Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Chirchiqlik manyak». Jinoyatlarni yashirgan IIB xodimlari javobgarlikka tortildi

«Chirchiqlik manyak». Jinoyatlarni yashirgan IIB xodimlari javobgarlikka tortildi

Foto: Xabar.uz

Sodir etilgan jinoyatlarni qasddan yashirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashib bo‘lmasligi aniq. Aksincha, bu hol jinoyatchilik badtar oshib ketishiga sabab bo‘ladi. O‘tgan hafta Senatda hisobot bergan mamlakat Bosh prokurorining ma’ruzasida keltirilgan raqamlar buni yana bir karra tasdiqladi.

Aytilishicha, 2019-yilda sodir etilgan jinoyatlarni qayd etmay, qasddan yashirganlik holati bo‘yicha 25 nafar ichki ishlar xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 21 nafari sud tartibida javobgarlikka tortilgan.

Bedarak yo‘qolgan fuqarolarga oid masala esa judayam og‘riqli. 2019-yilning birinchi yarimida fuqarolarning bedarak yo‘qolganligi fakti bo‘yicha 7 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, yilning keyingi olti oyida bu miqdor 8 barobarga ko‘payib, 54 tani tashkil etgan. Ularning beshtasi fosh qilingan, achinarlisi, beshalasi ham qotillik jinoyati ekani aniqlangan.

Bosh prokuror o‘z ma’ruzasida bundan ham ayanchli faktlarni keltiradi.

Ya’nikim, 2006-yilda chirchiqlik fuqaro Qamchiqboyeva tanishi Husainovga qarzga bergan 300 AQSh dollarni so‘rab borganida qarzdor tomonidan o‘ldirib yuboriladi. Shundan keyin ayolni qidirib uning ukasi, so‘ng onasi Husainovning oldiga keladi va ular ham qotillik qurboniga aylanadi (keyinchalik qotil har uchala qurbonining jasadini Chirchiq daryosiga tashlab yuborgani aniqlanadi).

Hamma balo shundaki, bir oilaning uch a’zosi yo‘qolgani haqida ularning yaqinlari bergan arizasi Chirchiq shahar IIBda qayd qilinmay, yo‘q qilib yuborilgan! Yaqqol ko‘rinib turgan qotillik yuzasidan 13 yil davomida tekshiruv va qidiruv ishlari sansalorlikka solib kelingani oqibatida Husainov o‘tgan vaqt davomida yana uchta fuqaroning umriga zomin bo‘lishga, shuningdek, voyaga yetmagan bir qizning nomusini toptashga ulguradi.

«Agarda Xusainovning birinchi jinoyati o‘z vaqtida fosh etilganida edi, uch nafar fuqaro qotillik qurboniga, yosh qizcha esa jabrlanuvchiga aylanmagan bo‘lardi», deydi Bosh prokuror.

Qotil sodir etgan jinoyatlari uchun umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring