Caudiya Isroil–Falastin tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi

Saudiya Arabistoni podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud raisligidagi Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Falastindagi vaziyatga e’tibor qaratildi.
Keyingi vaqtlarda Falastinda tinch aholi vakillarining qurbon bo‘lishi ko‘p kuzatilmoqda. Avvalroq Falastin bosh vaziri Muhammad Ishtiyya 2022 yil davomida Isroil kuchlari tomonidan 220 nafar falastinlik o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.
SPA agentligi xabariga ko‘ra, Caudiya hukumati Isroil hamda Falastin o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta boshlash lozimligini ta’kidlagani holda, xalqaro hamjamiyatni Isroilning hujumlarini to‘xtatish, okkupatsiyaga barham berish va falastinliklarni himoya qilishda faollik ko‘rsatishga da’vat qilgan.
Yaqinda Daniyaning o‘ta o‘ng qanot ekstremistik partiyasi rahbari Rasmus Paludan avval Stokholm, so‘ng Kopenhagen shahrida musulmonlarning muqaddas kitobi – Qur’on nusxasini yoqib yubordi.
Avvalroq ekstremistning bu qilmishini Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi qat’iy ravishda qoralab, muloqot, bag‘rikenglik, totuvlik kabi qadriyatlarni muhofaza etishda sobit ekanini e’lon qilgan edi.
Saudiya Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida ham Yevropa mamlakatlari poytaxtlarida Qur’oni karimning yoqilishi keskin tanqid qilingan. Rasmiy Riyozga ko‘ra, nomaqbul aksiyalar o‘tkazilgan mamlakatlar hukumatlari dunyodagi millionlab musulmonlarning e’tiqodiga hurmatsizlik qilinayotgandan ogoh bo‘lmog‘i lozim.
Ma’lumot o‘rnida, Saudiya Arabistoni hukumatining ushbu yig‘ilishida O‘zbekiston energetika va oliy ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikka doir bitimlar ham tasdiqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter