bo‘lmagan”.
***
Yana bolalikning mas’um, sertashvish onlariga qaytamiz. Ko‘z o‘ngimizda yelkasiga zil-zambil paxta ortilgan, yuz-ko‘zlari chang, yomg‘iru-qordan balchigan paykallar aro ivib ketgan kalishda quyosh qaytayotganda ham dalalarda sarosar kezayotgan bolaligimiz gavdalanadi. U kunlarni ham sog‘inch, ham ko‘zda yosh bilan eslab, imkoniyatlari keng shu davronlarning yorug‘ ostonalarida tongdan shomgacha kitob o‘qigimiz keladi...
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter